Sharifa Davronova finalda
Peruda engil atletika bo‘yicha U20 yosh toifasidagi jahon chempionatining ikkinchi kuni ortda qoldi. Ma’lum qilganimizdek, unda O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafar a’zosi ishtirok etdi.
400 metrga yugurish dasturida Jonbibi Hukmova dastlabki saralash bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. 54.12 soniya bilan o‘zining shaxsiy rekordini yangilagan Hukmova yarim finalga yo‘l oldi. Biroq unda hamyurtimiz qayd etgan 54.87 soniya final yo‘llanmasi uchun kamlik qildi. Shunday bo‘lsa ham, yurtdoshimiz yarim finalda ishtirok etgan osiyolik yagona atlet bo‘ldi.
Uch hatlab sakrash dasturida Sharifa Davronova 13.29 metr bilan katta qiyinchiliksiz final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Afsuski, ushbu dasturda Xushnoza Shavkatova 12.79 metr bilan 15-ko‘rsatkichni qayd etdi va medallar uchun kurashish imkoniyatini yo‘qotdi. Endi Davronova 31 avgust kuni ikkinchi chempionlik uchun kurashni davom ettiradi.
Bugun Barnoxon Sayfullaeva balandlikka sakrash, Nodir Norboev esa o‘nkurashning 5 ta dasturida o‘z omadini sinab ko‘rishadi.
Fikrlar