“Metallurg” yangi mavsumda qanday karomat ko‘rsatarkin?

  • 27.02.2019 21:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘tgan haftada PFL tomonidan bir qator klublarni talablarni vaqtida bajarmayotganligi uchun tanqid qilib chiqqandi. O‘sha klublardan biri esa “Metallurg” jamoasi hisoblanadi. Ammo aytish joizki, bekobodliklar yangi mavsum uchun tayyorgarlik ishlarini har tomonlama olib borishayotgani yuzasidan oldin bir necha bor xabar qilingandi. Biroq PFL ushbu klubni ham tanqid qilgan bo‘lsa, demak, ishlar hali to‘liq yakuniga etmagan. Xo‘sh, ayni paytga kelib u erda ishlar qanday davom etmoqda? Qolaversa, jamoa tarkibi ham bir muncha o‘zgardi. Yaqinda Turkiyada shug‘ullanib qaytishdi. Ayniqsa, Osiyoning ikki karra eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgan futbolchi Server Jeparovning “Metallurg” safiga o‘tishi klub imidjining oshishiga xizmat qilishi aniq. Har xolda bunday futbolchini Bekobod klubida to‘p surishga ko‘ndirish ham oson kechmagandir. “Metallurg” klubi bosh direktori Abduqahhor Ma’rufaliev esa stadion va akademiya holati, shuningdek, tarkibdagi o‘zgarishlar kabi masalalarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Talablarning bajarilayotgani

Avvalambor, barchani yangi boshlanayotgan futbol mavsumi bilan tabriklayman. Biz ham katta niyatlar bilan yangi chempionatga qizg‘in tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Stadionimiz qaytadan rekonstruktsiya qilinyapti. Yana to‘rt mingta o‘rindiq yangilandi. Bundan tashqari, maydonimizga sug‘orish moslamasi ham o‘rnatildi. “Metallurg” ishtirokidagi o‘yinlari televidenieda translyatsiya qilish uchun ham ularga alohida sharoitlar yaratildi. Stadion yoritgichlarini ham yangiladik. Shuningdek, Bekobod hokimligi tomonidan klubimizga alohida er ajratilgan. U erda jamoamiz uchun ikkita mashg‘ulot maydonini barpo qilyapmiz. Klubimiz homiysi tomonidan akademiya uchun alohida yotoqxona ham ajratilgan. Ayni paytda u erda ham ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Litsenziyalash ishlarini ham bajardik. Ko‘z tegmasin, bizda ishlar yaxshi ketmoqda. Endi 21 fevral kuni PFLdan maxsus komissiya kelib stadion va klubda qilingan ishlarni yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazishadi.

Akademiya masalasi

Bekobodda bolalar futbol maktabi bor. U erda 220 nafar bola 14 ta murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanadi. Endi uni futbol akademiyasiga aylantirganimizdan keyin atrofdan yanada iqtidorli bolalarni izlab topib, jalb etamiz. Toshkent, Sirdaryo, Angren va yana boshqa hududlardan bolalarni yig‘ib kelamiz. Maqsadimiz o‘zimizdan ham iqtidorli yoshlarni etishtirish va bu orqali terma jamoalarimizga ham munosib nomzodlarni etkazib berishdir.

Tayyorgarlik

Jamoamizning yangi mavsumga tayyorgarligidan qoniqish hosil qildik. Xabaringiz bor, “Metallurg” Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdi. Biz ham 9 kun davomida jamoa bilan o‘sha erda bo‘ldik. Tarkibimizga ham yaxshi futbolchilarni oldik. Masalan, “Paxtakor”dan 3-4 nafar o‘yinchilarni qo‘shib oldik. Server Jeparov, Kamoliddin Tojiev kabi futbolchilar orqali stadionimizga yanada ko‘proq muxlislarni jalb qilmoqchimiz. Baribir ular tajribali futbolchilar va ishqibozlar o‘yinlarini ko‘rish uchun ham kelishadi. Shu orqali marketing ishimizni ham rivojlantirmoqchimiz. Yigitlarimiz mashg‘ulotlarda astoydil shug‘ullanishyapti.

Jamoa oldiga qo‘yilgan maqsad

Jamoa oldiga maqsad qo‘yilgan. O‘tgan yili 5-o‘rinni egallagandik. Bu yil esa eng kamida o‘sha natijamizdan pastga tushmasligimiz kerak. Ko‘rgan bo‘lsangiz, tarkibimizga ham yaxshi o‘yinchilarni oldik. Shunday ekan, maqsadimiz ham shunga yarasha yuqori bo‘ladi.

Jeparov qanday kelib qoldi?

Jeparovni “Metallurg”ga o‘tishining sababiga kelsak, bosh murabbiyimiz Andrey Shipilov o‘z vaqtida u bilan “Paxtakor”da birga ishlashgan. Natijada murabbiyning futbolchi bilan til topishishi oson kechdi. Ammo Serverning oldida Eron, Janubiy Koreya va yana boshqa mamlakatlardan takliflari bo‘lgan ekan. Ammo unga “Metallurg”ning maqsad va rejalari to‘laqonli tushuntirilganidan so‘ng bizning taklifimizga rozi bo‘ldi. Jeparovning “Metallurg”da o‘tishi murabbiyimiz katta rol o‘ynadi.

To‘g‘ri, Server Jeparov Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi va u qimmat o‘yinchi hisoblanadi. Biroq sizga shuni aniq ayta olamanki, Server bizga u qadar qimmat narxga tushgani yo‘q. Boya aytganimdek, murabbiy Jeparovning olib kelinishida katta ishni bajardi. Shuningdek, biz ham unga o‘z rejalarimizni tushuntirdik. Jeparov orqali marketing ishimizni yanada rivojlantirmoqchimiz. Balki kelajakda jamoamizda yordamchi murabbiy bo‘lib ham ishlab qolar. Xullas, biz ushbu o‘yinchidan keng miqyosida foydalanmoqchimiz.

Birgina legioner

Faqat bitta legionerni oldik. Bungacha Rossiya va Finlyandiya chempionatida to‘p surgan Sergey Tumasyanni olib keldik. U 29 yoshda, hujum chizig‘ida o‘ynaydi. Tumasyanning harakatlari bizga ma’qul kelgani bois 1+1 ko‘rinishida shartnoma tuzdik. Aslida legioner masalasi juda nozik. Xorijdan o‘yinchi olib kelmoqchi bo‘lsak, o‘zimiznikilardan kuchli bo‘lgan legionerni olib kelish talab qilinadi. Buning ustiga yaxshi legioner qimmat turadi. Undan ko‘ra o‘zimizning mahalliy yoshlarga ko‘proq e’tibor berib, o‘shalarni o‘ynatmoqchimiz. Shuning uchun faqat bitta legioner bilan kifoyalandik. O‘z vaqtida porlagan futbolchi Andrey Akopyantsni muxlislarimiz yaxshi bilishadi. To‘g‘risi, Sergey Tumasyanni bizga aynan Akopyants tavsiya qildi. Bilishimcha, Rostovda ular birga ishlashgan ekan. Aytmoqchimanki, bu legionerning kelishi o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q.

Bahrom Abdurahimovga ham “Metallurg”ga o‘tadimi?

Umuman olganda, selektsiya ishlaridan qoniqdik. Faqat yana bitta ishimiz qoldi. Agarda o‘zimiz xohlayotgan o‘yinchini ham qo‘lga kirita olsak, selektsiyadan to‘liq qoniqqan bo‘lardik. Sizga rostini aytsam, biz “Paxtakor”dagi Bahrom Abdurahimov bilan gaplashyapmiz. Aslida biz ushbu futbolchi bilan kelishib ham qo‘ygandik. Ammo “Paxtakor”da ikkita o‘yinchi jarohat olgani sababli Bahromni o‘zlarida ushlab turishibdi. Agarda “Paxtakor” uni qo‘yib yuboradigan bo‘lsa, darhol safimizga qo‘shib olamiz. Aslida esa Abdurahimov jamoamizga Turkiyadan qaytib kelganimizdan keyinoq qo‘shilishi kerak edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!