
"Manchester Yunayted" tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar. Top-8
"MYu" Angliya kubogi 1/8 finalida "Reding"ga qarshi bahs olib borib, 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. E’tiborlisi o‘yindagi dastlabki golni Ueyn Runi kiritdi. Bu uning "qizil iblislar" safidagi 249-goli edi va bu borada ser Bobbi Charltonga etib oldi. Shu munosabat bilan biz e’tiborimizni "Yunayted" tarixidagi eng yaxshi to‘purarlarga qaratdik.
8. Rayan Giggz - 168 ta gol
"MYu" tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan Giggz to‘purarlik borasida ham yaxshi natijalarga erishgan. Uelslik sobiq "iblis" 168 bor raqiblar darvozashni ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘lgan. Rayan "Manchester Yunayted" safidagi ilk golini Manchester derbisida kiritgani diqqatga sazovor. Bundan tashqari esa Giggz APLda sheriklarini eng ko‘p golli uzatma bilan ta’minlagan futbolchi hamdir.
7. Jo Spens - 168
To‘liq ismi Jonatan Uolter Spens bo‘lgan marxum futbolchi "MYu" safida 1919-1933 yillar oralig‘ida to‘p surgan bo‘lib, "iblislar" tarixida muqim o‘rin egallagan shaxslardan biridir. "Yunayted"dagi 14 yilda Spens raqiblar darvozasiga 168 bor yo‘l topgan. Faoliyatining qolgan qismini "Bredford Siti" va "Chester"da o‘tkazgan "Mr Soccer" (futbolchining laqabi, muallif) 1966 yilning so‘nggi kuni vafot etgan.
5-6. Jorj Best - 179
Shimoliy Irlandiya futboli tarixidagi eng mashxur insonlardan biri aynan Bestdir. "MYu" safida 17 yoshligidayoq debyut qilgan Best jamoa safida 470 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazgan va 179 ta gol kiritgan. 1968 yil "Yunayted" safida EChKda g‘olib chiqqan marxum futbolchi yil yakunida "Oltin to‘p"ni o‘ziniki qilgan edi.
5-6. Dennis Vayollet - 179
Vayollet ham "MYu" tarixida chuqur "ildiz" qoldirgan futbolchilardan biridir. "Basbi bolalari" deb nom olgan engilmas jamoada Vayollet, Tommi Teylor bilan hujumda ajoyib juftlik hosil qilgan. Dennisning "qizil iblislar" safida kiritgan gollari soni Jorj Bestniki bilan bir xil - 179.
3. Denis Lou - 237
"Manchester Yunayted" Louni 1962 yil 115 ming funtga sotib olgan. Bu o‘sha vaqtlarda Britan futbolidagi rekord summa edi, biroq "qizil iblislar" uchun ushbu transfer juda omadli bo‘lgan deyish mumkin. Lou "MYu" bilan ikki bor Angliya chempioni bo‘lgan bo‘lsa, Angliya kubogi hamda EChKni bir bor boshi uzra baland ko‘tarishga erishadi. Ushbu klubdagi 11 yil davomida shotlandiyalik charm to‘p ustasi 404 uchrashuvda 237 ta gol kiritadi va "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ladi.
1-2. Bobbi Charlton - 249
Ser Bobbi haqida ko‘pchilik eshitgan bo‘lishi mumkin, biroq u haqida batafsilroq ma’lumotga ega bo‘lmasa kerak. Charlton "Myunxen fojeasi"dan omon qolganlardan biridir. Faoliyatining 19 yilini "Yunayted"ga bahshida etgan ser Bobbi udallab bo‘lmas rekordlarni o‘rnatib ketgandek edi. Jumladan jamoa gvardiyachilari reytingida ham etakchilikni ma’lum muddat hech kimga bermay kelayotgan edi. Biroq 2008 yil Rayan Giggz bu rekordni "qulatdi". Endi esa uning to‘purarlik bobidagi rekordini Runi "ag‘darishga" yaqin turibdi.
1-2. Ueyn Runi - 249
"MYu" 2004 yil Runi uchun 25,6 mln funt to‘lab, uni harid qilgan edi. "Old Trafford"dagi 13 yilda Runi jamoa bilan 14 ta sovrinni qo‘lga kiritishga erishdi. Agarda uning "qizil iblislar" safidagi gollarini tahlil etadigan bo‘lsak, "shrek" 192 ta golni o‘ng oyoqda, 27 tasini chap oyoqda, qolgan 30 tasini esa bosh bilan kiritganini ko‘rishimiz mumkin. Aytgancha, 249 golning bor-yo‘g‘i 26 tasi penaltidan kiritilgan.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar