Bernardu Silvaning “Real”dagi maoshi oshkor bo‘ldi

  • 18.06.2026 20:19
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

"Manchester Siti" yarimhimoyachisi Bernardu Silva faoliyatini madridlik "Real" jamoasida davom ettiradi. Bu haqida Transfer News Live nashri insayder Fabrizio Romanoga tayanib xabar berdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, 31 yoshli portugaliyalik futbolchi "Qirollik klubi"ga erkin agent sifatida o‘tadi va uch yillik shartnoma imzolaydi.

Manbaning qayd etishicha, kelishuvning moliyaviy jihatlari to‘liq kelishib olingan. Bernardu Silvaning Madriddagi yillik maoshi 20 million evroni tashkil etadi. Bundan tashqari, tomonlar qo‘shimcha to‘lovlar bo‘yicha ham kelishuvga erishgan: futbolchi 10 million evro miqdorida kafolatlangan imzo bonusi oladi, yana 10 million evro esa uning otasi va agenti Jorje Mendesga komissiya sifatida to‘lanadi.

O‘tgan mavsumda Bernardu Silva Xosep Gvardiola jamoasida eng muhim figuralardan biri bo‘ldi. U "shaharliklar" safida barcha musobaqalarda jami 53 o‘yin o‘tkazib, 3 ta gol urdi va 5 ta golli pas muallifiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, portugaliyalik yarimhimoyachi 2017 yildan buyon "Manchester Siti" sharafini himoya qilib kelayotgan edi. U ingliz klubidagi faoliyati davomida jami 19 ta sovrin qo‘lga kiritdi. Ular orasida premer-ligadagi olti karra chempionlik va Chempionlar ligasi kubogi ham bor.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!