
Husanovning “Siti”ga transferi “g‘alati” bo‘ldi!
Abduqodir Husanovning “Lans”dan “Manchester Siti”ga o‘tishi 2025 yilning eng shov-shuvli transferi sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, “shaharliklar” 20 yoshli o‘zbek futbolchisi uchun jami 50 million evro miqdorida xarajat qilishga ko‘ngani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Angliya matbuoti Husanovning transferini tahlil qila boshladi. Aksariyat manbalar bu transfer borasida ijobiy fikr yuritmoqda. Biroq hali grand klublarda to‘p tepish tajribasiga ega bo‘lmagan legionerimiz uchun “Manchester Siti”ning katta xarajat qilganini oqlamayotgan ekspertlar ham bor.
Nufuzli manbalardan biri – footballinsider247.com sayti jurnalisti Ben Palmer moliya bo‘yicha taniqli ekspert Stefan Borsonning Abduqodir Husanov transferi borasidagi tahlillarini chop etdi.
Sports.uz portali ushbu maqolani o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etishni ma’qul topdi.
- “Manchester Siti” joriy mavsumda Premer-liganing 21 ta uchrashuvida o‘z darvozasidan 29 ta to‘p olib chiqdi. O‘tgan yili “shaharliklar” butun chempionat davomida 34 ta gol o‘tkazgan edi xolos.
“Siti” O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisi Abduqodir Husanovni yanvar oyi uchun asosiy nishon sifatida belgiladi va BBC Sport nashri ma’lum qilishicha, uning transferiga 33,6 million funt sterling sarfladi.
Yosh o‘zbek himoyachisi jarohatlarga moyil bo‘lib qolgan Jon Stounsning o‘rnini egallashi kutilmoqda. Biroq moliya sohasi eksperti Stefan Borson bu transfer bo‘yicha o‘ziga yarasha xavotirli holatlar borligini ta’kidladi.
Bu mutaxassis Husanovning transferida uning yaqqol ajralib turgan jismoniy xarakteristikasidan tashqari, boshqa har qanday jihat “g‘alati” bo‘lgani va bu transfer o‘zini oqlay olmaslik ehtimoli borligini bildirdi.
Borsondan “Lans” himoyachisining transferi nega uni xavotirga solayotganini so‘rashganidan u “Bu futbolchining professional tajribasi katta emas, madaniy qarashlar borasida murakkab o‘yinchi va Gvardiola uslubiga mos emas, bu tizimda yillab tayyorlangan o‘yinchilardan u qadar ustun emas”, degan mazmunda baho berdi.
Husanov jamoaga taklif qilingan yagona markaziy himoyachi emas. “Siti” mutasaddilari “Palmeyras”dan Vitor Reysni ham oldi. Bu bejiz emas, albatta.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola oxirgi paytda uning jamoasi himoya chizig‘ida katta qiyinchiliklarga duch kelganini ko‘rdi. Manchesterliklar Premer-liganing oxirgi ettita uchrashuvidan faqat bittasi darvoza daxlsizligini saqlab qola oldi.
Jon Stounz va Ruben Diash jarohat olganida jamoa himoyachilarsiz qiynaldi, Kayl Uoker boshqa klubga ketishni ma’qul topdi va shu bois “shaharliklar” himoya chizig‘i yanvarda jiddiy o‘zgarishlarga yuz tutmoqda.
20 yoshli Husanov “Lans”da endigina ikkinchi mavsumini o‘tkazayotgan edi. Shunga qaramay, u Frantsiya klubida jami 31 ta uchrashuvda ishtirok etdi va shuning o‘zi “Siti” rahbariyatida ijobiy taassurot qoldirishi uchun etarli bo‘ldi.
Angliyadagi himoyachilarga solishtirganda o‘zbek futbolchisining jismoniy jihatdan aytarli ustunligi sezilmaydi, biroq u juda tezkor va o‘yinni zo‘r “o‘qiy” oladi. Uning profilini “shaharliklar”ning boshqa himoyachisi Natani Akega o‘xshatish mumkin.
Endi hammani qiziqtirayotgan savol shundan iboratki, Abduqodir “Manchester Siti” safiga qo‘shilishi bilan Xosep Gvardiola unga darrov boshlang‘ich tarkibdan joy beradimi yoki tajribasini oshirish uchun boshqa klubga jo‘natadimi? Buni tez orada bilib olamiz, - deb yozdi footballinsider247.com sayti jurnalisti Ben Palmer.
Fikrlar