
“Barsa” maqsadiga etolmayapti
“Barselona” yozgi transferlar davrida Ispaniya terma jamoasining ikki hujumkor futbolchisi – Niko Uilyams va Daniel Olmoni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda.
Garchi “Atletik” vakili Niko Uilyams Kataloniyaga ko‘chib o‘tish ilinjida boshqa takliflarni rad etayotgan bo‘lsa-da, kataloniyaliklar o‘zlari tarbiyalagan Olmo masalasida katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Olmoning transfer huquqiga egalik qiluvchi “Leyptsig” rahbariyati “Barselona” bergan variantlarni qabul qilmayapti. Dastlab, ispanlarning 40 million evrolik taklifi rad etildi.
“Barselona” mutasaddilari yana 20 million evro qo‘shib, taklifni talab qilingan 60 million evrogacha ko‘tardi. Biroq, kataloniyaliklar moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, summani bo‘lib berishini bildirdi.
Bundesliga klubiga bu taklif yoqmadi. Ular Olmo uchun bir to‘lov bilan 60 million evro o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Fikrlar