Gvardiola ikki oʻyinga haydaldi
“Manchester Siti” futbolchilari Angliya kubogi doirasida “Nyukasl” maydonida 3:1 hisobida g'alaba qozongan uchrashuvda Xosep Gvardiola navbatdagi navbatdagi sariq kartochkani oldi va buning oqibatida ikki o'yinga diskvalifikatsiya qilindi.
“Sent-Jeyms Park”dagi o'yin davomida Gvardiola zahira hakami bilan bahsga kirishdi va “Nyukasl” himoyachisi Kiran Trippyerning “shaharliklar” vingeri Jeremi Dokuga qilgan qo'pol harakatiga nisbatan keskin norozilik bildirdi.
Natijada Gvardiola sariq kartochka oldi. Bu uning joriy mavsumdagi oltinchi ogohlantirishi bo'ldi va u ikki o'yinga chetlatildi.
Bu diskvalifikatsiya Premier-liga va Angliya kubogi o'yinlariga taalluqli, ammo evrokuboklar va ichki kubok finallariga tegishli emas.
Shu sababli Gvardiola 22 mart kuni “Arsenal”ga qarshi bo'lib o'tadigan Liga kubogi finalida jamoa zahira o'rindig'ida bo'ladi.
Biroq kelasi shanba kuni “Vest Xem”ga qarshi Premier-liga o'yini va 4–5 aprel kunlari bo'lib o'tadigan Angliya kubogi chorak finalida u jamoasini bevosita maydon chetidan boshqara olmaydi.
- Men sizlarga bir narsani aytaman. Biz bu mamlakatda barcha rekordlarni o'rnatdik — hammasini. Endi murabbiylar orasida eng ko'p sariq kartochka olish rekordi ham bizga tegishli. Men barcha rekordlarni xohlayman va endi bunga ham erishdim.
Endi ikki o'yinga diskvalifikatsiya bo'ladi va men, ehtimol, keyingi ikki o'yinda dam olishga boraman. Bu yerda yana 10 yil ishlasam ham, ba'zi narsalarni hali ham tushuna olmayman.
Takrorlarni o'zingiz ko'ring. Albatta, men Doku va barcha futbolchilarimni himoya qilaman, - dedi Gvardiola The Independent nashriga.
Fikrlar