"Andijon"ning bugungi raqibi - "Al-Xaldiya" haqida!

  • 22.10.2025 14:23
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol

Bugun, 22 oktyabr kuni "Andijon" klubi Osiyo Chempionlar Ligasi 2-turnirining 3-turi doirasida Bahraynning "Al-Xaldiya" jamoasi bilan kuch sinashadi.

Xo‘sh, ushbu jamoa haqida nimalarni bilishimiz kerak?

"Al-Xaldiya" jamoasi 5 yillik tarixga ega bo‘lib, 2020 yilda tashkil etilgan. Jamoaga muxlislar tomonidan “Lions of Bahrain” (“Bahrayn sherlari”) degan nom berilgan. "Al-Xaldiya" o‘z uy uchrashuvlarini Riffa shahrida joylashgan “Bahrayn Milliy” stadionida o‘tkazadi. Ushbu maydon o‘z bag‘riga 24 ming muxlisni sig‘dira oladi.

Jamoa Bahrayn chempionatining 2 karra g‘olibi, 2 karra Bahrayn Qirol kubogi va 3 karra Bahrayn Superkubogi sohibi hisoblanadi. "Al-Xaldiya" shu vaqtga qadar Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalarda 20 ta o‘yin o‘tkazgan. 10 ta o‘yinda g‘alaba qozongan, 5 ta bahs riffaliklarning mag‘lubiyati bilan yakunlangan, 7 ta uchrashuvda esa durang natija qayd etilgan.

Jamoani ayni paytda 1981 yilda tavallud topgan mahalliy mutaxassis Ali Ashur boshqarmoqda. Ushbu murabbiy 2014 yildan katta klublarda faoliyat olib borishni boshlagan. Bungacha turli yillar mobaynida Bahraynning "Budaiya", "Al-Najma", "Al-Riffa", "Manama SK" kabi jamoalarida hamda Quvaytning "Quvayt SK" jamoasida ishlagan.

Jamoa tarkibida ayni paytda braziliyalik Gleison Moreira, kongolik Joel Beya, marokashlik Saifeddine Bouhra, germaniyalik Anas Ouahim kabi mahoratli futbolchilar to‘p surmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo Chempionlar Ligasi 2-turniri 3-turidan o‘rin olgan Andijon — Al-Xaldiya o‘yini 22-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv soat 18:45 da start olishi ko‘zda tutilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!