Quvondiqning quvonchi cheksiz
"Qo‘qon-1912" a’zosi Quvondiq Ro‘ziev O‘zbekiston milliy terma jamoasida debyut o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper oldinda turgan bo‘lajak o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun tarkibni e’lon qilganidan xabaringiz bor. Unda esa ayrim yangi futbolchilarning nomlarini ham ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, Superligada oxirgi o‘rinda borayotgan «Qo‘qon-1912» jamoasidan yarim himoyachi Quvondiq Ro‘ziev ham bosh murabbiyning e’tiboriga tushdi.
- Milliy terma jamoadan chaqiruv olganingiz bilan sizni tabriklayman. Ayting-chi, bu xabarni dastlab kimdan eshitdingiz?
- Uchta tur oldin biz Toshkenda «Bunyodkor» jamoasi bilan o‘ynagandik. O‘sha uchrashuvda milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper ham o‘yinni kuzatish uchun kelgandi. Mazkur bahsdan ikki kun o‘tganidan so‘ng jamoamiz murabbiyi Aziz To‘xtaboev menga qo‘ng‘iroq qilib, terma jamoamizning kengaytirilgan tarkibiga kiritilibsan, xujjatlaringni to‘g‘rilab turgin, balki sen ham Turkiya bilan o‘yinga ketib qolishing mumkin degandi. Ammo o‘sha paytda kengaytirilgan tarkib deganidan so‘ng meni darhol yig‘inga chaqirishadi deb o‘ylamagandim. Biroq surxondaryolik sinfdosh do‘stlarim menga qo‘ng‘iroq qilib, terma jamoa ro‘yxatiga kiritilganim bilan meni tabriklashdi. Keyin o‘zim ham saytga kirib qarasam chindan ham ro‘yxatda mening nomim bor ekan. Ochig‘i, ichimdan nimalar o‘tganini tushuntirib bera olmayman. Har qanday futbolchi ham vatan sha’nini himoya qilishni chin qalbidan xohlaydi. Chunki futbol o‘ynashdan ham asosiy maqsadingiz aslida ham shu-da. Agar bunga erishmasangiz shunchaki umringiz o‘tib ketgan hisoblanadi. Ozroq bo‘lsa ham qilayotgan mehnatlarimiz to‘g‘ri yo‘ldaligi uchun terma jamoadan chaqiruv oldim. Lekin bu meni milliy terma jamoaga muntazam ravishda chaqirilasan degani emas. Shunga qaramay, men uchun terma jamoa eshiklari ochildi. To‘g‘risi, Superliganing oxirgi o‘rindagi jamoasida o‘ynab turib milliy termaga taklif etilishimni kutmagandim. Bu esa har bir o‘yinchida termada o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat bor deganidir. Bosh murabbiy meni bejizga chaqirmaganini qo‘limdan kelganicha isbotlashga harakat qilaman.
- Biz ham «Qo‘qon-1912»ning «Bunyodkor»ga qarshi uchrashuvini kuzatgandik va o‘shanda maydonda eng faol o‘yinchilardan biri bo‘lgandingiz. Ushbu bellashuvda Ektor Kuperning borligi ham sizga qo‘shimcha motivatsiya berganmidi? Unga o‘zingizni ko‘rsatish uchun ham o‘ynaganmidingiz?
- O‘sha o‘yinda birinchi taymning oxirlarida Kuperga ko‘zim tushdi. Shunda o‘zimga-o‘zim gapirdim: mana, senga termaga tushish uchun imkoniyat, hamma narsa bo‘lishi mumkin, endi maydonga xuddi oxirgi marta tushayotgandek o‘ynagin, deya ruhiyatimni ko‘tardim. Natijada ikkinchi bo‘limga o‘zimni boshqacha tayyorladim. Hisobda ortda qolayotganimiz va Kuperning stadionga kelganligi uchun ham menda ikki barobar qo‘shimcha kuch paydo bo‘lgandi. Darhaqiqat, ikkinchi bo‘limni o‘zim kutgandek o‘tkaza oldim.
- O‘zingiz aytganingizdek, oxirgi o‘rindagi jamoadan ham termaga futbolchi chaqirilyaptimi, demak, hammasi uning o‘ziga bog‘liqligini yana bir bor ko‘rsatib turibdi. Endi milliy termada sizdan bundan-da yaxshi o‘yinlarni kutishadi…
- Ochig‘i, hozirdan qattiq hayajondaman. Chunki yoshligimdan turli terma jamoalarga nomzod bo‘lganman-u, ammo hech qanday musobaqalarda ishtirok etmaganman. Masalan, yoshlar va olimpiya terma jamoalariga 5-6 marta chaqiruv olganman. Biroq asosiy turnirlarga kelganda qaydnomadan o‘rin olmaganman. Endi esa milliy terma jamoaga taklif qilishdi va bu men uchun umuman boshqacha dunyo bo‘ladi. Endi o‘zimdagi hayajonni engib, muxlislar oldidagi yuzimni yorug‘ qilishni istayapman.
- Ektor Kuper bilan ilk bor ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib turibsiz. Ammo ungacha ham argentinalik mutaxassis haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. U haqida nimalarni bilasiz?
- Eshitgan bo‘lsangiz, Ikrom Aliboev mening yaqin do‘stim. U bilan yoshligimdan birga katta bo‘lganman. Ikrom bilan muntazam ravishda aloqadaman. Osiyo Kubogida ham va yana boshqa o‘yinlarda ham u bilan gaplashib turardik. Kuper boshqacha mutaxassis, uning boshchiligida baribir Evropa futbolining nafasi bilinib turadi deya o‘zining tili bilan ta’riflab bergandi. Lekin o‘shanda Aliboevning aytgan gaplarini o‘zim uchun unchalik yaxshi anglay olmaganman. Albatta, Kuperni qanday saviyadagi murabbiyligini hammamiz bilamiz. Ammo u bilan hali ishlamaganim uchun Ektor Kuper men uchun ham juda qiziq. Endi ertaga farzandlarimga hech bo‘lmaganda Kuper bilan 12 kunlik yig‘inda birga ishlaganman deb ayta olaman.
- Balki 12 kunlik yig‘in siz uchun birinchisi va oxirgisi bo‘lib qolmasligi ham mumkin. Agar Kuperning ishonchini qozongansiz, bu siz uchun yaxshi. Murabbiyning ishonchini qozonish sizga ruhiy tomondan katta qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Bu men uchun yangi bosqich. Hattoki, men hali muxlislar to‘la katta stadionlarda o‘ynab ko‘rmaganman. Siz milliy terma jamoa libosini kiydingizmi, sizda baribir boshqacha kuch va ishtiyoq paydo bo‘ladi va buning o‘ziyoq sizga kuch beradi. O‘z imkoniyatlarimdan-da yuqorirog‘ini ko‘rsatishga harakat qilaman. Biz bitta shaharchani emas, balki O‘zbekiston sha’nini himoya qilish uchun maydonga tushamiz. Buning o‘zi sizga katta motivatsiya beradi.
- 10 ta o‘yinda bor yo‘g‘i 6 ochko jamg‘argan «Qo‘qon-1912»ning oxirgi o‘rindaligi ajablantirmoqda. Umuman olganda, klubga nima bo‘lyapti?
- Mag‘lubiyatlarga uchrayversangiz, endi qanday yutamiz ekan, degan savol miyangizga o‘rnashib qoladi. Biz uchun eng katta minus shundaki, biz hali o‘z maydonimizda o‘ynamayapmiz. Ketma-ket yutqazyapmiz. Masalan, «Nasaf» bilan Qo‘qonda o‘ynashimiz kerak edi, ammo Qarshiga bordik. «Andijon» va «Buxoro»ga qarshi ham Farg‘onada to‘p surdik. Muxlislar ham bu o‘yinlarga kam keldi. «Andijon» bilan o‘yinda esa biz xuddi andijonliklarning maydonida o‘ynayotgandek bo‘ldik. Chunki o‘sha kuni «Andijon»ning muxlislari ko‘proq edi va o‘z jamoasini faol qo‘llab-quvvatlashdi. Ushbu uchrashuvlarni Qo‘qonda o‘tkazib, hech bo‘lmaganda bir g‘alaba va bir durang qayd etganimizda ham hozir oxirgi o‘rinda emas, balki 10-o‘rinlarda bo‘lardik. Ammo hozirgi vaziyatdan fojea yasash kerak emas. Ikkinchi davrada 9 yoki 10 ta uchrashuvni o‘z maydonimizda o‘tkazamiz. Qolaversa, hali oldimizdagi klublar bizdan ancha ilgarilab ketishgani ham yo‘q. O‘z uyingda devorlar ham yordam beradi degan gap ham bor. «Paxtakor» bilan «Lokomotiv» chempionlik uchun kurashayotgani bois ularga har bir o‘yin finalga teng va yutishga majbur. Qolgan klublar esa avvalo o‘z maydonida muxlislarini xursand qilish harakatida bo‘lishadi. Shu bois ikkinchi davrada biz uchun boshqacha bo‘ladi.
- «Qo‘qon-1912» jarlikka tushib qolgani oqibatida bosh murabbiy ham iste’foga chiqarildi. Bunga sizning munosabatingiz qanday?
- Gapning ochig‘i, murabbiy almashganidan xafa bo‘ldim. No‘’mon aka Qo‘qon futbolini yangi bosqichga olib chiqa olgandi. Murabbiy boshqa klublarda zaxirada o‘tirgan aytaylik, Murod Xolmuhammedov, Javohir Sidiqov kabi futbolchilarni chaqirib, ularning yangicha qirralarini ochib bera oldi. Masalan, men ham «Lokomotiv»da zaxirada o‘tirgandim. «Qo‘qon-1912»ga kelib esa yana katta ishtiyoq bilan o‘ynashga kirishdim. Kerak bo‘lsa, ishqibozlarni ham stadionlarga qaytara oldi. O‘tgan yili «Paxtakor», «Lokomotiv», «Bunyodkor» kabi jamoalarga qarshi uchrashuvlarda yutqazmadik, durang va g‘alabalar qozondik. O‘sha etakchilar biz bilan bahslarda uch ochkoni qo‘lga kirita olishmadi. O‘ylashimcha, No‘’mon akaga yana biroz vaqt berib, ikkinchi davrani kutish kerak edi. Agarda o‘z uyimizda o‘ynab yutqazganimizda ham boshqa gap edi. Hech bo‘lmaganda murabbiyga yana ikkita o‘yinda imkoniyat berish kerak edi. Chunki No‘’mon aka Hasanov o‘z imzosiga ega bo‘lgan murabbiylardan biri.
- «Qo‘qon-1912» qachon o‘z maydonida o‘ynaydi?
- 15 iyun kuni «Dinamo»ga qarshi o‘z maydonimizda o‘ynaymiz. Biz ham, muxlislar ham buni orziqib kutishmoqda. To‘g‘risi, jamoamiz uchun chempionat endi boshlanayotgandek. Qo‘qonda o‘ynashimizni oylab kutdik. Bu o‘yin biz uchun juda ham muhim. Ishqibozlar oldida yuzimizni yorug‘ qilishni xohlaymiz. Biz bungacha safarda chin dildan o‘ynayotganimizni isbotlaydigan payt keldi. Chunki safar uchrashuvlarida bizga muxlislarning ham daldasi etishmayotgandi.


Izohlar (0)