
Shomurodov – beshinchi!
Italiya futboli tahlili bilan shug‘ullanayotgan statistika mutasaxassislar “Spetsiya” jamoasining barcha chiziqlardagi o‘yinchilarining maydondagi o‘yin vaqtini hisoblab chiqdi.
Liguriya jamoasi forvardlari orasida asosiy to‘purar Mbala Nzolaning o‘yin vaqti hammanikidan ko‘p bo‘lib chiqdi. Angola hujumchi 23 ta uchrashuvda qatnashib, jami 2154 daqiqa o‘ynagan. Bu vaqt mobaynida 26 yoshli futbolchi raqiblar darvozasini 12 marta ishg‘ol qildi.
Afrika qit’asining yana bir vakili – ganalik Emmanuel Gyasi 24 marta maydonga tushib, 2064 daqiqa o‘ynadi va bitta gol urdi.
Qolgan hujumchilar statistikasi ancha past. Daniele Verde 933 va Daniel Maldini 478 daqiqa harakat qilgan. Har ikki futbolchi o‘z hisobiga ikkitadan gol yozdirib qo‘ydi. Eldor Shomurodov o‘yin vaqti bo‘yicha beshinchi o‘rinda. Legionerimiz 7 ta bahsda jami 356 daqiqa to‘p tepdi va hali gollari hisobini ochgani yo‘q.
Eldor bilan bir paytda “Spetsiya” safiga qo‘shilgan latviyalik legioner Raymonds Krollis atigi 13 daqiqa o‘ynagan xolos.
Yarim himoya vakillari orasida ham Afrikadan kelgan futbolchi asosiy figura hisoblanadi. Marokashlik Mehdi Burabiya butun tarkib orasida eng ko‘p – 27 ta bellashuvda qatnashgan va 2190 daqiqa maydonda bo‘lgan.
Kolumbiyalik Kevin Agudelo 26 ta bahsda 1919 daqiqa ter to‘kdi. Qolgan biron bir yarim himoyachi yuqori ko‘rsatkichga ega emas. Kuchli uchlikni yakunlab qo‘yish uchun faqatgina shvetsiyalik Albin Ekdal yigirma marta o‘yinga tushib, 1067 daqiqa to‘p tepganini keltirish mumkin. Undan keyin turgan Simone Bastoni jarohat olguniga qadar 13 ta uchrashuvda 1018 daqiqa jamg‘arib qo‘ygan va mavsum boshidan beri maydonga tushgan 15 nafar yarim himoyachi orasida gol ura olgan yagona futbolchi hisoblanadi. Uning hisobida ikkita gol bor.
Mudofaa vakillari orasida to‘qqiz nafar futbolchidan oltitasi muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib kelmoqda. “Spetsiya”da vaqt nuqtai nazaridan maydonda eng ko‘p harakat qilgan o‘yinchi gretsiyalik Dimitrios Nikolau hisoblanadi. 24 yoshli himoyachi 25 ta uchrashuvda 2291 daqiqa maydonda bo‘ldi.
Uelslik legioner Itan Ampadu 1934, polshalik Arkadiush Retsa 1640, frantsiyalik Kelvin Amyan 1576, italiyalik Mattia Kaldara 1278 daqiqa o‘ynagani ularning ham asosiy o‘yinchilardan ekanini belgilaydi.
Nihoyat, so‘nggi nuqta – darvozabonlar orasida yaqqol ustunlik Polsha terma jamoasi posboni Bartlomey Dragovski tomonida. 25 marta “ramka”ga turgan posbon 2138 daqiqani urib qo‘ygan.
Qolgan darvozabonlardan niderlandiyalik Yerun Zut 334, bosniyalik Petar Jovko 163 va o‘z davrida Italiya terma jamoasi darvozasini qo‘riqlagan Federiko Marketti 58 daqiqa o‘ynagan xolos.
“Spetsiya” A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 2 aprel kuni o‘tkazadi. Leonardo Semplichi shogirdlari 28-tur bahsida muxlislari ko‘z o‘ngida o‘zidan bir pog‘ona yuqorida turgan “Salernitana” jamoasiga qarshi saf tortadi.
Fikrlar