Husanov Angliyada “top-5”ga kirdi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov joriy mavsumda “Manchester Siti”ning asosiy tarkibida o‘ynashga qodir ekanini isbotlab kelmoqda.
Angliya futboli ekspertlari tahlilida 21 yoshli o‘zbek futbolchining ko‘rsatkichlari tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi.
Jahon futbolida statistik tahlilni amalga oshiradigan Squawka tadqiqot markazi Angliya Premier-ligasida raqibdan to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha eng yuqor ko‘rsatkichni qayd etayotgan futbolchilar reytingini tuzdi.
Unga ko‘ra, “Manchester Siti”ning o‘zbek himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya Premier-ligasida to‘p olib qo‘yish bo‘yicha eng yaxshi natija qayd etgan o‘yinchilarning “top-5” reytingiga kirdi.
Husanovning uchrashuvlarda raqibdan to‘pni olib qo‘yig ko‘rsatkich 91,7 foizni tashkil qilmoqda. Bu Angliya Premier-ligasining joriy mavsumida musobaqa qaydnomasidan o‘tkzilgan 544 nafar o‘yinchi orasida beshinchi natijadir.
Agar APLdagi barcha himoyachilar ko‘rsatkichini inobatga olsak, Husanov to‘p olib qo‘yish bo‘yicha kuchli to‘rtlikka kiradi. “Manchester Siti”ning 29 nafar o‘yinchisi o‘rtasida Abduqodir to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha eng zo‘r ikki futbolchidan biriга aylandi.
Nufuzli nashrning ta’kidlashicha, joriy mavsumdagi Premier-liganing Husanov ishtirok etgan sakkiz o‘yinidan yettitasida uni raqiblar atigi bir marta aldab o‘ta olgan va o‘sha holatda ham Abduqodir o‘zining odatiy pozitsiyasi bo‘lgan markaziy himoyada emas, o‘ng qanotda to‘p tepgan edi.
Futbol olamining eng kuchli murabbiylaridan hisoblangan Xosep Gvardiola ham o‘zbekistonlik shogirdining o‘ziga xos noyob xususiyatlari borligini alohida tilga oldi.
- Husanov juda ishonchli futbolchi. Uning o‘ziga xos noyob qobiliyatlari va xususiyatlari bor. Haqiqatan ham u o‘zgacha o‘yinchi.
Abduqodir orqa chiziqdagi holatlarning barchasini bartaraf etadi. Uning o‘zi ham shunday o‘ynashdan rohat oladi.
Husanov qadamma-qadam yanada kuchayib boradi. U har doim 100 foiz bor kuchi bilan o‘ynaydi. Bu — top transfer! Unda noyob sifatlar bor, - dedi Xosep Gvardiola.
Abduqodir Husanov joriy mavsumning birinchi yarmida “Manchester Siti” tarkibida asosan o‘ng qanot himoyasida o‘ynadi. Ayni paytda klubda markaziy himoyachilar bilan bog‘liq muammo kuchayib ketgani bois, bor e’tiborini mudofaa markazini mustahkam ushlashga harakat qilmoqda.
Fikrlar