
«Chelsi»ga nimalar bo‘lmoqda? Lempard ketadimi?
O‘tgan mavsumda «Chelsi» kuchli to‘rtlikka kirdi va Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu juda og‘ir ahvolda qolgan jamoa uchun «mo‘’jiza»dek qabul qilingan edi...
Transferlarsiz ham Frenk «aristokratlar»ni maqsadga erishishini ta’minlagach, muxlislar kelasi mavsumdan katta umid qilishni boshlab yuborishdi. Yozda Abramovich chempion jamoani shakllantirish maqsadida Mendi (24 mln evro), Chiluell (50 mln evro), Tyago Silva (erkin agent), Hakim Ziesh (40 mln evro), Timo Verner (53 mln evro) va Kay Xaverts (80 mln evro) transferini amalga oshirdi. E’tiborlisi shundaki, 6 ta xaridning barchasi asosiy tarkibni kuchaytirish maqsadida amalga oshirildi. Verner uchun kurashda London klubi «Liverpul»ni dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘lgach, ko‘plab mutaxassislar «Chelsi»ni chempionlik uchun kurash olib borishini ta’kidladi. Endi esa, vaziyat o‘zgardi. E’tirof etish joiz, Yurgen Kloppning tanlovi ko‘proq o‘zini oqlamoqda. Jota hali 10 ta o‘yin o‘tkazmagan bo‘lsa-da, raqib darvozasini Vernerdan ko‘proq ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Timo esa, darvoza to‘sinlariga to‘pni tekkazish bo‘yicha (5) «Chelsi»ning peshqadamlaridan biri. Boz ustiga, endi u London klubida 11 ta turdan beri gol ura olmayotgan futbolchiga aylandi.
Lempard «Lester»ga qarshi uchrashuvda bejizga nemis futbolchisini zaxirada qoldirgani yo‘q. Murabbiy hujum chizig‘ida Pulishich, Xadson-Odoi, Maunt, Abraxam va Xavertsni maydonga tushirdi. Oqibatda, Kovachich Kantesiz qarshi hujumlarni to‘xtatib qolishda muammolarga duch keldi. Vaholanki, Maunt ortga qaytishga va maydon markazida faol bo‘lishga harakat qildi, biroq bu unga begona bo‘lgan pozitsiya. Shu bois, qaror kutilgan natijani bermadi. To‘g‘risi, murabbiyning qarorini tushunish mushkul. Meyson jamoa tarkibidagi eng yaxshi zarbaga ega futbolchi. Uni himoyaga qaytishga undash orqali raqib jarima maydonchasidan uzoqlashtirishdan nima naf?!
Maunt «Chelsi»ning APLdagi so‘nggi uchta o‘yinida eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. O‘tgan mavsumda uning doimo o‘yin amaliyoti ega bo‘lishi ko‘pchilikka manzur kelmagan edi. Endi esa, aynan u yulduzlar orasidan ham «yorib» chiqishni uddalamoqda. O‘zi London klubi amalga oshirgan transfer rejasini anglash mushkul. Maunt va Abraxam bo‘lishiga qaramay, deyarli barcha pul hujumga javob beruvchi futbolchilarni olib kelish uchun tikildi.
«Lester»ga qarshi bahsdan so‘ng, Frenk iste’fo haqida ilk bor fikr bildirdi. Jurnalistlarning savoliga javob berar ekan, murabbiy ortiqcha hech narsa demadi. Ketish yoki qolishni o‘zi hal etmasligini aytdi. Shuningdek, bunday katta klublarda murabbiylarga uzoq vaqt imkon berilmasligini ham qo‘shib qo‘ydi. Eng qizig‘i shundaki, Lempard o‘z shogirdlarini tanqid ham qildi:
«Tarkibimizdagi ayrim futbolchilar kerakli darajada to‘p surmayapti. Bugun bu yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Ularning o‘zi bu muammoni echishi mumkin, xolos. Boshqa hech kim bunga ta’sir ko‘rsata olmaydi».
Ochig‘i, biz Frenkning klub futbolchilari bilan qanday aloqada ekanligini aniq ayta olmaymiz, ammo ingliz nashrlari uning shogirdlari bilan munozaraga borayotgani haqida yozmoqda. Bu mavsumda 42 yoshli mutaxassis «Chelsi»ning so‘nggi 5 yildagi eng yaxshi himoyachisini o‘z qora ro‘yxatiga kiritib qo‘ydi. Yurgen Klopp bilan janjallashib ketdi va hatto, yangi kelganlarga bosim o‘tkazishni boshladi.
Lempard - sovuqqon inson. U «Chelsi»ning yosh futbolchilari ko‘z o‘ngida chinakam afsona. Shu bois, Zuma, Maunt, Abraxam, Xadson-Odoi, Pulishich kabu iste’dodlar maydonda uning so‘zlarini ortig‘i bilan bajaradi. Yoshi katta futbolchilar esa, undagi tajribasizlikni darrov payqashadi. Shu tufayli, Frenk ularni o‘ziga «bo‘ysundirish»da muammolarga duch kelmoqda. «Lester» ustozi Brendan Rojers esa, hamkasbining tamomila aksi. Tajribali va og‘ir inson. Shuning uchun uning shogirdlari maydonda nima qilish kerak ekanligini yaxshi anglab olishgan. Bu omil «Chelsi»ga qarshi bahsda yaqqol ko‘zga tashlandi. «Tulkilar» jamoaviy o‘yin sababli, «Chelsi»dan 90 daqiqa davomida bir qadam oldinda bo‘ldi.
Qaysidir ma’noda yozdagi transferlar «aristokratlar»ning zarariga ishladi. Futbolda 6-7 ta futbolchi bilan boyigan tarkib kamdan-kam xollarda natija beradi. Murabbiylar ularni jamoaga va sxemaga joylashi uchun anchagina vaqt lozim. Qaysidir ma’noda, transferlar o‘zini oqlamadi, deb ham bo‘lmaydi. Mendi Kepadan ishonchliroq, Ziesh Villiandan foydaliroq, Silva Kristensendan kam xato qilmoqda. Afsuski, bu omillar sarflangan 250 millionni to‘liq berkitishga kamlik qiladi.
Lempard tuzgan reja ish berishi uchun vaqt talab etiladi. Afsuski, unda aynan vaqt juda kam qolmoqda. «Chelsi» ochko yo‘qotish borasida Angliyaning 10-jamoasiga aylanib qoldi. To‘g‘ri, o‘tgan yili murabbiy «jackpot»ni urdi, biroq joriy mavsumda 250 millionning havoga uchib ketishini hech kim oqlay olmaydi. Yaqindagina London klubi Avraam Grantni ortga qaytarmoqchi ekanligi haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi. «The Athletic»ning ma’lum qilishicha, yangi murabbiy sifatida klubga Nagelsmann, Rangnik yoki Tuxel kabi mutaxassislar taklif qilinishi mumkin. Jamoa 80 million evro sarflagan Kepani Lempard bir zumda keraksiz futbolchiga aylanitirib qo‘yganini barcha ko‘rdi. Endi ular Xaverts va Vernerni ham shu ahvolga tushib qolishini tomosha qilmoqchi emas. Shunday ekan, Frenkda vaqt juda oz qoldi, ammo bu hali hammasini o‘z o‘rniga qo‘yish uchun etarli!
Fikrlar