Xitoy dunyo futbolini qanday zabt etmoqda?
Barchamizga ma’lum bugungi kunda Xitoy hukumati mamlakatda futbol sohasini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratmoqda.
Xususan, so‘nggi yillarda Xitoy klublari transfer bozorida kuchli beshlik chempionatida ishtirok etuvchi jamoalar bilan bemalol raqobatlashmoqda. O‘tgan yilgi transfer mavsumida “Chin o‘lkasi” vakillari futbolchilar uchun pul sarflashda APLni ortda qoldirib dunyoning eng serxarajat chempionatiga aylangan bo‘lsa, nufuzi jihatdan Super Ligadan keyingi o‘rinni egalllab turuvchi Xitoy birinchi ligasi kuchli beshlikdagi ba’zi chempionatlarni ortda qoldirishga erishdi.
Albatta, Xitoy klublarining futbolchilarni sotib olishi borasida juda ko‘p gapirildi. Shu sabab, biz mavzuga biroz boshqacha yondashgan holda, ushbu mamlakat futboli investorlarining Evropani qanday zabt etayotganliklari borasida suhbatlashamiz.
Xitoyda futbolning bu qadar jadal rivoj topib borayotganligi chempionatlarga olib kelinayotgan kuchli legionerlar bilangina bog‘lanib qolmagan. Mamlakatda sportning bu turiga e’tibor qaratish orqali katta imtiyozlarga ega bo‘layotgan kompaniyalar Evropadan futbolchi sotib olish bilan birgalikda, kuchli beshlik tasnifiga kiruvchi va boshqa chempionatlardagi ba’zi klublarni ham to‘laligicha yoki bir qismini sotib olishmoqda. Bu esa mamlakat futbolida ichki bazaning rivojlantirishi bilan birgalikda chet el tajribasining qo‘llanishiga xizmat qilmoqda. Quyida e’tiboringizga xitoyliklar tomonidan tasarruf etilayotgan ana shunday jamoalarni havola etamiz.
Italiya (“Milan”, “Inter”)
Milan shahrining faxriga aylangan har ikkala jamoa bugungi kunda xitoyliklarga tegishli ekanligi hech kimga sir emas. Chakana savdo bo‘yicha gigant kompaniyalardan biri bo‘lgan Suning Holdings Group o‘tgan yozda “Inter”ning 68,5 foiz aktsiyasini xarid qildi. Shuningdek, jamoani uzoq yillardan buyon boshqarib kelayotgan prezident Massimo Moratti o‘z aktsiyalarini butunligicha, yangi hamkorlariga o‘tkazib berdi.
Xitoylik investorlar “Inter”ni yanada kuchli va “internatsional” qilish maqsadida ekanligini e’lon qilishdi. “Neradzurrilar” yozda 150 mln. evro evaziga yangi futbolchilarni xarid qilishdi va mavsum starti muvaffaqiyatsiz boshlangach, jamoa bosh murabbiyini o‘z lavozimidan ozod qilishdi. Ayni paytda klub 9 ta o‘yinlik g‘alabali seriyani davom ettirgan holda, Chempionlar Ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan biriga da’vogarlik qilmoqda.

Shuningdek, “San-Siro” boshqacha ataganda, “Juzeppe Meatstsa” stadioni egalaridan biri “Milan”ning taqdiri ham hammaydonlarinikiga o‘xshab ketadi. Faqat birgina farqi, Xitoyning Sino Europe Sports Group kompaniyasi “Milan”ning 99 foizlik aktsiyalar paketini sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Shu vaqtga qadar kelishuvning yakunlanish muddati ikki marotaba o‘zgardi, ushbu jarayon esa Berluskonining hisob raqamini 200 mln. evroga boyitdi. Ba’zi manbalarda osiyoliklarning soxta hujjatlardan foydalanganliklari to‘g‘risida ham xabarlar “urchidi”, ammo buning qanchalik asosli ekani bizga qorng‘u. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, ushbu “tortishuvlar” joriy yilning 3 martida o‘z nihoyasiga etadi.
Angliya (“Vest Bromvich”, “Aston Villa”, “Sautgempton”, “Vulverxempton”, “Birmingem”, “Manchester Siti”)
Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, “Chin yurti” vakillari futbol olamini o‘z qo‘llari ostiga olish yo‘lida Angliya futbolini ham chetlab o‘tishmayapti. Bu borada aytish mumkinki, ular juda keng ko‘lamli ish olib borishmoqda.
Fikrimizning dalili sifatida dastlab, Angliya Premer Ligasining ishtirokchilaridan biri “Vest Bromvich” klubiga to‘xtalib o‘tamiz. Guochan Lay boshchiligidagi investorlar guruhi sentyabr oyida ushbu jamoani 2,8 million dollar evaziga xarid qildi. Shuningdek, Xitoyda stadionlar qurish bilan shug‘ullanuvchi Lander Sports Development kompaniyasi bu borada jonbozlik ko‘rsatib, “Sautgempton”ni o‘z tassaruffiga o‘tkazib olishi mumkin. So‘nggi xabarlarga qaraganda, klub rahbariyati hozircha, bu borada 180 million funtlik taklifga rad javobini berishgan va ushbu kelishuvni 270 millionga baholashmoqda.

Xitoylik tadbirkorlar Premer Liga jamoalari bilan birgalikda chempionship vakillarini ham o‘z tasarruflariga kiritishga harakat qilishmoqda. Xususan, Garvard va Oksford universitetlaridai tahsil olgan xitoylik tadbirkor Toni Sya o‘tgan mavsumda quyi divizionga ravona bo‘lgan “Aston Villa” jamoasini 76 mln. funtga xarid qildi. Ammo, tadbirkorning klub transferlari uchun 60 million evro sarflaganiga qaramasdan, “Aston Villa” musobaqa jadvalida 13-o‘rinni band etib turibdi. Aytgancha, so‘nggi malumotlarga qaraganda, Sya universitet diplomini soxtalashtirishda, kompaniya esa firibgarlik bilan bog‘liq ishda gumon qilinayotganligi borasida xabarlar tarqaldi.

Xitoyning yana bir kompaniyalaridan biri Fosun International o‘tgan yilning yozida “Vulverxempton” klubini 45 mln. funt evaziga xarid qildi. Xitoyliklar shuningdek, keyingi ikki yil davomida klub uchun 30 mln. funt sarflashni o‘z zimmalariga olishdi. Ushbu xarid borasida ham orada bir qancha savollar vujudga keldi. Xususan, kompaniyaning 20 foiz aktsiyasini Jorje Mendeshga tegishli bo‘lgan Gestifute kompaniyasi nazorat qiladi. Yozgi transferlar mavsumida Mendeshning mijozlaridan biri Ivan Kavaleyru Angliya klubi tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylangan holda, 7 mln. evaziga “bo‘rilar” ko‘chib o‘tdi. Bu transfer esa orada ancha gap-so‘zlarga sabab bo‘lganini qayd etish joiz. Umuman olganda, xitoyliklarning sarmoyasi orqali klubga jami 14 futbolchi jalb etilgan.

Kuzda Xitoyning Trillion Trophy Asia kompaniyasi “Birmingem”ning nazorat paketlarini ham xarid qildi. Kompaniyaning avvalgi raisi, gongkonglik biznesmen Karson En ayni paytda pulni noqonuniy soxalashtirgani uchun hibsga olingan.

Shuningdek, xitoyliklarga qarashli bo‘lgan China Media Capital Holdings kompaniyasi “Manchester Siti”ga egalik qiluvchi City Football Groupning 13 foiz aktsiyasiga egalik qiladi.

Ispaniya (Atletiko, Espanol, Granada)
O‘tgan qishda Xitoyning Wanda Group developerlik kompaniyasi “Atletiko”ning 20 foizlik aktsiyalar paketini xarid qildi. Xitoyning eng boy kishilaridan biri hisoblangan Van Jianlin ushbu xarid uchun 45 mln. evro sarfladi va bahonada madridliklar o‘z qarzlarining katta qismini qoplashga muvaffaq bo‘lishdi. Jianlin klubga yangi yulduzlarni olib kelishni mo‘ljallamkasdan, balki “Atletiko” akdemiyasida Xitoy futboli kelajagining yangi yulduzlarini etishtirishni mo‘ljallamoqda.

Ispaniyaning yana bir jamoasi bo‘lgan “Espanol” aktsiyalarining nazorat paketini ham aynan xitoylik tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan Rastar Group kompaniyasi o‘z qo‘liga olgan. Klubning yangi egalari jamoaning qarzlarni qoplashga va Evropa Chempionlar Ligasiga olib chiqishga va’da berishgan.

Shu bilan birgalikda La Liganing o‘ratmiyona jamoalaridan biri bo‘lgan “Granada” ham osiyolik Jyanyu Lijanguga qarashli.
Ma’lumot o‘rnida, Frantsiyaning “Lion”, “Nitstsa”, “Oser” kabi jamoalari va Evropaning boshqa klublari ham “Chin yurti” vakillariga qarashli hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, 2030 yilgi Jahon chempionatiga hozirdan da’vogarlik qqilayotgan Xitoy hozirdan ushbu natija uchun tamal toshini qo‘yishni boshlab yuborgan. Zero, oldinda “futbol mamlakati”ga aylanish maqsadi ham bor...

Izohlar (0)