Moskvada “o‘zbekcha derbi”ni ko‘ra olmadik

  • 05.12.2020 20:29
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

O‘zbekistonlik legionerlarning jamoalari o‘zaro to‘qnash kelsa, muxlislarimiz ularning maydonda bir biriga qarshi qanday o‘ynashini tomosha qilishni istaydi. Xususan, bugun Rossiya premer-ligasining 17-turidan o‘rin olgan “Spartak” va “Tambov” uchrashuvida ham Oston O‘runov va Jasur Jaloliddinov duelini ko‘rishni umid qilgandik.

Biroq, unday bo‘lib chiqmadi. Qishki transferlar davrida “Spartak”dan ketishi kutilayotgan Oston O‘runov bu gal ham o‘ziga imkon berilishini kutib uzoq o‘tirdi va zaxiradagi o‘rindig‘ini sovutgani yo‘q. Jasur Jaloliddinovga muammolar girdobiga g‘arq bo‘lgan “Tambov”ning qaydnomasidan ham joy berilmadi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Jasur allaqachon yurtimizga qaytib kelgan.

O‘yin kutilganidek, mezbonlar ustunligida o‘tdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida mashhur hujumchi Xenrik Larssonning o‘g‘li Jordan otasi qilgan ishni qildi – raqib darvozasiga to‘p kiritdi.

63-daqiqada “Spartak”ning argentinalik hujumchisi Esekel Ponse  mehmonlar darvozasini ikkinchi marta aniq nishonga oldi. Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas tambovliklardan German Onugxa gol urib, o‘yinga bir necha daqiqalik intrigani qaytardi.

“Tambov”ning qarshiligi oxirigacha etmadi. So‘nggi daqiqalarda yana Jordan Larsson, Samuel Jigo va Esekel Ponse bittadan gol urib, yakuniy hisobni o‘rnatdi – 5:1.

E’tibor bering, “Spartak”ning g‘alabasini legionerlar – Shvetsiya, Argentina va Frantsiya futbolchilari ta’minlab berdi.

Oston O‘runov esa 90-daqiqada maydonga tushdi va to‘rt daqiqa o‘ynadi xolos.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!