Jasur Yaxshiboev, chempionlik muborak!

  • 28 noyabr, 2020, 18:10
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Belarus chempionati Yaxshiboev uchun ajoyib nuqtada yakunlandi. So‘nggi daqiqaga qadar chempion nomi noaniq bo‘lib turgan pallada hammasi legionerimiz uchun juda yaxshi tugadi. Bir umr unutilmaydigan o‘yin bo‘ldi.

Tecno

Ushbu mamlakat oliy ligasini kuzatayotgan muxlisu mutaxassislarning e’tibori, asosan ikki uchrashuv – Soligorskdagi “Shaxtyor” –  “Minsk” va poytaxtdagi “Dinamo-Minsk” – BATE uchrashuviga qaratildi.

Soligorskdagi uchrashuv haqiqatan dramatik tarzda o‘tdi. “Minsk” futbolchilari chempionlikni taqdim etishi mumkin bo‘lgan g‘alaba ilinjida to‘p surgan mezbonlarni rosa qiynadi. Mehmon jamoa uchrashuv davomida ikki marta hisobda oldinga chiqib oldi. Gleb Jerdev va Anton Shramchenko bittadan gol urib, “Shaxtyor”ning orzusini armonga aylantirishiga bir bahya qoldi.

Soligorskliklar Yuriy Kendish va Artyom Arxipovning gollari evaziga hisobni tenglashtirdi.

Uchrashuv durang bilan yakunlanishi arafasida stadion “portladi”. “Shaxtyor” vakili Roman Begunov 90-daqiqada faoliyatidagi eng muhim golni urdi – 3:2. Uchrashuv yakunlanishi arafasida, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Artyom Arxipov hafsalasi pir bo‘lib, kurashdan to‘xtagan mehmonlar darvozasini yana bir bor ishg‘ol qildi va yakuniy hisobni o‘rnatdi - 4:2.

Chempionlik uchrashuvida Jasur Yaxshiboev bir soatdan ko‘proq to‘p surdi.

orig_514221

Soligorsklik muxlislar chempionlikni uzoq kutdi. "Shaxtyor" jamg‘armasidagi yagona oltin medalni 2005 yilgi chempionatda qo‘lga kiritgan edi. Shunday buyon ancha vaqt o‘tdi. Oltita kumush va sakkizta bronza medal ham chempionlik chanqog‘ini bosolmaydi, albatta. 

“Shaxtyor” futbolchilari uzoq kutilgan chempionlik uchun “Dinamo-Minsk” jamoasidan minnatdor bo‘lishi kerak.

Ketma-ket oltita g‘alabadan so‘ng, Belarusning chempionlik bo‘yicha rekordchisi – BATEga qarshi uchrashuvda “Dinamo-Minsk” futbolchilari o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay oldi. Jami 19 ta gol bilan to‘purarlar peshqadami bo‘lgan Maksim Skavish ham xarchand urinmasin, raqib darvozasiga yo‘l topa olmadi. To‘g‘risi, Maksim shu kuni birgina aniq zarba uchun 19 ta golini berib yuborishga ham tayyor edi.

Keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan bahsda hisob ochilmadi. Natijada BATE og‘zidagi oshini “Shaxtyor”ga oldirdi.

So‘nggi tur yakunlariga ko‘ra, “Shaxtyor” ochkolari sonini 59 taga etkazib, BATEdan bir ochkoga o‘zib ketdi. Shu bilan birga chempionat oltin medali va Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Musobaqada uchinchi o‘rin 56 ochko jamg‘argan “Torpedo-BelAZ”ga nasib qildi.

photo_2020-11-28_15-51-59-h4bz9

Biz uchun ahamiyatlisi, Jasur Yaxshiboev legioner sifatida Belarus chempioni bo‘ldi.

Hamyurtimizning shaxsiy yutuqlari va natijalari ham havas qilgulik. U to‘purarlar bahsida 16 ta gol bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik legioner gol+pas tizimida 22 ball bilan etakchiligi va chempionatning eng foydali futbolchisi nominatsiyasidagi ustunligini saqlab qoldi.

Tarixiy chempionlik muborak, Jasur!

Yaxshiboevda chempionlik uchun so‘nggi imkon. Bugun Belarus chempionati yakunlanadi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Bek Mahdiy
28/11/2020 18:30
Бундай мухим уйинларга рухан таер булиш КК жасурда бу етишмади шунинг учун уни алмаштириб хато килмади