
"Real"ning "ovozini o‘chirishmoqchi"!
"Real" Madrid o‘yinlar vaqtida o‘z uy stadioni "Santyago Bernabeu"da e’lonlar va musiqa ovozini pasaytirdi. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, stadion yaqinida yashovchi aholi “Espanol” bilan o‘yin (4:1) vaqtidagi shovqin-surondan shikoyat qilgan. Qayd etish lozimki, “qirollik klubi” stadionda kontsertlar va boshqa tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat olish va imkon qadar kam shovqinchiqarish uchun “Bernabeu”da ovoz o‘tkazmaydigan konstruktsiyalarni amalga oshirmoqda. Shu sababli 2025 yilning bahoriga qadar rejalashtirilgan barcha kontsertlar qo‘shnilarning shovqin bo‘yicha shikoyatlari tufayli bekor qilingan edi.
Shuningdek, “Alaves”ga qarshi o‘yin (3:2) oldidan futbolchilarning chigalyozdi mashg‘ulotlarida stadiondagi musiqa ovozi pasaytirilgani ma’lum qilingan. O‘shanda stadionning ommaga murojaat qilish tizimi bo‘yicha e’lonlar ovozi ham pastlatilgan, biroq o‘yin boshlanganidan so‘ng suhandon odatdagi ovozda e’lon qilgan.
Qayd etilishicha, "Real" muxlislari ushbu o‘zgarishlardan norozi.
"Hali shunday vaqtlar keladiki, gollarni jimgina nishonlashga majbur bo‘lamiz. Ular bu erni kontsert maydoni emas, futbol stadioni ekanligini aytib nolidilar, endi esa gol nishonlashdan ham bezovta bo‘lishmoqda. Oxiri Florentino Peres (“Real” prezidenti) barcha binolarni sotib olishiga to‘g‘ri keladi shekilli”, — dedi klub muxlislardan biri.
Fikrlar