Ronaldu yo‘qmi? Muammo yo‘q!
Hech kim Ronalduning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘ladi, degani yo‘q. Biroq “qaymoqranglilar” tarkibida besh karra “Oltin to‘p” sohibining yo‘qligini bildirmaydiganlar etarli.
“Real Madrid”ni klub tarixidagi barcha davrlarning rekordchisi Krishtianu Ronaldu tark etgan bo‘lsada, “Yuventus”ga qarshi Xalqaro Chempionlar Kubogi doirasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida “qirollik klubi” sobiq futbolchisining o‘rnini to‘ldirish uchun ko‘p mablag‘ sarflab yangi o‘rinbosar sotib olishi shart emasligini isbotladi. Goal nashri jurnalisti Ben Xeyvard bu haqida mulohaza yuritdi.
Hech kim Ronalduning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘ladi, degani yo‘q. Biroq “qaymoqranglilar” tarkibida besh karra “Oltin to‘p” sohibining yo‘qligini bildirmaydiganlar etarli ekanligini ko‘rsatib berishdi.
Xabaringiz bor, portugaliyalik superyulduz “Real”ni o‘tgan oyda 100 million evro evaziga “keksa sinora”ga almashtirgandi.
O‘shandan keyin madridliklarni Ronalduning o‘rniga aql bovar qilmas transfer narxiga ega futbolchilar bilan bog‘lay boshlagandi. Biroq shanba kuni taqdirning hazili bilan aynan Ronalduning yangi jamoasiga qarshi bellashuvda Madrid klubi yangi yulduzga ehtiyoj sezmayotganini ko‘rsatib qo‘yishdi.
“Qaymoqranglilar” Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvni Dani Karvaxalning avtogoli bilan boshlashdi va bu muxlislarning o‘yin oldi xavotirlarini orttirib yubordi. Biroq birinchi bo‘lim tugashi arafasida Garet Beyl 2018-19-yilgi mavsumda jamoasining asosiy futbolchisiga aylanishi mumkinligini namoyish qildi va uzoq masofadan ajoyib tarzda “Yuve” darvozasiga gol urdi va muvozanatni tikladi.
“Real” may oyida Chempionlar Ligasi finalida “Liverpul”ni yutganidan keyin ikkala yulduz – Ronaldu va Beyl “Santyago Bernabeu”ni tark etishlariga sha’ma qilishgandi.
Ronaldu albatta keyinroq bu gaplarining ustidan chiqdi va sensatsion tarzda “Yuventus”ga o‘tib ketdi.
Portugaliyalik yulduzning ketishi uelslik futbolchiga jamoada asosiy yulduzga aylanishiga yo‘l ochib berdi. O‘tgan mavsumda Beyl Zidan qo‘l ostida sport formasida bo‘lganida ham asosiy tarkibda tez-tez ko‘rinish bermadi. Kam o‘yin amaliyoti esa “Tottenxem”ning sobiq futbolchisini jamoadan ketmoqchi bo‘lishiga sababchi bo‘lgandi.
Azar, Kilian Mbappe yoki Neymarlarning “Santyago Bernabeu”ga kelishi haqidagi xabarlar tinmayotgan bir paytda Beyl yangi mavsumda kim asosiy yulduz bo‘lishi mumkinligini barchaga ko‘rsatib qo‘ydi.
Beyl bir taymda o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchisida Marko Asensio va Vinisius Junior mas’uliyatni o‘z zimmalariga oldi.
Ushbu juftlik zaxiradan maydonga tushirilgani zahoti hisobdagi ustunlikni jamoasi foydasiga oshirib berishdi. Ispaniyalik futbolchi braziliyalik yosh iqtidor egasining yurishlarini mohirlik bilan yakunladi.
Asensio o‘zi uchun noodatiy pozitsiya – “aldamchi to‘qqizlik”da harakat qildi va maydonga tushganidan o‘n daqiqa o‘tib hisobni o‘zgartirdi.
22 yoshli futbolchi o‘tgan ikki yildan beri jahonning istiqbolli yulduzi bo‘lishi aytib kelinmoqda. O‘tgan mavsumda o‘yini biroz qovushmagan bo‘lsada, yangi mavsumda u ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib o‘yinini kuchaytirishi mumkin.
Vinisius esa endigina Braziliyadan kelib qo‘shildi. 18 yoshli hujumchi “FedEks”dagilarni o‘zining texnikasi va fintlari bilan hayratlantirdi. U bu bilan “Real”ning yangi mavsumida jamoasiga sezilarli ta’sir ko‘rsata olishi mumkinligini ko‘rsatdi.
“Real” “Yuventus”ni 3-1 hisobida mag‘lub etib XChK dan ham ahamiyatliroq xususiyatni qo‘lga kiritdi. Agarda klub rahbariyati Ronalduga o‘rinbosar olib kelmagan taqdirda ham Xulen Lopetegi tarkibida sobiq yulduzning o‘rnini kimlar bosa olishiga javob topib bo‘ldi.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.


Izohlar (0)