Sakson millionlik transfer pishyapti

  • 25.04.2026 08:42
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Yevropaning ikki grandi – “Bavariya” va “Barselona” klublari “Milan”ning portugalialik hujumchisi Rafael Leauni sotib olish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqmoqda.

La Gazzetta dello Sport nashri ma’lumotiga ko‘ra, 26 yoshli portugalialik futbolchining 80 million yevro evaziga ketishi real variantga aylanishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, Leauning oxirgi oylarda milanlik muxlislar bilan munosabatlari keskin yomonlashgan. Qolaversa, murabbiylar shtabi vakillari bilan ham o‘rtaga sovuqlik tushgan.

Leauning shartnomasida bu futbolchi uchun 175 million yevrolik tovon puli ko‘rsatilganiga qaramasdan transfer amalga oshishi mumkin.

Hujumchi uchun variantlardan biri Angliya Premier-ligasidagi “Manchester Yunayted” bo‘lishi mumkin, shuningdek, Saudiya Arabistoni klublari tomonidan ham qiziqish mavjud.

Leau “Milan” safida 2019 yil avgustidan buyon o‘ynab kelmoqda. Uning shartnomasi 2028 yil 30 iyungacha amal qiladi. Joriy mavsumda hujumchi 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va ikki marta golli uzatma berdi.

Transfermarkt portali Leauning transfer qiymatini 65 million yevro deb baholamoqda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!