Fayzullaev qoyillatyapti!
Rossiya futbolining statistik tahlili bilan shug‘ullanib kelayotgan RUSTAT kompaniyasi sentbyar oyining yakunlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan futbolchilardan ramziy terma jamoa shakllantirdi.
Qunovnarlisi, ushbu ramziy jamoaga TsSKA safida porlay boshlagan Abbosbek Fayzullaev ham kiritildi.
RUSTAT kompaniyasi ramziy terma jamoani shakllantirishda maydondagi har bir pozitsiya bo‘yicha futbolchilarning aniq bir uchrashuvidagi texnik-taktik harakatlari, o‘yin sifatiga oid to‘plangan ma’lumotlarni asos qilib oladi.
Ramziy terma jamoa quyidagicha ko‘rinish oldi.
Darvozabon: Matvey Safonov, “Krasnodar”
Premer-liga peshqadami “Krasnodar” sentbyar oyida faqat “Axmat” bilan o‘yinda durang o‘ynadi. Bu jamoa vakillari “Spartak”, “Ural” va “Rubin”ni taslim qildi. Bahslar davomida Safonov o‘z darvozasi daxlsizligni saqlab qoldi. Ayniqsa, Matvey “Spartak”ga qarshi o‘yinda to‘rtta seyv namoyish qilib, Rossiya terma jamoasining birinchi raqamli posboni nomiga loyiq ekanini isbotladi.
Chap qanot himoyachi: Duglas Santos, “Zenit”
Rossiya premer-ligasida bu pozitsiyada braziliyalik legionerga teng keladigan yo‘q. Santos barqaror o‘yin ko‘rsatyapti. Ayniqsa, asosiy raqobatchilar – TsSKA va “Dinamo”ga qarshi uchrashuvlarda ancha faol o‘ynadi.
Markaziy himoyachi: Nurali Alip, “Zenit”
Kutilmagan nomzod. “Zenit” sentyabr oyida to‘rtta o‘yinda oltita to‘p o‘tkazib yubordi. Lekin bu Nuralining o‘z pozitsiyadasidagi yorqin o‘yinini to‘sa olgani yo‘q. Alip himoyadagi vazifasilarini bajarishdan tashqari, hujum uyushtirishda va pas oshirishda ham juda ishonchli o‘yin ko‘rsatdi.
O‘ng qanot himoyachisi: Kellven, TsSKA
TsSKAning yangi o‘yinchilaridan biri jamoaga kelishi bilan asosiy figuraga aylandi. Kellven raqib hujumlarini qaytarish barobarida o‘ng qanotda reydlar uyushtirib turishga ham usta.
Chap qanot yarim himoyachisi: Joao Batchi, “Krasnodar”
Bu futbolchi “Krasnodar”ning chap qanotini sezilarli darajada kuchaytirdi. Samarali harakatlarni amalga oshirmagan bo‘lsa-da, yuqori saviyali o‘yin namoyish qildi. Joao Batchi aniq pas uzatish, raqibni aldab o‘tish va darvozaga zarba berishda ancha faol o‘ynadi.
Markaziy yarim himoyachi: Daniil Utkin, “Rostov”
Jismoniy holatini tiklab olgan Daniil “Baltika”ga gol urdi, “Ural” bilan o‘yinda raqib himoyachilarini bosim ostida ushlab turdi. U jarima maydonchasi atrofida beshta xavfli vaziyat yaratdi va olti marta darvoza tomon zarba berdi.
Markaziy yarim himoyachi: Vilmar Barrios, “Zenit”
Piterliklarning tayanch yarim himoyachisi barqarorligi bilan ajralib turadi. U sentyabr oyidagi o‘yinlarda faqat “Lokomotiv”ga qarshi bahsda bir marta xatoga yo‘l qo‘ydi. Biroq qolgan bellashuvlarda juda ishonchli o‘ynadi.
O‘ng qanot yarim himoyachisi: Nikolay Rasskazov, “Krilya Sovetov”
Samaralik universal futbolchi TsSKAga urgan goli va “Fakel” bilan o‘yindagi assisti evaziga ramziy terma jamoadan joy oldi. Shuningdek, Raskazov bir uchrashuvda 12 ta xavfli pas oshirdi.
Hujumkor yarim himoyachi: Abbosbek Fayzullaev, TsSKA
Fayzullaev sentyabr oyining eng asosiy kashfiyoti. Avvaliga TsSKAning yangi futbolchisi kam o‘yin vaqtiga ega bo‘ldi. Abbos qisqa fursatda boshlang‘ich tarkibdan o‘ziga joy ochdi. Fayzullaev yuqori intellekti va ajoyib texnikasi evaziga hammani hayratga soldi.
“Krilya Sovetov”ga qarshi bahsda zaxiradan maydonga tushib, jamoasining o‘yinini tubdan o‘zgartirdi va Fyodor Chalovga aniq pas uzatib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. “Rostov” bilan bo‘lgan o‘yinda Fayzullaevning o‘zi supergol urib, “armiyachilar”ga ochko olib berdi.
Fayzullaev sentyabr oyida ikkita bahsda to‘liq, bittasida bir bo‘lim o‘ynab, raqib darvozasiga 11 ta xavfli zarba yo‘lladi.
Chap qanot hujumchisi: Jon Kordoba, “Krasnodar”
Kolumbiyalik hujumchining samarali o‘yini “Krasnodar”ni birinchi o‘rinda olib yuribdi. “Spartak”ga qarshi murakkab o‘yinda birinchi urinishdayoq, g‘alaba to‘pini kiritdi. “Rubin” maydondagi bellashuvda bittadan gol va assist muallifi bo‘ldi. Kordoba ayni paytda Rossiya Premer-ligasidagi eng kuchli hujumchi.
O‘ng qanot hujumchisi: Artyom Dzyuba, “Lokomotiv”
Tajribali hujumchi sentyar oyida “Baltika” darvozasiga bitta gol urdi. Lekin Dzyuba jamoasi uchun juda foydali o‘yin namoyish qildi. Artyom raqib jarima maydonchasi atrofida juda ko‘p jarima zarbalari ishladi. Bundan tashqari, jamoadoshlarini to‘p bilan ta’minlashda o‘zini ko‘rsatdi. U to‘rtta uchrashuvda jami 100 ta pas uzatdi.
Fayzullaev “yulduzlik kasali”ga uchradimi?
Fikrlar