”Roma” nishonidagi erkin agentlar

  • 16 aprel, 2020, 20:31
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Koronavirus tufayli paydo bo‘lgan iqtisodiy inqiroz transfer bozoriga jiddiy ta’sir o‘tkazyapti.

Tecno

Bir qancha jamoalar pandemiya boshlashinishidan avval shartnoma imzolashni mo‘ljallagan futbolchilarni transferini amalga oshirish imkoniyatini yo‘qotmoqda. Butun dunyoni vahimada ushlab turgan pandemiya sababli erkin agentga aylanadigan futbolchilarga e’tibor kuchli bo‘lyapti. Kelayotgan yozda esa ular juda ko‘payadi.

Italiya jamoalari bepul yoki uncha qimmat bo‘lmagan va shu o‘rinda tajribali futbolchilarni jamoaga olib kelish bo‘yicha oldingi o‘rinlarda turadi. Yoz oyida “Roma” jamoasi erkin agentga aylanadigan bir qancha futbolchilarni ro‘yxatini tuzib chiqishdi va ularni jamoaga olib kelish uchun harakat qilishmoqchi. Hozir esa rimliklarning ro‘yxatidan o‘rin olgan futbolchilar haqida suhbatlashamiz.

Yan Vertongen

Vertongen

Belgiyalik futbolchi “Tottenxem”dagi sakkizinchi va katta ehtimol bilan oxirgi mavsumini o‘tkazmoqda. Jamoa 32 yoshli futbolchiga bir necha marotaba shartnoma taklif qildi va har gal rad javobini oldi. Bunga sabab esa shartnoma muddati edi. “Tottenxem” 1 yillik shartnoma taklif qilgan bo‘lsa, Vertongen 2 yillik shartnoma talab qildi. Tomonlar kelisha olishmadi.

Futbolchining agenti Tom De Mul mijozi yana bir necha yil yuqori formada to‘p sura olishini aytib o‘tdi. “Tottenxem” taklif qilayotgan shartnoma Vertongenni qoniqtirmayotganini tasdiqladi. Qishgi transferlarda futbolchiga “Inter” va “Napoli” qiziqish bildirdi. Ammo “shporlar”shartnomasi yakuniga etayotgan futbolchi uchun juda katta narx talab qildi.

Vertongen “Roma”ning qiziqish doirasiga tushib qoldi.  Rimliklar “Manchester Yunayted”da Kris Smollingni sotib ololmagan taqdirda, Yan Vertongenni tarkibga qo‘shib olish uchun urinib ko‘rishadi. Katta ehtimol bilan Smolling “MYu”ga qaytadi, shuning uchun belgiyalik futbolchiga jiddiy qiziqish bildirish lozim.

Ammo italiyaliklar futbolchi uchun raqobatga ham tayyor turishlari kerak. Gollandiyaning “Ayaks” jamoasi ham Yan Vertongenga qiziqish bildiryapti. Vertongen “Ayaks” tarkibida 4 mavsum to‘p surganini unutmasligimiz kerak. “Inter” ham erkin agentga aylanayotgan futbolchini qo‘lga kiritish uchun harakat qiladi. “Roma” bu poygada yutib chiqishi uchun Chempionlar Ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi lozim. Shundagina Yan Vertongen Rim jamoasiga o‘tishga rozi bo‘ladi.

Mario Gyottse

Mario

Golden Boy-2011 sohibi faoliyatida katta burilish qilmoqchi. Bir necha kun oldin futbolchining o‘zi bu haqida aytib o‘tdi. Mario “Borussiya Dortmund”da qolmasligini hamma tushunib turibdi. Jamoada unga o‘rin ham qolmadi. “Borussiya” futbolchiga yangi shartnoma taklif qildi. Ammo bu shunchaki rasmiyatchilik uchun edi. Futbolchining o‘zi ham buni sezib turgandi.

Gyottse yozda erkin agentga aylanadi. “Bayer” va “Gerta” futbolchiga qiziqish bildirmoqda. Ammo Mario Germaniyada qolishni rejalashtirmayapti. Hattoki, agentini ham o‘zgartirgan futbolchi endi Germaniyada emas, boshqa chempionatlarda ham o‘zini sinab ko‘rmoqchi.

“Roma” bunday imkoniyatdan foydalanib qolishi mumkin. Futbolchining Germaniyada qolish istagi yo‘qligi rimliklar foydasiga ishlaydi. Bunday holatda “Roma” Marioga qiziqish bildirayotgan yagona jamoaga aylanadi. To‘g‘ri, MLS va Qatar chempionatidan takliflar tushdi, ammo bu takliflar Marioni qiziqtirmadiyu Football Italia ning xabariga ko‘ra, Gyottse allaqachon rimliklar bilan og‘zaki kelishuvga erishgan. Futbolchi o‘z kelajagini A seriyada ko‘ryapti.

Jakomo Bonaventura

Bonaventura

Bonaventura “Milan” safida o‘zining oltinchi mavsumini o‘tkazyapti. Mavsum yakunida esa Bonaventuraning shartnomasi ham o‘z nihoyasiga etadi. Futbolchining agenti Mino Rayola fevral oyidayoq futbolchining “Milan”dagi kelasi faoliyati so‘roq ostida turganini aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rahbariyat futbolchi borasida bir qarorga kelgani yo‘q. Shuning uchun 30 yoshli futbolchiga haligacha yangi shartnoma taklif qilinmayapti.

“Roma” bu vaziyatni kuzatib turibdi. Rimliklar anchadan beri tajribali yarim himoyachi izlayapti. Genrix Mxitaryan “Arsenal”ga qaytadigan bo‘lsa, Bonaventuraga bo‘lgan qiziqish yanayam ortadi. Lekin ular futbolchi uchun raqobatda yutib chiqishlari kerak. Bonaventuraga “Roma”dan tashqari “Latsio” va “Fiorentina” ham qiziqish bildiryapti.

Variantlar ichida “Latsio” futbolchi uchun ideal bo‘lib turibdi. Chunki “Burgutlar” chempionlik uchun kurashyapti, “Bo‘rilar” esa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasidan ham quruq qolishlari mumkin. Bonaventura anchadan buyon chempionlik uchun kurashmaganini hisobga olsak, “Latsio”ga o‘tish ehtimoli kattaroq. Shunday bo‘lsa-da, “Roma” futbolchini qo‘lga kiritish uchun harakat qilib ko‘radi.

Pedro

Pedro

“Chelsi” futbolchisi faoliyatini qayerda davom ettirish borasida bir qarorga kelgani yo‘q. Avvalroq, Londonda qolish ehtimoli ham borligini yashirmagandi. Ammo “Chelsi” Pedroni jamoada olib qolish niyati yo‘qqa o‘xshaydi. Chunki Olive Jiru va Villianga yangi shartnoma taklif qilindi, lekin ispaniyalik futbolchiga hozircha yangi shartnoma taklif qilinmadi.

Yanvar oyida “Roma” futbolchini sotib olishga urinib ko‘rdi. “Chelsi” bilan kelishuvga erishgandi, ammo negadir transfer amalga oshmadi. Futbolchining o‘zi hech qanday jamoa bilan kelishuvga erishmaganini, “Chelsi”dan yangi shartnoma kutayotganini aytib o‘tdi.

“Roma” Pedroni qo‘lga kiritishga qiynaladi. Birinchidan, u bilan raqobatda “Inter Mayami” jamoasi bor. Devid Bekxem moliyaviy tomondan yaxshi taklif bilan chiqib, Pedroni AQShga borishga ko‘ndirishi mumkin.  Ikkinchidan, Pedro “Bo‘rilar”ning taklifini hali ko‘rib chiqqani yo‘q. Futbolchi “Chelsi”da qolmoqchi yoki “Barselona”ga qaytish variantini ko‘rmoqchi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!