Haydalishdan qo‘rqmaysanmi, Alonso?
O‘tgan yoz italiyalik mutaxassis Karlo Anchelotti o‘rniga “Real”ni boshqarish uchun olib kelingan ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonso katta bosim ostida qoldi.
Yaqinda “Real”ning etakchi o‘yinchilari orasida bu murabbiyning ish uslubiga e’tiroz bildirayotganlar safi ortib borayotgani haqida ma’lumotlar chiqqan edi.
Endi holat natijalarda aks etayotgandek tuyilmoqda.
“Real” La Liganing 15-turida o‘z uyida “Selta”dan 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu bahsdan keyin jurnalistlar Xabi Alonsoga kelajagi haqida savol berdi.
Gap shundaki, bir necha manbalar agar “Real” Evropa Chempionlar ligasi doirasida “Manchester Siti”ga qarshi bo‘ladigan keyingi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrasa, Xabi Alonso iste’foga chiqarilishini yoza boshladi.
- Keyingi o‘yinda “Manchester Siti”ga yutqazsak, men ishdan haydalamanmi? Hozir oldimizda turgan vazifa navbatdagi bahsda uch ochko olish. Mana shu biz uchun muhim, bor e’tibor shu masalaga qaratilgan.
Yaxshiroq o‘ynay olishimizni isbotlashimiz kerak. Vaziyatni o‘zgartirishim mumkinmi? Albatta. Biz bunga birgalikda erishamiz, - dedi Xabi Alonso.
Evropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidan o‘rin olgan “Santyago Bernabeu”dagi “Real” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi bahs 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.



Fikrlar