Shomurodov Dovbikni “sindirdi”!

  • 25 aprel, 07:31
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

“Roma” klubi xo‘jayinlarining eng katta orzusi o‘z jamoasini Evropa Chempionlar ligasida ko‘rish. Klubga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasi 2021 yili ana shu maqsadga erishish uchun bosh murabbiylikka Joze Mourinoni olib kelgandi.

Mashhur mutaxassis uch yil davom etgan urinishlarga qaramay, bu vazifani uddalay olmadi va jamoani qit’aning eng nufuzli musobaqaga olib chiqolmaganini “Men sehrgar Garri Potter emasman”, degan gap bilan izohladi.

Joriy mavsum boshida inqirozga yuz tutgan “Roma”ni qutqarish uchun murabbiylik faoliyatini qayta tiklashga ko‘ngan Klaudio Raneri Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashadigan jamoani katta transferlarsiz, Garri Potterning sehrli tayoqchasiz ham uddalash mumkinligini namoyish qilmoqda.

73 yoshli murabbiy klub rahbarlari va avvalgi murabbiylar shtabiga kerak bo‘lmay qolgan ikki futbolchi – Matias Sule va Eldor Shomurodovni mavsumning hal qiluvchi pallasida jamoaning asosiy qahramonlariga aylantira olgani hammani hayratga solmoqda.

“Roma”ning asosiy yulduzi – jahon chempioni Paulo Dibala jarohat tufayli uzoq muddatga safdan chiqqani hamda asosiy to‘purar Artyom Dovbik formasini yo‘qotganini ro‘kach qilgan aksariyat mutaxassislar “bo‘rilar”ning mag‘lubiyatsiz seriyasi barham topishini kutgan edi. Aksincha, mana shunday murakkab pallada aynan Eldor Shomurodov va Matias Sulening  katta sahnaga chiqishi rimliklarning muvaffaqiyatli yurishlari davomiyligini ta’minlamoqda.

Yozda o‘sha davrdagi bosh murabbiy Daniele de Rossi taklifi bilan Rimga kelgan Matias Sule asosiy tarkibdan joy olgunicha ancha qiynaldi. Klaudio Raneri unga jamoa kelajagi ekanini singdira olgani vaziyatni tubdan o‘zgartirdi.

Argentinalik iste’dod egasi keyingi paytda hamyurti Dibalaning yo‘qligini bilintirmayapti. Oxirgi to‘qqizta o‘yinni ilk daqiqalardan boshlagan Sule o‘zi uchta gol urdi va Eldor Shomurodovga ikkita golli pas uzatdi.

E’tibor bering, Klaudio Raneri Sule va Shomurodov tandemini tashkil qildi va aynan mana shu duet samara keltirmoqda.

Shomurodov shu mavsumning o‘zida ikki bor narsalarini yig‘ishtirib, ketishga chog‘langan edi. Klaudio Raneri o‘zbek futbolchisi Italiyaga kelgan 2020 yildayoq, uning “Jenoa”dagi o‘yinlariga e’tibor qaratgandi. O‘tgan yili “Kalyari”ni yuqori divizionda olib qolishda Shomurodov Raneriga yordamlashib yubordi.

Aynan Raneri Eldorning salohiyatiga umuman shubha bildirgani yo‘q.  Italiyalik murabbiy “Shomurodovni yaxshi ko‘raman, chunki u doim borini berib o‘ynaydi”, deb maqtagan edi. Shomurodov “Roma”dagi eng yorqin o‘yinlarini Raneri qo‘l ostida ko‘rsatmoqda. Joriy mavsumning o‘zida ettita gol va uchta assist muallifi bo‘ldi.

Matias Sule Paulo Dibalaning safdan chiqishi evaziga asosiy tarkibdan joy olgan bo‘lsa, Eldor Shomurodov o‘z mehnati bilan “Rimda Artyom Dovbik asosiy hujumchi”, degan tushunchani sindirdi. Bosh murabbiy Raneri ukrainalik hujumchi ko‘proq gol urganiga qaramay, undan xuddi Shomurodov kabi jamoa uchun o‘ynashini talab qila boshladi.

Ekspertlar Shomurodov va Sule tandemi oxirgi oltita turda birgalikda to‘rtta gol va bitta assist qayd etdi. To‘rttala gol rimliklar uchun muhim ochkolarni keltirdi. Xususan, argentinalik hujumkor futbolchining ikki goli “Empoli” va “Latsio” ustidan g‘alabani ta’minladi. O‘zbek forvardi “Yuventus” bilan o‘yinda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqardi, “Verona” darvozasini ishg‘ol qilib, “bo‘rilar”ga uch ochko keltirdi.

Endi oldinda “Roma”ni chempionlik uchun kurashayotgan “Inter” maydonidagi o‘yin kutib turibdi. Eldor Shomurodov o‘tgan mavsumda “Kalyari” safida milanlik muxlislar ko‘z o‘ngida “Inter” darvozasini ishg‘ol qilib, mezbonlarning g‘olib chiqishiga yo‘l qo‘ymagan edi. Klaudio Raneri bu galgi bahsda ham oldingi chiziqda Shomurodov va Sule xizmatidan foydalanishni rejalashtirmoqda.

A Seriyaning 34-turidan o‘rin olgan “Inter” va “Roma” jamoalari o‘rtasidagi bellashuv 27 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi.

Fayzullaev “yo‘qolib” qoldi!

Shomurodov bir gol bilan “Roma”ning mavsum rekordini o‘rnatdi. Navbat tarixiy rekordga!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
25/04/2025 08:48
факат макола сарлавхаси "Ранери моурдан зурлигини исботлади"-деса тугри буларди
Baxil Alihuja
25/04/2025 08:45
зур макола!
Rest Lover
25/04/2025 20:59
Omad shunaqa narsa. Bir Shomurodovga kulib boqadi, bir Husanovga. Biz esa buni (Abdurahmon Fozilovga o'xshagan) boshqalardan ko'ramiz
&
Азиз Султанов
25/04/2025 11:22
Шомуродовни охирги ярим йил мактамаган эдик, зур булиб кетмокда. Хозир яна макташни бошладик, яна уйинда пасайиш булади