MYuning inqirozida kim aybdor?
«Qizil iblislar» mana bir necha oydirki, muammolar girdobida qolib ketgan, biroq bunda kim aybdor: Mourino, Vudvord, Gleyzerlar oilasi yoki futbolchilar?
«Manchester Yunayted» so‘nggi olti haftadan beri ichki nizolarga ko‘milib qolmoqda. Joze Mourino shogirdlari Los Anjelesga mavsumoldi yig‘inni o‘tkazish uchun kelganidan beri uning «jag‘i» tinmayapti.
Bu nizolar davom etarkan, bu jamoaning o‘yiniga ham salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda, deyishimiz mumkin. MYu Premer Liganing so‘nggi turida «Brayton»ga kutilmaganda mag‘lub bo‘ldi.
Xo‘sh, muammoning asosiy tarafdorlari kimlar? Quyida shu haqida tahlil qilamiz.
Joze Mourino
Mourino klubga 2016-yilda kelganida uning xarakteristikasi qanday bo‘lishi noma’lum edi. Har qanday holatda ham g‘olib bo‘lish ruxiyatiga ega portugaliyalik murabbiy klub raxbariyati tomonidan iliq kutib olingandi.
Uning raqib murabbiylari va rasmiylariga dahanaki jang qilishi, Tito Vilanovaning ko‘ziga qo‘lini tiqib olishi va boshqa ko‘plab «xurmacha qiliqlari» tufayli u «Real» va «Chelsi»dagi sobiq shogirdlarining ishonchini ham yo‘qotgan.
Uning «Orzular teatri»dagi faoliyati ham shunday muammolar bilan davom etmoqda. U jamoatchilik oldida Lyuk Shouni «er bilan yakson qildi». Mxitaryan va Marsyallarni obro‘sini to‘kdi, klub etakchisi Pogba bilan ham ziddiyatga bordi. Mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun klub akademiyasi yoshlarini o‘zi bilan olib ketdi va darhol «... ular mening futbolchilarim emas» dedi.
Uning futbolga yondashuvi ba’zan chegara bilmaydi. Uning o‘tgan mavsumda «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda himoyaviy uslubni tanlashi klub muxlislarining unga bo‘lgan ixlosini kamaytirdi.
Ed Vudvord
Ed Vudvord 2013-yilda klubni Devid Jill va afsonaviy murabbiy Ser Aleks Fergyuson tark etganidan keyin klub boshqaruvi vazifasiga kirishdi.
Sobiq hisobchi o‘shandan beri 80 ta muhim hamkorliklarni amalga oshirdi. Klubga bir qator iste’dodlarni olib kelishga muvaffaq bo‘ldi.
Gleyzerlar 2005-yilda klubni sotib olayotganida asosiy maslahatchi bo‘lgan mutaxassi biznes operatsiyalarida ajoyib tajribaga ega bo‘lsada, uning Mourino bilan til topishish juda qiyin bo‘lmoqda.
Uning bu yozda transfer bozorida faollik ko‘rsatmayotgani Mourino bilan oralari buzilishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.
Gleyzerlar oilasi
«Manchester Yunayted» tarixiga 2005-yilda Gleyzerlar oilasining kirib kelishi muhim epizodlardan biri bo‘lgandi. Gleyzerlar MYu ni o‘shandan boshlab dunyoning eng qimmat futbol klubiga aylantirdi. Fergyusson esa ko‘pincha Gleyzerlarning klubdagi rolini doim himoya qilib chiqdi. Bu esa uning iste’fosigacha davom etdi.
Ular tomonidan Vudvordning ijrochi direktor etib tayinlanishi klubni moliyaviy tomonlarini yangi pog‘onaga olib chiqishiga sabab bo‘ldi. Biroq jamoaning o‘yini sport nuqtayi nazaridan pastga qarab sho‘ng‘ishi tufayli klub muxlislari orasida ularga qarshi nafrat kuchayib borishiga sababchi bo‘lmoqda.
Futbolchilar
Parda ortidagi sabablar bilan birga jamoa vakillarining ko‘rsatayotgan o‘yini ham qisman muammolarning bir ko‘rinishi. «Brayton»dan uchralgan mag‘lubiyatda ham tarkibning o‘tgan mavsmdagi o‘yini hamon o‘zgarmaganini ko‘rsatdi.
Boz ustiga dunyoning sobiq eng qimmat futbolchisi Pogba tomon tanqidlar yomg‘iri uchmoqda. Bunga uning Mundialda Frantsiya tarkibida «jonini jabborga berib o‘ynagani», buni klubda qilmayotgani masalani chigallashtirmoqda.
Muxlislarda esa savollar har doimgidek to‘lib yotibdi. Nega Marsyal asosiy tarkibda emas? Nega De Xea yarim himoyachilarga uzatma oshirishda qiynalmoqda? Nega Pogba juda jo‘n uzatmalarni amalga oshirmoqda? Bu kabi savollarga javob hozircha topilmayapti.
Mavsum endi boshlandi, biroq klub qimmatli ochkolarni yo‘qotishni boshladi. Klubning barcha vakillari tezroq bu masalaga echim qidirib topishlari shart.

Fikrlar