QAYSI AGENT OBRO‘LIROQ?

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi
 
Hozirgi davrda televidenie ligalarni boqmoqda, ular esa, o‘z navbatida, o‘yinchilarga millionlarni sarflashmoqda. Mana shunday pallada sportchilar va ularning ish beruvchilari o‘rtasida «dallollik» qilish – o‘ta daromadli biznes. Forbes tomonidan e’lon qilingan yangi ro‘yxatda eng obro‘li 40 nafar agentning amaldagi shartnomalari umumiy miqdori 40 milliard dollarga teng ekanligi qayd etilgan. O‘z-o‘zidan, ulush miqdori 1,95 milliard dollarga teng bo‘ladi. 2016 yilgi reyting ko‘rsatkichlariga tayanadigan bo‘lsak, o‘n nafar omadli agentlar o‘z xizmatlari evaziga 550 million dollardan ortiqroq mablag‘ ishlab topishgan. Quyida shunday ishbilarmonlar bilan tanishishingiz mumkin.
 
1. Skott Boras, Boras Corp
 
Sport turi: beysbol
 
Xizmat haqi: 132,29 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 2,2 mlrd. dollar
 
Reyting etakchisi – kaliforniyalik huquqshunos Skott Borasdan MLB (Major League Baseball) klublarining barcha bosh menejerlari qo‘rqishadi, uni juda hurmat qilishadi. Bu shaxsning 60 nafar beysbolchining ishlarini yuritadi. Garchi ushbu sportchilarning nomi sizga hech nimani anglatmasa-da, raqamlar hammasiga oydinlik kiritishi mumkin: Boras Corp kompaniyasining 9 nafar mijozi 100 million dollardan ortiqroqqa baholanuvchi shartnomaga imzo chekishgan, qolgan 13 sportchida bu ko‘rsatkich 80 million dollarni tashkil qiladi.
 
2. Jorje Mendesh, Gestifute International
 
Sport turi: futbol
 
Xizmat haqi: 72,72 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 727,4 mln. dollar
 
Mendesh 30 yoshigacha futbol o‘ynagan, faoliyatini yakunlaganidan keyin esa Kaminya kurort shaharchasidan tungi klub sotib olib, ushbu muassasada didjeylik qildi. Endi yoshi 50da, uning mijozlari ro‘yxatida 91 nafar futbolchining nomi qayd etilgan. Ular orasida «Real» vakillari Krishtianu Ronaldu, Xames Rodriges, shuningdek, «Chelsi» hujumchisi Diego Kosta va boshqa ko‘plab yulduzlar bor.
 
3. Sem va Set Levinsonlar, ACES
 
Sport turi: beysbol
 
Xizmat haqi: 55,38 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 1 mlrd. dollar
 
Aka-uka Levinsonlarning agentlik biznesi so‘nggi o‘n yillikda ancha gurkiradi. Erkin agentga aylangan beysbolchilar bilan shartnoma imzolaydigan Sem va Set 155 («Chikago Kabs»dagi Jon Lester bilan) hamda 138 («Nyu-York Mets»dagi Devid Rayt bilan) millionlik kelishuvga erishishni uddalaganlar.
 
4. Keysi Klouz, Excel Sports Management
 
Sport turi: beysbol
 
Xizmat haqi: 55,11 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 1,2 mlrd. dollar
 
«Nyu-York Yankiz» safida beysbol o‘ynagan Klouzning maydondagi ishlari u qadar muvaffaqiyatli kechmagan. Faoliyatini yakunlagach, IMG agentligining beysbol departamentiga ishga kirdi, so‘ngra Creative Artists Agency kompaniyasida faoliyat yuritdi, 2011 yildan esa Jeff Shvarts (basketbol) hamda Mark Shteynberg (golf)ning hamkoriga aylanib, Excel Sport Management agentligida ishlay boshladi. Uchovlon besh yil ichida o‘z kompaniyalarini jahondagi eng badavlat sport agentliklari reytingining ikkinchi pog‘onsiga olib chiqishdi.
 
5. Jeff Shvarts, Excel Sports Management
 
Sport turi: basketbol
 
Xizmat haqi: 52,11 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 1,3 mlrd. dollar
 
Yoz mavsumi MBAda diqqatga molik voqealarga boy tarzda kechdi: 2016/2017 yillar mavsumi uchun maoshlar miqdori ko‘tarildi (94 million dollargacha). Shu bois Excel Sports Management asoschisi va prezidenti Jeff Shvarts o‘zi boshqarayotgan agentlikni basketbol bozorida etakchiga aylantirdi. Uning mijozlari orasida chempion «Klivlend» a’zosi Kevin Lav, «Los-Anjeles Klippers»dagi Bleyk Griffin va boshqalar bor.
 
6. Greg Genske, The Legacy Agency
 
Sport turi: beysbol
 
Xizmat haqi: 47,6 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 765,9 mln. dollar
 
Tez o‘sishga erishayotgan beysbol agentlaridan biri. Uning idorasi Kaliforniyaning Nyuport-Bichida joylashgan – Janubiy va Lotin Amerikasidagi o‘yinchilar bilan shartnoma imzolash uchun ancha qulay maskan.
 
7. Pet Brisson, Creative Artists Agency
 
Sport turi: xokkey
 
Xizmat haqi: 40,17 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 1 mlrd. dollar
 
Gollivudda Jorj Kluni, Leonardo Di Kaprio singari kinoyulduzlar ishlarini yurituvchi Creative Artists Agency (SAA) mega-agentligi sportdagi nufuzini ham oshirib bormoqda. O‘tgan yili SAA bilan hamkorlik qilgan sportchilar klublar bilan 2,2 milliard dollarlik shartnoma imzolashdi, bu esa so‘nggi yillar mobaynida agentlik g‘aznasiga 290 million dollar kelib tushishini anglatadi. Pet Brisson SAAda xokkeychilar kelishuvlariga mas’ul hisoblanadi. Uning mijozlari orasidan eng badavlat xokkeychilar reytingi peshqadamlari – Sidni Krosbi va Jonatan Teyvz o‘rin olishgan.
 
8. Tom Kondon, Creative Artists Agency
 
Sport turi: Amerika futboli
 
Xizmat haqi: 39,55 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 1,3 mlrd. dollar
 
Tom Kondon «Kanzas-Siti Chifs» klubida o‘ynayotgan kezlari huquqshunoslikdan ta’lim olib, ham sportchi, ham agent sifatida faoliyat yurita boshladi. 80-yillarda MFL o‘yinchilari assotsiatsiyasini ikki mavsum mobaynida boshqardi, endilikda Amerika futboli bilan shug‘ullanuvchi 48 nafar sportchining ishini yuritmoqda. Aka-uka Peytonlar hamda Ilay Menning Kondonning eng mashhur mijozlari hisoblanishadi.
 
9. Jonatan Barnet, Stellar Group
 
Sport turi: futbol
 
Xizmat haqi: 37,62 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 375,2 mln. dollar
 
Barnet agent sifatidagi faoliyatini kriketchi Brayan Laraning shartnomasi bilan boshlagan, endilikda uning mijozlar ro‘yxatida 96 kishi qayd etilgan. Ular orasida 2013 yili 101 million evro evaziga Madridning «Real» klubiga o‘tgan Garet Beyl ham bor.
 
10. Mino Rayola
 
Sport turi: futbol
 
Xizmat haqi: 35,63 mln. dollar
 
Mijozlar shartnomasi: 356,3 mln. dollar
 
Mashhur futbolchilarning ishi bilan shug‘ullanuvchi italiyalik Mino Rayola o‘zini ham yulduz deb biladi. Agentlar orasida aynan u «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Kloppni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlashi, «Manchester Siti» ustozi Xosep Gvardiola sha’niga yomon so‘zlarni aytishi mumkin. Aynan u mo‘may daromaddan so‘ng Al Kaponening Mayamidagi villasini 9 million dollarga sotib olishi mumkin. Rayolaning moliyaviy sxemasi haqida ko‘p ma’lumot yo‘q, ammo uning ortidan Mino millionlarga ega bo‘layotgani rost: uch nafar mijozi – Pol Pogba, Zlatan Ibragimovich hamda Genrix Mxitaryanni «Manchester Yunayted»ga joylashtirgan agent ish haqi evaziga 30 million evroga ega bo‘ldi.
 
                                                                                                                      Dilmurod PARPIEV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!