
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha Toshkent open turniri start oldi
O‘zbekiston so‘nggi yillarda shaxmat bo‘yicha bir qator nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilib kelmoqda. Yaqinda yakuniga etgan Osiyo chempionatida vakillarimiz umumjamoa hisobida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Oradan biroz vaqt o‘tib esa poytaxtimiz yana bir xalqaro turnir, a’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan O‘zbekistonning birinchi grossmeysteri G.Agzamov XI xalqaro Tashkent open musobaqalarini o‘zida qabul qilmoqda. Bugun ushbu musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etilib, turnirga start berildi.
– O‘zbekistonda shaxmat har doim haoli o‘rtasida ommaviyligi bilan ajralib turgan. Bu tarixdan bizga yaxshi ma’lum. Hozirda ham bu sport turiga e’tibor har doimgidan kuchli. Buning samarasi o‘laroq ko‘plab xalqaro grossmeysterlar etishib chiqmoqda. Ular orasida mamlakatingizning birinchi grossmeysteri Georgiy Agzamov va Rustam Qosimjonovlarni alohida ta’kidlab o‘tmasak bo‘lmaydi. Bu O‘zbekistonda federatsiya tomonidan ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilganini anglatadi. O‘ylaymanki, bu yilgi Toshkent Open turnir yuqori saviyada o‘tadi, – deydi musobaqa bosh hakami Ashot Vardapetyan.
Mazkur musobaqa 2007 yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Hozirgi vaqtga qadar bu musobaqa orqali ko‘plab sportchilarimiz xalqaro sport unvonlari talablarini bajardilar. Xalqaro reytinglarini oshirishga muvaffaq bo‘lmoqdalar. Shuningdek, yosh shaxmatchilarimiz xalqaro grossmeysterlar bilan birgalikda o‘z sport mahoratlarini oshirmoqdalar.
O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Xalqaro shaxmat federatsiyasi, Osiyo shaxmat federatsiyasi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining 2017 yilgi taqvim rejasiga ko‘ra, 1-11 may kunlari Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida bo‘lib o‘tadi.
Bu yilgi musobaqaga o‘zgartirish kiritilgan holda, "A" va "B" guruhlarida tashkil etildi. Turnirning "B" guruhida 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar ishtirok etishi mumkin. Turnirda 15 davlatdan tashrif buyurgan 140 nafar sportchilar ishtirok etmoqda. Mazkur musobaqada ispaniyalik Oleg Korneev, gruziyalik Gagunashvili Merab, ukrainalik Bortnyuk Oleksandr, beloruslik Stupak Krill, qozog‘istonlik Murtas Kajgaleev va Pavel Kottsur, eronlik Pourramezanali Amirezza, ozarbayjonlik Vugar rasulov, armanistonlik Tigran Kotanjian singari taniqli xalqaro grossmeysterlar qatnashadilar.
O‘zbekistonlik sportchilardan Jahongir Vohidov, Nodirbek Abdusattarov, Nodirbek Yoqubboev, Shamsiddin Vohidov, Gulruhbegim Tohirjonova, Sarvinoz Qurbonboeva, Irina Gevorgyan, Humoyun Begmuratov va boshqa yosh iqtidorli shaxmatlchilarimiz yutrimiz sharafini himoya qiladi.
Fikrlar