Asosiy mazmunga oʻtish

Futbol

Ronaldу kelganda "Paxtakor"ga nechta gol urardi?

Zohir Toshxo'jayev
Izohlar: 0

Yaxshiyam kelmagani...

Osiyo Elit Chempionlar ligasining to‘rtinchi turida «Paxtakor» Toshkentda Saudiya Arabistoni chempioni «An-Nasr» jamoasini qabul qildi. Ushbu uchrashuv oldidan mehmonlar bir o‘yin kam o‘tkazgan bo‘lsa-da, jadvalda o‘zbekistonliklardan bir ochko oldinda edi. Bu «Al-Vasl» bilan bahs keyinroq muddatga ko‘chirilgani bilan bog‘liq.

Toshkentdagi bellashuvni kutgan muxlislar esa maydonda Krishtianu Ronalduni ko‘ra olmadi. Bosh murabbiy Ange  Postekoglu jamoaning bir qator yetakchilarini – Ronaldo, Koman va Simakanni ushbu safarda maydonga tushirmaslikka qaror qildi. Sabab sifatida jamoaning juda zich taqvimi va uzoq safarlari, shu bois ayrim yetakchilarni asrash zarurati ko‘rsatildi.

Uchrashuv faol boshlandi. Oltinchi daqiqada Yahyo jarima maydonchasi ichidagi o‘ng burchak tomonga a’lo uzatma berdi, Al-Hamdaning zarbasi yaqin ustundan qaytdi. Ortidan «Paxtakor» ham xavfli hujum uyushtirishga ulgirdi: Al-Amrining o‘z darvozasi yaqinidagi noaniq pasini egalab olgan toshkentliklar gol urish imkoniyatiga ega bo‘lishdi, ammo mehmonlar darvozaboni Bento vaziyatni qutqardi.

Shundan so‘ng «An-Nasr» ikki bor hisobni ochish imkonini qo‘ldan boy berdi. Avval al-Hamdan jarima maydoni yoqasidan aniq zarba berdi, ammo Nazarov to‘pni qaytardi. Keyin Felish to‘pni qaytganidan so‘ng o‘ng tomondan zarba berdi, lekin darvoza chambarining chap poyasi yonidan o‘tib ketdi.

Baribir ustunlikni mehmonlar qo‘lga kiritishdi. Felish yarim himoyadan pastdan uzoq uzatma bilan Al-Hamdanni topdi, u esa o‘ng qanotdan yaqin burchakni aniq nishonga oldi – hisob ochildi (0:1). Oradan ko‘p o‘tmay, Felish raqib yarim maydonida to‘pni egalab olib,  darvozabon bilan yakkama-yak chiqdi va ikkinchi golni ham o‘zi urdi (0:2).

«An-Nasr» uchinchi golni ham tez orada urishi mumkin edi. Mane o‘ng qanotdan pastdan uzatma berdi, Yahyo esa yaqin masofadan to‘pni Nazarov qo‘llariga yo‘llab qo‘ydi. Shundan keyin o‘yin kutilmaganda keskinlashdi: taym o‘rtasida «Paxtakor» juda chiroyli gol urdi. Qarshi hujumda Flamariyon Aman va Koshtadan qochib ketdi, pastdan uzatmani Al-Amrining jarima maydoni ichidagi podkata orqali o‘tkazib, Mozgovoyni topdi. U esa to‘pni darvozaning o‘ng burchagiga aniq yo‘lladi.

Biroq stadiondagi quvonch uzoqqa cho‘zilmadi – Mozgovoyning juda kichik ofsaydi qayd etildi va gol bekor qilindi. Ortidan esa mehmonlar yana bir bor jazolashdi: 32-daqiqada Abdumajidov Manega chap qanotdan uzatma berishga to‘sqinlik qila olmadi, Felish esa darvozabon qo‘llari orasidan yaqin burchakka to‘pni joyladi (0:3).

Bu safar «Paxtakor»ning javobi qonuniy gol bilan yakunlandi. Nasrullaev chap qanotda Al-Amridan mahorat bilan qochib o‘tib, markazga aniq uzatma berdi. Flamariyon esa himoyachilar qarshiligisiz to‘pni Saudiya Arabistoni poytaxti klubi darvozasiga joyladi (1:3).

Ikkinchi taym boshida mehmonlar ustunlikni yanada mustahkamlashga urinishdi. Anjelo Al-Hamdanni raqib darvozasiga yuzma-yuz olib chiqdi, ammo u o‘ng yarim qanotdan uzoq burchakni nishonga ololmadi. Biroq ko‘p o‘tmay, Felish o‘ng tomondan burchak zarbasini amalga oshirdi, al-Amri esa jarima maydonida hujumga qo‘shilib, to‘pni chap burchakka yo‘lladi (1:4).

«Paxtakor» ham javobsiz qolmadi – mezbonlar raqib jarima maydoni ichida xavfli zarba yo‘llashdi, Bento to‘pni qaytardi, ammo qo‘shimcha zarba amalga oshirilmadi. Shundan keyingi qarshi hujumda «An-Nasr» yana bir bor farqni oshirdi: Mane chap tomondan to‘pni markazga – G‘aribga uzatdi, u esa to‘pni chap ustun tomonga aniq yo‘naltirdi (1:5).

Shunga qaramay, «Paxtakor» o‘z maydonida taslim bo‘lishni istamadi. Bento qisqa fursat ichida Abdumajidov yo‘llagan ikki xavfli zarbani qaytardi. Keyin Nasrullaev chap qanotdan aniq uzatma berdi, Hamdamov esa ikkinchi urinishda himoyachilar to‘sig‘isiz zarba berib, to‘pni darvozaga joyladi (2:5).

Biroq gollar shungacha cheklanib qolmadi – hisob yana mehmonlar foydasiga o‘zgardi. «Paxtakor» hujumga ko‘proq kuch tashlagani sayin, orqa chiziqda bo‘shliqlar paydo bo‘ldi. Aman to‘pni Al-Hamdanga uzatdi, u esa raqib jarima maydonining chap tomonidan pastdan uzatma berdi. Anjelo to‘pni darvoza toriga yo‘naltirib, uchrashuvdagi oltinchi golni urdi (2:6).

Qiziqi shundaki, «An-Nasr» ishtirokidagi ikkita ketma-ket o‘yinda jami 8 ta gol urilib, yuqori natija qayd etildi. Saudiya chempionatida «Al-Xulud»ga qarshi bahs 5:3 hisobida yakunlangan bo‘lsa, bu safar Osiyo Chempionlar ligasida «Paxtakor» ustidan 6:2 hisobida g‘alaba qayd etildi. 

Xo‘sh, agar Krishtianu Ronaldo Toshkentga kelganida «Paxtakor»ga nechta gol urardi? Bu savol ko‘pchilikni qiziqtirishi aniq!

Shu tariqa «An-Nasr» uch o‘yindan so‘ng 6 ochko to‘pladi, «Paxtakor» esa to‘rt bellashuvdan keyin atigi 2 ochko bilan qolmoqda.

Ulashish
SPORTS.uz'ni Youtube'da tomosha qiling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q