Toshkentda o‘tkazilgan professional janglarda Nursulton Ro‘ziboev g‘alaba qozondi
Kecha Toshkentda aralash yakkakurash jang san’atlari bo‘yicha professional janglar bo‘lib o‘tdi. Unda o‘nta juftlik o‘zaro bellashdi.
- 60 kg vazn toifasida ikki o‘zbekistonlik sportchi Iskandar Mirzaev va Jahongir Najmiddinov ringga chiqdi. Unda Iskandarning qo‘li baland keldi.
- 65 kg vaznda esa Qahramon Avezov tojikistonlik Alisher Karimovni mag‘lub etdi.
- 70 kg vaznda esa tojikistonlik Umid Boboev hamyurtimiz Ilhom Arslonovdan ustun keldi.
- 72 kg vaznda "Legion" klubi a’zosi Ahror Qayumov poytaxtlik Ikrom Isroilovni yutdi.
- Qirg‘izistonlik Burxon Alimbey uulu va o‘zbekistonlik Olovuddin Abdurahmonov o‘rtasida 75 kg vazn toifasida o‘tgan qarama-qarshilikda mehmon sportchi zafar quchdi.
- 77 kg vaznda o‘zbekistonlik Mo‘minjon Mamajonov qozog‘istonlik Sardor Shamshimetov ustidan g‘alaba qozondi.
- 80 kg vaznda Jo‘rabek Qobilov qirg‘izistonlik Manas Temirbekovga imkoniyatni boy berdi.
- 80 kg vazndagi yana bir juftlikda Sirojiddin Ergashev chirchiqlik Tolib Tolipovni mag‘lubiyatga uchratdi.
- 100 kg vaznda o‘zbekistonlik Azamat Nutfullaev qiyin kechgan bahsda qirg‘izistonlik Baxtibek Ermatbek uuluga imkoniyat qoldirmadi va jang g‘olibiga aylandi.
- Kechaning asosiy to‘qnashuvi 85 kg toifasida o‘tkazilib, unda o‘zbekistonlik Nursulton Ro‘ziboev qozog‘istonlik Almazbek Ermatov bilan kuch sinashdi. Qiziqarli o‘tgan bellashuvda Nursulton faoliyatidagi navbatdagi g‘alabasini tantana qildi.

Izohlar (0)