Gvardiola Barselonada yangi jamoa bilan muzokara boshladi
Ispaniyalik mutaxassis Pep Gvardiola Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda, deb xabar bermoqda TUTTOmercatoWEB manbasi.
Sky Sport ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan dam olish kunlarida Paolo Maldini va Leonardo Barselonaga tashrif buyurib, Gvardiola bilan uchrashuv o‘tkazgan. Tomonlar bir necha kun davomida ispaniyalik mutaxassisning terma jamoaga bosh murabbiy sifatida tayinlanish ehtimolini muhokama qilgani aytilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Maldini va Leonardo murabbiyga milliy jamoani rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli loyiha taqdim etgan. Reja ikki yilga emas, to‘rt yilga — 2030 yildagi jahon chempionatigacha mo‘ljallangan.
Terma jamoani yangilash jarayoni UEFA Millatlar Ligasidan boshlanishi kutilmoqda. Rahbariyatning maqsadi — yangilangan tarkib shakllantirish, uni 2028 yildagi Yevropa chempionatiga tayyorlash va Italiyani yana jahon chempionatiga olib chiqish.
Hozircha Gvardiola bilan rasmiy kelishuvga erishilmagan, biroq uning nomzodi endi faqat g‘oya darajasida emas, amaliy ravishda ham ko‘rib chiqilmoqda. Ispaniyalik mutaxassisdan tashqari, Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga da’vog‘arlar ro‘yxatida Roberto Manchini va Andrea Pirlo ham bor.
Gvardiola o‘tgan mavsum yakunlaridan so‘ng «Manchester Siti» bilan xayrlashdi. U 2016 yildan buyon klubni boshqarib kelardi va shu vaqt mobaynida olti marta Angliya chempionligi, shuningdek, Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozondi.

Fikrlar