Sunnatulla Azimov: Rishod Sobirov singari O‘zbekiston sporti tarixida iz qoldiraman
Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlari kabi nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilgan etakchi sportchilarimiz yoshlar uchun haqiqiy ibrat va namunadir. Dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni va ikki karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori Rishod Sobirovga havas qilib sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarimiz ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.
SPORTS.uz axborot portali ana shunday yosh polvonlardan biri Sunnatulla Azimov bilan suhbatlashdi.
- Sunnatulla, o‘zingiz va sportga bo‘lgan qiziqishingiz haqida gapirib bering...
- Men 1990 yil 20 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilganman. Oilamizda sportning kurash turlariga qiziqish katta. Otam dzyudo va sambo bilan jiddiy shug‘ullanganlar. Ikki sport turidan ham sport ustasi bo‘lganlar.
Meni sportga akam olib kelgan. O‘shanda 9 yoshda edim. Otam bizga qarab, “Sportda mendan o‘tib ketgin” derdilar. Ularni ishonchlarini oqlash uchun bor kuch-quvvatim bilan harakat qilardim.
Dzyudo, sambo va kurash sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirib, sportchi bo‘lib etishdim.
- Yutuqlaringiz va sovrinlaringiz orasida eng qadrlilari qaysilar?
- Eng katta yutug‘im otamga bergan so‘zimning ustidan chiqqanim. Doim “Sportda mendan o‘tgin” deganlariga dzyudo va sambo bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, kurashdan sport ustasi unvonlariga ega bo‘ldim. Albatta, sport ustasi degan nom o‘z-o‘zidan berilmaydi. Buning zamirida nufuzli musobaqalardagi g‘alabalar bor.
Aslida men uchun barcha sovrinlarim qadrli. Lekin sambo va dzyudodan Osiyo chempioni bo‘lganim, sambo yulduzlari ishtirokidagi jahon chempionatidagi g‘alabam, dzyudo bo‘yicha jahon kubogi bronza medali men uchun ayniqsa qadrli. Chunki bu g‘alabalar osonlikcha kelmagan.
Barcha g‘alabalarimda ustozlarim – Farhod Agaev va Farg‘od To‘raevning xizmatlari katta.
Ko‘p sportchilar yakkakurashning turli yo‘nalishlari bo‘yicha xorijda shug‘ullanishni ma’qul ko‘rmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz?
Menimcha, yurtimizda har qanday sport turi bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazish uchun barcha sharoit bor. Ayniqsa, yakkakurash turlari bo‘yicha o‘zbek mutaxassislari, murabbiylari kuchli hisoblanadi. Men uchun eng zo‘r mashg‘ulotlar shu erda bo‘ladi. Xorijdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga tajriba almashish uchun borish maqsadga muvofiq.
Sizga chet el klublaridan taklif bo‘lsa qanday qarorga kelasiz?
Men bunaqa takliflarga e’tibor qaratmayman. Chunki o‘z oldimga qo‘ygan maqsadim bor. Mashhur dzyudochi Rishod Sobirov kabi Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilishni, O‘zbekiston sporti tarixida iz qoldirishni maqsad qilganman. Bu yo‘ldan og‘ishmay harakat qilaman.
Sunnatulla suhbat uchun katta rahmat. Maqsadlaringizning bariga erishing.






Fikrlar