“Milan” tarixidagi qimmatbaho transferlar. Top-5
Italiyaning “Milan” jamoasi Evropa futbolidagi grand jamoalardan biri sanaladi. Biroq “rossonerilar” so‘nggi yillarda o‘zlarining beqaror o‘yinlari bilan o‘z muxlislarini ranjitib qo‘ymoqda. Klub bu yil o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ydi va buning uchun birinchi navbatda tarkibga kuchli va yangi futbolchilarni jalb etishni boshladi. Jumladan, “Benfika”dan Andre Silva taaklif etildi. Andreni “San Siro”ga olib kelish uchun klubning xitoylik egalari 38 mln evro sarf etishdi. Ko‘pchilik jamoalar uchun bu “sariq chaqa”ga teng bo‘lsa, bu transfer “Milan” tarixidagi eng qimmatbaho transferlardan biriga aylandi. Quyida shu munosabati bilan “rossonerilar” tarixidagi eng qimmat transferlar beshligi bilan sizlarni tanishtirishga qaror qildik.
5. Karlos Bakka – 30 mln evro

Karlos Bakkaning “Sevilya”dagi ajoyib o‘yinlari sabab jamoaga taklif etishgan edi. Andalusiya klubi safida ikki mavsum davomida 49 ta gol kiritgan Bakka uchun “rossonerilar” 2015 yil 30 mln evro to‘lagan edi. Biroq o‘tgan ikki yil davomida Bakka o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish eta olmadi. O‘tgan ikki mavsumda bor yo‘g‘i 34 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
4. Alessandro Nesta – 30,5 mln evro

Professional faoliyatini 16 yoshida boshlagan Nesta, “Latsio” klubi tarbiyalanuvchisi sanaladi. “Burgutlar” safidagi 9 yillik faoliyatidan so‘ng, 2002 yilda “Milan” safiga ko‘chib o‘tadi. Albatta, o‘sha vaqtda himoyachi uchun 30 mln evro juda katta summa sanalar edi. “Rossonerilar” safidagi 10 mavsum davomida 324 bahsda maydonga tushgan.
3. Filippo Inzagi – 37 mln evro

2001 yil “Milan” 28 yoshli Inzagi uchun “Yuventus”ga 37 mln evro to‘lagan edi. Qayd etish joiz, “Pippogol” laqabiga loyiq ko‘rilgan hujumchi “Milan” safida 11 mavsum to‘p surdi va 126 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
2. Andre Silva – 38 mln evro

Bundan rosa 11 kun kun ilgari Andre Silva “Milan” futbolchisi sifatida tanishtirildi. Xitoylik rahbarlar klubni bu yozda ancha kuchaytirishga erishdilar. Buning uchun ular katta-katta transferlarni ham amalga oshirishdi. Jumadan, portugaliyalik futbolchi 38 mln evroga “Portu”dan sotib olindi. Portugal klubi turli bonuslar sifatida yana ikki mln evroga ham ega chiqishi mumkinligini aytish joiz. Ko‘ramiz, 9-raqam egasi “Milan” afsonalari to‘p surgan bu raqamga munosib bo‘la olarmikan?
1. Ruy Koshta – 42 mln evro

Yana bir portugaliyalik futbolchi. Koshta uchun 2001 yilda “Milan” “Fiorentina”ga 42 mln evro to‘laydi. Qayd etish joiz, shunday buyon mana oradan 16 yil o‘tib, shu summaga yaqin transfer amalga oshirildi. Biroq Koshta 42 mlnga arzigulik ish qilgan degan fikrdan yiroqman. Boisi, hujumkor yarim himoyachi uchun 5 yilda 11 ta to‘p kamlik qiladi.
Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar