Asosiy mazmunga oʻtish

Futbol

Eron o‘zini "zulm ostida" his qilmoqda

Zohir Toshxo'jayev
Izohlar: 0

Ularga sharoit va munosabat yoqmayapti

Eron 2:2 Yangi Zelandiya: Jahon chempionati oldidan turli nizolar va muammolarga duch kelgan Eron terma jamoasi navbatdagi o‘yinida ham oson bahs o‘tkazmadi. Yangi Zelandiyaga qarshi uchrashuv 2:2 hisobida nihoyasa yetdi, ammo maydondagi natijadan ko‘ra, o‘yin atrofidagi vaziyat ko‘proq muhokama qilinmoqda. Uchrashuvdan so‘ng Eron bosh murabbiyi Amir Galenoii FIFA va AQSh hukumatiga nisbatan norozilik bildirdi. Uning aytishicha, jamoaga Los-Anjelesni darhol tark etish kerakligi aytilgan.

"Biz havoda safar qilishga juda ko‘p vaqt sarfladik. Bugungi o‘yindan so‘ng tiklanishimiz uchun ham yetarli fursat berishmadi. Darhol ketishinglar kerak, deyishdi. Biz uchun tiklanish juda muhim, lekin bizdan Tixuanaga qaytish talab qilindi, bu esa jamoani jiddiy bezovta qilyapti", — dedi Galenoii.

"Nega bizga bunday muomala qilayotganini bilmaymiz. Juda g‘alati holat. Rejalarni boshqalar tuzayapti, qarorlar boshqa yerda qabul qilinmoqda. Biz o‘yindan ikki kun oldin yetib kelishimiz kerak edi, lekin ruhsat berishmadi. Bugun kechqurun qolib, ertaga tushlik paytida qaytishimiz kerak edi, ammo nima uchun bu o‘zgarganini ham, nega bunday bo‘layotganini ham bizga tushuntirishmadi", — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.

Galeoniyning ta’kidlashicha, jamoa chempionatda eng qiyin sharoitda qolgan terma sifatida ishtirok etmoqda: "Butun jahon chempionatida eng ko‘p zulm ko‘rayotgan jamoa — bizning jamoa. Federatsiya bu yerda deyarli yo‘q. OAV vakillarimiz ham bu yerga kelmagan. Ma’muriyat  a’zolarining ko‘pchiligi yo‘q. Ilgari almashtirishlar va taktik qarorlarga yordam beradigan murabbiylar guruhimiz bor edi, bu safar esa unday imkoniyat bo‘lmadi. Texnik zonadagi ko‘pchilik bir vaqtning o‘zida bir necha vazifani bajarishga majbur bo‘ldi".

Eron terma jamoasi sardori Mehdi Taremi ham vaziyatni keskin tanqid qildi. U jamoaga bo‘layotgan munosabatni "fojea" deb atadi va FIFA prezidenti Janni Infantino kiyinish xonasiga kirib, jamoaga yordam berishga va’da berganini ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada Infantino futbolchilarga "sizlar hamma narsadan kuchliroqsizlar", deya murojaat qiladi va "tarix yaratyapsizlar, butun dunyo sizlarni kuzatyapti", deya qo‘shimcha qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Infantino futbolchilarga Eron delegatsiyasining viza ololmagan a’zolari ham qolgan guruh bosqichi o‘yinlari uchun AQShga kelishiga yordam berishga harakat qilishini aytgan.

Ulashish
SPORTS.uz'ning Instagram'dagi sahifasiga qo‘shiling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q