O‘zbek bokschilari medallar shodasini qo‘lga kiritdi
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari sakkizta medalni qo‘lga kiritdi.
O‘nta vazn toifasida o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston bokschilari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. ayniqsa, vazni 75 kilogramm bokschilar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashgan Kozimbek Mardonovning janglari muxlisu mutaxassislarga manzur bo‘ldi. Iste’dodli bokschimiz qozog‘istonlik Temirlan Raimqulov, xitoylik Molla Tuoxetikiong, qirg‘izistonlik Azamat Kanibek o‘g‘lini mag‘lub etib finalga chiqdi.
Oltin medal uchun bahsda Kozimbek mezbonlar vakili Ilyos Akmataliev ustidan zafar quchdi.

Og‘ir vazn - 91 kilogrammda ringga chiqqan Sardor Yormuhamedov turnir davobida barcha raqiblari - qirg‘izistonlik Jaksilik Kuzaliev, xitoylik Chen Yunfa va mezbonlarning yana bir vakili Sergey Parenkoni engib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Musobaqa finalida ishtirok etgan Rustamjon Ismoilov kumush, yarim finalgacha etib borgan Nodir Mirzahmedov, Ulug‘bek Komilov, Aliyor Noraliev, Odil Arslonov, Hasanxon Baratov bronza medalga ega bo‘ldi.

Izohlar (0)