Bellator’dan jang ololmagan Mahmud Murodov Evropada ringga chiqadi
O‘zbekistonlik MMA jangchisi Mahmud Muradov (13-6, KO6) o‘zining navbatdagi jangini Chexiya poytaxti Pragada olib boradigan bo‘ldi. Jang 3 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Hozircha sportchimizning raqibi oshkor qilinganicha yo‘q.
2017 yil dekabr oyida u o‘tgan yili boks bo‘yicha besh vazn toifasining sobiq jahon chempioni amerikalik kichik Floyd Meyvezerga tegishli bo‘lgan The Money Team (TMT) klubida faoliyatini davom ettirish uchun AQShga yo‘l olgan va Bellator bilan shartnoma imzolagan edi.

Sportchining aytishicha, Bellator yaqin 6-7 oy ichida unga jang tashkil qila olmasligini ma’lum qilgan. Bu vaqtdan unumli foydalanishni maqsad qilgan Mahmud Murodov yana Evropaga qaytib, XFN (X Fight Nights) turnirida jang o‘tkazishga qaror qildi. Shundan so‘ng u shartnomasini to‘liq yakunlab, yana okeanortiga yo‘l oladi.
Mahmud Murodov so‘nggi marta o‘tgan yili dekabr oyida ringga chiqib, chexiyalik Tomash Penzni mag‘lub etgan va XFN chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan edi. Mazkur jang uning XFN (X Fight Nights) tashkiloti bilan tuzilgan shartnomasiga ko‘ra so‘nggisi bo‘lgan edi. Bu jangga qadar u XFN turnirida 3 ta jang o‘tkazib, 2 ta g‘alaba va bitta mag‘lubiyat qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Mahmud Murodov World Kickboxing Network tashkiloti talqini bo‘yicha qit’alararo chempion, Caveam talqini bo‘yicha jahon chempioni va XFN talqini bo‘yicha jahon chempioni hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: X Fight Nights MMAning yangi, professional va o‘zini-o‘zi moliyalashtiradigan ligasi hisoblanadi. XFN arenalarida jahon darajasidagi eng yaxshi jangchilar o‘zaro to‘qnash keladilar. XFN sportda endi porlayotgan yulduzlar ajoyib imkoniyat hamdir.

Izohlar (0)