Navoiyda yakkakurash ustalari ishtirokida superjanglar bo‘ldi
Navoiy shahrida qo‘l jangi bo‘yicha Professional liga M2 FIGHT xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston, Rossiya va Moldovaning eng kuchli professional sportchilari g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.
Xalqaro turnirda 75 kilogramm vazn toifasida o‘tkazilgan bellashuvdaikki karra O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi buxorolik Jahongir Jumaev Rossiya chempioni va Evropa chempionati sovrindori Maksim Efremenkoni mag‘lubiyatga uchratdi.
Vazni 85 kilogramm bo‘lgan jang uchtalari bellashuvida uch karra O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi toshkentlik Behzod Nurmatov Moldova chempioni, Evropa chempionati sovrindori Denis Tomuzdan ustun keldi.
Turnirning eng keskin va murosasiz bellashuvlari eng og‘ir vazn - og‘irligi 90 kilogrammdan og‘ir jang ustalari o‘rtasida bo‘ldi. Unda Toshkent viloyati vakili - Ilyos Raimov moldovalik Evropa chempionati sovrindori Aleksandr Lyax ustidan zafar quchib, muxlislarini xushnud etdi.
Musobaqada 65 kilogramm vazn toifasida qatnashgan mezbon sportchi Jamshid Begmatov rossiyalik jahon chempioni sovrindori Renat Bulikinga yutqazib qo‘ydi.
Og‘irligi 80 kilogramm bo‘lgan jang ustalari bahsida ikki karra jahon, Evropa va Rossiya chempioni Nurmagamed Beslaneev hamyurtimiz Odil Sirojiddinovdan ustun keldi.

Fikrlar