
Nokautchi Shohjahon qachon ringga chiqadi?
Professional boksda ketma-ket nokautlari bilan muxlislarini xushnud etib kelayotgan iste’dodli bokschimiz Shohjahon Ergashevning janglari doimo katta qiziqish bilan kutilmoqda.
Ko‘pincha, bu bokschimizning qachon va kimga qarshi jang o‘tkazishi haqida aniq ma’lumot olish murakkab masala bo‘lib qolayotir. Ayrim internet saytlarida Shohjahon Ergashev qachon jang o‘tkazishi haqida xabarlar e’lon qilinmoqda, lekin amalda bu o‘z tasdig‘ini topmayapti.
SPORTS.uz axborot portali vaziyatga oydinlik kiritish uchun Shohjahon Ergashev bilan bog‘landi.
- Shohjahon salomatliklar yaxshimi va ayni paytda nima bilan bandsiz?
- Assalomu alaykum. Salomatligim joyida. Ayni paytda Toshkentda ustozim Xursanali Majidov boshchiligida mashg‘ulot o‘tkazyapman. Asosan uzoq masofaga yugurish, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari va sparring janglari o‘tkazilyapti. So‘nggi janglarga meni aynan Xursanali akam tayyorlamoqda.
- Keyingi paytda qachon va kim bilan jang o‘tkazishingiz borasida turli xabarlar tarqalmoqda, lekin amalda bunday bo‘lmayapti. Buni qanday izohlaysiz?
- To‘g‘risi mening faoliyatimda bunaqasi tez-tez uchrayotganidan o‘zim ham xijolatman. Professional boksda jang tashkil qilish hamisha ham ko‘ngildagidek bo‘lavermaydi. Men-ku mayli, hatto Menni Pakyaodek professional boks yulduzi ham o‘zishga munosib raqib topish uchun ancha kutishiga to‘g‘ri keldi. Uning bo‘lajak raqibi ham, jang vaqti ham bir necha marotaba o‘zgardi. Professional boksda bu odatiy holga aylanib bormoqda.
O‘zim bir necha kuchli bokschini jangga taklif qildim. Biroq ular hali roziligini bildirgani yo‘q. O‘z navbatida meni ham jangga chaqirishadi. Xususan, oxirgi raqibim Hamza Sempevo ham meni ringga chaqirgan edi.
Odatda, mening janglarimni tashkil qilish menejerim Oleg Bogdanov zimmasiga yuklatilgan. Qaerda bo‘lishimdan qat’iy nazar menejerim men bilan bog‘lanadi va qachon, kimga qarshi hamda qaerda jang qilishimni oldindan aytadi. Afsuski, ba’zi raqiblarim avvaliga jangga rozilik beradi, keyin esa menga qarshi ringga chiqishdan bosh tortadi. Aytganimdek, professional boksda bu oddiy holat. Chunki birgina mag‘lubiyat tufayli bokschining rejalari o‘zgarishi, mashaqqatli tayyorgarligi besamar ketishi, maqsad qilgan sovrinlaridan uzoqlashishi mumkin.
- Shohjahon muxlislar uchun navbatdagi jang qachonligi va raqib kimligi baribir qiziq. Bu bora aniq ma’lumot bormi?
- Bugun menejerim Oleg Bogdanov qo‘ng‘iroq qildi. 3 iyun kuni Rossiyaning Rostov shahrida tashkil etiladigan professional boks kechasi dasturiga mening ishtirokimdagi jang kiritilganini aytdi. Bu titul jangi bo‘ladi. Raqib amerikalik bokschi. Garchi men uning ismini bilsam-da, hozircha buni oshkor qilmayman.
- Shohjahon bo‘lajak jangda omad va g‘alaba tilaymiz.
Fikrlar