
Ishsiz qolib ketgan murabbiylar
Ayni damda, bir nechta top-darajadagi murabbiylar ishsiz qolib ketmoqda. Ulardan ayrimlari o‘zi uchun yaxshi taklif kelishini kutayotgan bo‘lsa, qolganlari biroz muddat o‘ziga kelib olish maqsadida pauza olgan. Bugun ayni damda yangi takliflarni kutayotgan murabbiylar haqida fikr yuritamiz.
Tomas Tuxel
2020 yilning oxirgi kunlarida Tomasga Parij jamoasi chiqish eshiklarini ko‘rsatib yubordi. Vaholanki, bunga qadar nemis mutaxassisi yomon mavsum o‘tkazmagan edi. Afsuski, jamoaning etakchi futbolchilari bilan kelib chiqqan mojarolar Tuxelning erta ishdan ketishiga sabab bo‘ldi.
Klubni Evropa Chempionlar Ligasining finaliga qadar etaklab borgan murabbiy endi ishsiz qolib ketdi. «Bild» nashrining ma’lum qilishicha, ayni damda mutaxassis ancha og‘ir ruhiy holatga tushib qolgan. Shu bois, biroz muddat Germaniyada oilasi davrasida bo‘lmoqchi. Katta ehtimol bilan, ishga kelasi mavsum startida qaytishni rejalashtirmoqda.
Massimo Karrera
Italiyalik murabbiy Rossiyaning «Spartak» jamoasini chempionlikka etaklagani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Afsuski, Massimo Moskva klubida uzoq qolmadi. Qahramonimizning so‘nggi klubi Gretsiyaning AEK jamoasi bo‘lib turgan edi, biroq murabbiyni yana iste’foga chiqarishdi.
Vaholanki, o‘tgan mavsumda Karrera AEK bilan ijobiy natijalar qayd etdi. Ichki chempionatda bronza medal. Kubok bahslarida uning shogirdlari yarim finalga qadar etib kelishni uddaladi. Afsuski, joriy mavsumda Karreraning o‘yin sxemasi ish bermay qoldi. Klub muxlislari italiyalik murabbiyga qarshi bannerlar ko‘tarishni boshladi. Oqibatda, klub Massimoni ishdan olishga majbur bo‘ldi.
Ayni damda, mutaxassis oilasi bilan Italiyada. Unga Osiyo klublaridan takliflar mavjud, biroq qahramonimiz biroz muddat sabr qilmoqchi. U o‘z kuchini A Seriyada sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda.
Lyusen Favr – «Borussiya» Dortmund
Dekabr oyining o‘rtalarida Dortmund klubi «Shtutgart»dan (1:5) alamli mag‘lubiyat qabul qilib oldi. Oqibatda, murabbiyga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. 63 yoshli mutaxassis hech qanday janjallarsiz postni topshirdi.
Favr «Borussiya» bilan o‘tgan mavsum EChLda juda ishonchli to‘p surdi. Chempionatda kuchli uchlikka kirdi va 2018 yilda Germaniya Superkubogida zafar quchdi. Shunga qaramay, nemis klubi oldiga kattaroq maqsad qo‘ygan murabbiyga ehtiyoj sezdi, shekilli…
Bugungi kunda Favrga bir nechta frantsuz klublari qiziqib qolgan. Shuningdek, ayrim terma jamoalar ham Favrga shartnoma taklif qilmoqda. Murabbiy esa, hozircha birorta taklifni ko‘rib chiqqani yo‘q.
Kike Seten – «Barselona»
Ernesto klubni tark etgach, zudlik bilan «Barselona» «Betis» bosh murabbiyi – Kike Setenni jamoaga jalb etdi. To‘g‘risi, bu tavakkal qaror o‘zini oqlashi dargumon edi, ammo Bartomeu klubda yana bir yil qolish maqsadida kutilmagan ishga qo‘l urdi.
Kutilganidek, grandlar bilan ishlashda tajribasizlik Kikega pand berdi. Uning qo‘l ostida «Barselona» chempionlikni qo‘ldan chiqardi. Mavsumni birorta sovrinsiz yakunladi. Eng achinarlisi esa, «Bavariya»dan 8 ta gol o‘tkazib yubordi.
Murabbiy iste’foga chiqqach, ancha muddat mediaolamda ko‘rinish bergani yo‘q. Uning ahvoli bilan qiziqqan Visente Del Boske, ispan nashrlari iltimosiga ko‘ra, kattagina intervyu tashkillashtirdi. Ushbu suhbatda, Kike o‘z odatiga sodiq qolgan holda kamtarin fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Men hali-beri futbolga qaytmoqchi emasman. Uyda o‘zimni yaxshi his etmayman. Dengiz bo‘yida, o‘zim sevgan sigirlar parvarishi bilan bandman. Men hech qachon futboldan nolimayman. Sababi, 40 yil shu sport ichida bo‘ldim. Hayotda erishgan barcha yutuqlarim uchun futboldan minnatdorman!»
Mauritsio Sarri – «Yuventus»
Turin klubi «Chelsi» bilan aytarli hech narsaga erisha olmagan Sarrini ishga taklif etdi. Avvaliga, yangicha uslubdagi futbol «Yuve»ga noqulaylik tug‘dirdi. Tinimsiz paslarga tayangan jamoada Ronaldu va Dibala ko‘rinmay qoldi.
Murabbiyning taktikaga berilib ketishi, kutilganidek, yaxshi natijalarni olib kelmadi. To‘g‘ri, «Yuve» Skudettoni qo‘lga kiritdi, ammo EChLdagi omadsizlikni muxlislar kechira olmadi. «Lion» ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra, «Yuventus»ni Turinda mag‘lub etgani muxlislarning g‘azabini qo‘zg‘atib yubordi. 61 yoshli murabbiy anchadan beri o‘zi uchun yangi klub izlash bilan band. Bundan bir necha oy avval, uni «Napoli»ga qaytishi haqida so‘zlashgan edi. Ammo Neapol klubi Gattuzoga ishonch bildirishga qaror qildi. Hozirda, Sarri o‘z g‘oyalarini yanada takomillashtirish ustida ish olib bormoqda.
Ernesto Valverde - “Barselona”
Kataloniya klubining moliyaviy va ruhiy og‘ir holatga tushib qolishiga asosiy sabab – bir mavsum ichida ikki bor murabbiyni almashtirgani bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz.
«Chumoli» Kataloniya klubi safida yomon ishlamadi. Chempionlikni qo‘lga kiritdi. Kubokda zafar quchdi. Afsuski, Evropa Chempionlar Ligasida har safar nimadir etmay qolaverdi. Ayniqsa, o‘zining so‘nggi mavsumida Valverde «Enfild»da tarsaki qabul qilib oldi. Keyin, kubok bahsining yarim finalida «Atletiko» «Barsa»ni mag‘lub etdi.
Achinarlisi shundaki, klub Ernestoga oxirigacha imkon bergani yo‘q. Rahbariyat Evro-arenadagi natijalardan umid qildi, katta transferlarni amalga oshirdi, biroq natija kelavermagach, Valverdeni ishdan oldi. Aynan uning ketishi, klubning ichidan emirilishini tezlashtirib yubordi.
Hozirda, murabbiy futbolga yana qaytish borasida o‘ylamoqda. Yaqinda Moskvaning «Spartak» jamoasi tomonidan berilgan taklifni qahramonimiz rad etdi. U o‘z murabbiylik kelajagi borasida hali yakuniy qarorga kelganicha yo‘q.
Fikrlar