
“Real”ga qaytmayman!
“Real” akademiyasi har yili ko‘plab iste’dod egalarini uchirma qiladi. Ularning aksariyati asosiy jamoaga kira olmaydi va omadini boshqa klublardan qidiradi.
A Seriya kashfiyotiga aylangan Nikolas Pas ham “Qirollik klubi”dan etishib chiqqan. O‘tgan yili klub uni 6 million evroga “Komo”ga sotib yuborgan edi.
Pas o‘z o‘yinlari bilan Evropaning qator klublari nazariga tushdi. Hatto “Real”ni qabul qilib olgan Xabi Alonso ham Pasni ortga qaytarish g‘oyasini ilgari surmoqda.
El Larguero nashrining yozishicha, 20 yoshli futbolchi Madridga qaytishga shoshilmayapti. U “Real”da yana o‘yin amaliyotisiz qolib ketishidan cho‘chiyapti. Pas yana bir mavsum “Komo”da qolib mahoratini yaxshigina toblamoqchi.
Ta’kidlash joizki, argentinalik iqtidor egasining transfer summasi bir mavsumda 35 million evroga ko‘tarildi. Biroq “Real”da bu o‘yinchini arzon narxga qayta sotib olish huquqi bor.
Fikrlar