
Davron Hoshimov: Terma jamoadan chaqiruv bo‘lishini kutaman
Chempionatimizdagi jangovor futbolchilardan biri bu Davron Hoshimov desak adashmagan bo‘lamiz. U himoyachi bo‘lishiga qaramasdan doim raqiblariga qattiq kurashlarga boy o‘yinni taklif qiladi. O‘zi esa aslo yutqazishni yomon ko‘radi. Shu bois qanday bo‘lmasin raqibidan to‘pni olib qo‘yish harakatida bo‘ladi. Futbolchi ushbu mavsumni «Lokomotiv» klubida o‘tkazganidan xabardorsiz.
«Zaxiramizning torligi va jarohatlar ta’sir qildi»
Bungacha O‘zbekistonning ketma-ket uch karra chempioni bo‘lgan «Lokomotiv» klubi joriy mavsumga kelib o‘z vakolatini «Paxtakor»ga topshirdi. «Lokomotiv»da debyut mavsumini o‘tkazgan Davron Hoshimov esa temiryo‘lchilar bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Futbolchi esa avvalo yakuniga etgan mavsum haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Avvalambor, xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklamoqchiman. 2019 yilgi mavsumga keladigan bo‘lsak, «Lokomotiv» aslida chempion jamoa edi. Shu bois bu safar ham oldimizga chempionlikni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgandi. Lekin tarkibda o‘zgarishlar bo‘ldi, «Lokomotiv» esa yangilandi, degan gaplar ham bo‘ldi. Ammo bu jamoada asosan professional futbolchilar yig‘ilishgandi. Shunga yarasha biz bu safar ham chempionlikni qo‘lga kiritishga harakat qilgandik. Biroq bu yil biz og‘ir mavsumni o‘tkazdik. Tarkibimizda jarohat olganlar ko‘p bo‘ldi. Zaxira o‘rindig‘imiz esa torayib qoldi. Shuning hisobiga ko‘plab o‘yinchilarimizda toliqish paydo bo‘ldi. Milliy terma jamoaga chaqirilgan futbolchilar ham bu borada charchab qolishgandi. Shuning hisobiga chempionatda ko‘p ochkolarni yo‘qotdik deb o‘ylayman. O‘zbekiston Kubogiga ham jiddiy e’tibor qaratgandik. Ammo Termizda «Surxon»ga qarshi o‘ta issiq ob-havoda kechgan o‘yinda omad bizdan yuz o‘girdi. Keyin esa mavsum oxirlariga kelib hech bo‘lmaganda egallab turgan ikkinchi o‘rinni saqlab qolish vazifasi topshirildi. Yakunda esa buni bajarib, Osiyo Chempionlar ligasi pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. Lekin «Lokomotiv» bundan keyin ham faqat chempionlik uchun kurash olib boradi. O‘ylashimcha, kelasi mavsumda tarkibda jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi va klub yana chempionlik hamda Kubokni yutishga harakat qiladi.
«Babayan Xitoyga yaxshi natijalar ko‘rsatish uchun ketdi»
Shuningdek, mavsumning yarmiga kelganda «Lokomotiv»da bosh murabbiy almashib, Samvel Babayan boshqaruvni o‘z qo‘liga olgandi. Yaqinda esa u klubni tark etdi va Xitoy chempionatiga yo‘l oldi. Bunday yangilik esa hech kimni bee’tibor qoldirgani yo‘q, albatta. Shuni inobatga olganda, Davron Hoshimov Babayanning Xitoyga ketgani haqida o‘z munosabatini bildirdi.
- Samvel Babayanga 2017 yilda ham Xitoydan taklif tushgan ekan. Biroq o‘sha paytda milliy terma jamoani boshqarayotgani bois u erga ketishni istamagan. Bu safar unga yana bir bor Xitoyda ishlash uchun imkoniyat paydo bo‘ldi. Uning o‘zi ham biz bilan suhbatda Xitoyga pul uchun emas, balki murabbiy sifatida o‘sish uchun ketyapman deb aytib o‘tdi. Shuningdek, hali O‘zbekistondagi hech bir murabbiy Xitoy chempionatida ishlamaganini ham aytdi va u erga borib yaxshi natijalar ko‘rsatib qaytmoqchiligi haqida alohida aytgandi. Bu borada «Lokomotiv» rahbarlari Babayanga oq yo‘l tilashdi.
«Lokomotiv»dagi taqdirim borasida gaplashamiz»
«Loko» tarkibida to‘liq mavsumni o‘tkazgan himoyachining keyingi rejalari qanday ekanligi bilan ham qiziqib ko‘rdik.
- «Lokomotiv» klubi bilan ikki yilga mo‘ljallangan shartnoma tuzgandim va uning bir yili o‘tdi. Yana bir yil amaldagi shartnomam bor. Ayni paytda esa bu masala bo‘yicha klub bilan gaplashyapmiz. Balki vaziyat o‘zgarishi ham mumkin, hozircha bir to‘xtamga kelganim yo‘q. Hammasini o‘zaro maslahatlashgan holda hal qilamiz. Aytmoqchimanki, hamma narsa bo‘lishi mumkin.
«Abramov bilan o‘rtamizda yomon gap-so‘z o‘tmagan»
Shuningdek, Davron O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Vadim Abramov kelguniga qadar Ektor Kuper davrida doimiy ravishda chaqirilib turilgandi va o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib kelayotgandi. Lekin Abramov kelgach, Hoshimovni termaga chaqirmay qo‘ydi. O‘shanda Abramov bilan Hoshimov o‘rtasidagi munosabat u qadar yaxshi emasligi haqida ham gap-so‘zlar chiqqandi. Lekin futbolchini buni inkor qildi.
- Vadim Abramov bilan yaxshi munosabatdaman. U olimpiya terma jamoasida ishlaganida ham Vadim Karlenovichdan chaqiruv olganman. Meni nima uchun milliy terma jamoaga chaqirmayotganining sababini esa bilmayman. Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha futbolga qarashlari bo‘ladi. Umuman olganda, hozirgi vaziyatni to‘g‘ri qabul qilaman. O‘ylaymanki, murabbiy o‘yinlarimizni kuzatib boradi. Yangi mavsumda esa yanada yaxshiroq o‘ynashga harakat qilaman va terma jamoamizdan chaqiruv bo‘lishini kutaman. Yana qaytaraman, bosh murabbiy bilan o‘rtamizda hech qanday yomon gap-so‘z bo‘lmagan.
Qarshida «Nasaf»ni yutganimiz yoqimli bo‘lgandi»
Davronning «Lokomotiv»dagi debyut mavsumida esda qolarli o‘yinlar ham bo‘lgani shubhasiz. Bu borada gap ketar ekan, himoyachi shunday dedi:
- Mavsum boshida va oxirida «Paxtakor»ga qarshi o‘ynadik. Menimcha, chempionatning ilk turida garchi ularga yutqazgan bo‘lsak-da, yaxshi o‘yin ko‘rsatgandik deb o‘ylayman. Shuningdek, esda qolarli o‘yin sifatida Qarshida «Nasaf» ustidan qozonilgan g‘alabani ham aytgan bo‘lardim. Bu yoqimli g‘alaba edi. O‘shanda chiroyli o‘yin bo‘lgandi, biz esa chinakamiga jamoaviy o‘yin ko‘rsatib irodali g‘alabani qo‘lga kiritgandik.
«Paxtakor»da kuchli futbolchilar yig‘ilgan»
Hoshimov «Paxtakor» klubida tarbiyalanganini bilsangiz kerak. U katta futbolga ushbu klub orqali kirib keldi va bir necha yil davomida «Paxtakor» sharafini himoya qildi. O‘tgan yili esa ushbu klubni tark etgandi. Bu yil esa ular hammadan kuchli ekanligini ko‘rsata olishdi. Davron Hoshimov esa sobiq klubining muvaffaqiyatlari xususida quyidagicha fikr bildirdi:
- To‘g‘ri, «Paxtakor»da endi barcha kuchli o‘yinchilar yig‘ildi. Ularda ikkita teng kuchli tarkib paydo bo‘ldi. Futbolchilar bemalol bir-birining o‘rnini to‘ldirib o‘ynay olishadi. Qolaversa, ularga barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ularning muvaffaqiyatini haqqoniy deb aytsak bo‘ladi. Chempionlik uchun ham ular katta mehnat qilishdi. Afsuski, chempionatda «Paxtakor»ga raqobat ko‘rsata oladigan klub etarlicha bo‘lmadi. Chunki boya ta’kidlaganimdek, hamma kuchli futbolchilar «Paxtakor» jamoasida edi. Shuning hisobiga ham ular boshqalarga qaraganda ancha kuchli ko‘rinishdi.
Fikrlar