
Husanov, ana raqobatdan qutilding!
Yozgi transferlar oynasi yopilishiga bir necha kun qolgan pallada hamon “Manchester Siti” tarkibida jiddiy o‘zgarishlar yuz berishi davom etmoqda.
Ayni paytda klubning bir necha o‘yinchilariga boshqa klublardan taklif tushgan va mutasaddilar xaridorlar bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.
Taniqli insayder Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, “shaharliklar” tajribali markaziy himoyachi Manuel Akanjini sotib yuborishga qaror qildi. Manbaga ko‘ra, klub “Galatasaroy”ning 15 million funt sterling ko‘rsatilgan taklifini qabul qildi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, har ikki klub shveytsariyalik futbolchining transfer bo‘yicha qarorini kutyapti. Akanji hali Turkiya klubi taklifini qabul qilishga shoshilmayapti. Chunki uning oldida Germaniya varianti bor.
“Bayer” rahbariyati “Arsenal”ga o‘tish arafasida turgan Pero Inkape o‘rnini aynan Manuel Akanji bilan to‘ldirmoqchi.
Akanji Shveytsariyaning “Vintertur” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O‘z yurtida “Bazel” sharafini ham himoya qilgan. 2018 yili uni “Borussiya Dortmund” 21,5 million evro evaziga o‘z tarkibiga qo‘shib oldi va to‘rt yildan keyin “Manchester Siti”ga deyarli shu narxga pulladi.
30 yoshli himoyachi “shaharliklar” safiga qo‘shilganidan beri barcha turnirlarda 136 ta uchrashuvda maydonga tushib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari beshta gol va uchta assist muallifi bo‘lgan.
Xosep Gvardiola yangi mavsumda tarkibni qisqartirish siyosatiga alohida e’tibor qaratmoqda. Akanji hamyurtimiz Abduqodir Husanovning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi hisoblanadi. Manuel xuddi legionerimiz kabi markaxiy himoyadan tashqari har ikki qanotda o‘ynay oladi.
“Siti” yorqin yulduzini qanchaga qo‘yib yuborishi ma’lum bo‘ldi
“Manchester Siti”ning braziliyalik qanot hujumchisi Savio faoliyatini Angliya Premer-ligasining boshqa klubida davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Tottenxem” 21 yoshli futbolchini olish fikridan qaytmagan. Londonliklar transfer bo‘yicha “shaharliklar”ga bir necha bor murojaat yubordi.
Manbalarda qayd etilishicha, 56 million evrodan boshlangan taklif 70 million evrogacha ko‘tarildi. Biroq “Siti” rahbariyati bu so‘rovlarga javob qaytargani yo‘q. Ularni taklif qilinayotgan summa qoniqtirmayapti.
Jurnalist Ben Jeykobs vaziyatni o‘rganib chiqdi. Uning yozishicha, “Manchester Siti” Savioning salohiyatini o‘ta yuqori baholamoqda. Shu bois “shaharliklar”ni 80 million evrodan kam bo‘lgan summa umuman qoniqtirmaydi.
Savio “Manchester Siti”da 2024 yilning yozidan beri o‘ynamoqda. Hozirgacha barcha turnirlarda 48 ta uchrashuv o‘tkazgan legioner uchta gol va 13 ta assist qayd etdi.
“Siti” maqsadiga etishiga bir qadam qoldi
“Manchester Siti” yangi darvozabon masalasini hal qilishi talab etiladi. Ayniqsa, yozda klubga qaytarilgan Jeyms Trafford “Tottenxem” bilan o‘yinda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, hali yuqori darajada o‘ynashga to‘liq tayyor emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Buning oqibatida Xosep Gvardiolaning superdarvozabonga ehtiyoji borligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
“Shaharliklar” yangi darvozabon masalasini Janluiji Donnarumma yordamida hal qilmoqchi. Manchesterliklar italiyalik golkiperga egalik qiluvchi “Pari Sen-Jermen” bilan transfer bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.
Insayder Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, parijliklar Donnarumma transferi uchun talab qilingan summani 30-35 million evrogacha pasaytirishga rozilik bergan.
Donnarummaning o‘zi hamkorlik bo‘yicha Angliya grandi bilan kelishib olgan. Manchesterliklar bu transferni yakunlash uchun so‘nggi yillarda jamoaning asosiy darvozaboni bo‘lib kelgan Edersonni sotib yuborishi kerak.
Gvardiola, shu pulni olib, shogirdingini ber!
“Manchester Siti”ning so‘nggi yillardagi asosiy darvozaboni Ederson Moraes faoliyatini Turkiya Superligasida davom ettirishi kutilmoqda.
Braziliyalik golkiperga da’vogarlik qilayotgan “Galatasaroy” bir necha urinishi bekor ketganiga qaramay, o‘z maqsadini o‘zgartirgani yo‘q.
Taniqli insayder Nikola Skiraning ta’kidlashicha, turk klubi 32 yoshli darvozabon bo‘yicha taklifini 15 million evrogacha ko‘tardi. Avval “shaharliklar” 10 million evrolik taklifni qabul qilmagan edi.
Istanbulliklar Edersonning o‘ziga uch yillik shartnoma bermoqchi. Bu muddat ichida tajribali futbolchi etti million evro ishlab oladi.
Ederson 2017 yildan beri Xosep Gvardiola jamoasida o‘ynab keladi. Manchesterliklar darvozabonni olish uchun “Benfika”ga 40 million evro to‘lagan edi. Edersonning amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyunida tugaydi.
Fikrlar