“Barsa” darvozabonini superklub oladigan bo‘ldi
2014 yildan beri “Barselona” darvozasini qo‘riqlab kelgan germaniyalik darvozabon Mark-Andre ter Shtegen jamoa boshqaruviga hamyurti Xans-Diter Flik kelganidan keyin asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotgan.
Kataloniyaliklar yozda Joan Garsiyani transfer qilib, aynan uni birinchi raqamli posbon sifatida o‘ynatmoqda. O‘rinbosar maqomini faoliyatini tugatganidan keyin “Barsa” taklifi bilan yana futbolga qaytgan Voytsex Shchesni bajaryapti.
Jurnalist Sasha Tavolerining yozishicha, Mark-Andre ter Shtegenning Kataloniyadan ketishi kutilyapti. Zaxirada o‘tirishdan foyda yo‘qligini yaxshi anglab turgan 33 yoshli golkiper yanvarda boshqa klubga o‘tmoqchi.
Manbaga ko‘ra, ter Shtegenga Angliya chempionatining eng badavlat klublaridan hisoblangan “Chelsi” xaridor bo‘lyapti.
“Barselona” rahbariyati nemis darvozabonidan qutilish uchun uni ijaraga berishga ham, to‘liq sotib yuborishga ham tayyorligini bildirdi. Mark-Andre ter Shtegenning amaldagi shartnomasi 2028 yilning yarmigacha tuzilgan.
Mahoratli darvozabon 2026 yili AQSh, Kanada va Meksikada bo‘ladigan jahon chempionatida ishtirok etishdan umidvor. Buning uchun esa, u muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi talab etiladi.
Fikrlar