
Shomurodov bir gol bilan “Roma”ning mavsum rekordini o‘rnatdi. Navbat tarixiy rekordga!
Italiya chempionatining 33-turida “Roma” futbolchilari oltmish mingdan ziyod muxlis ko‘z o‘ngida “Verona” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Mezbonlarga navbatdagi uch ochkoni keltirgan to‘pni to‘rtinchi daqiqada Eldor Shomurodov kiritdi. Mana shu yagona gol rimliklarni katta rekordga yaqinlashtirdi.
Statistika ekspertlarining ta’kidlashicha, 1:0 hisobi bu mavsum “Roma”ning “tashrif qog‘ozi”ga aylanib bormoqda. Eldorning golidan keyin “bo‘rilar” joriy mavsumda ettinchi bor kichik hisobda g‘alaba qozondi.
“Roma” bu ko‘rsatkich bo‘yicha “Napoli” ( olti marta 1:0 hisobida zafar quchgan) hamda “Fiorentina” (beshta minimal g‘alaba) jamoalarini ortda qoldirib, mavsum rekordini o‘rnatib bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, “bo‘rilar”ning 1:0 hisobida yakunlangan etti o‘yinidan birinchisi avvalgi murabbiy – Ivan Yurich boshqaruv davriga to‘g‘ri keldi. O‘shanda Paulo Dibalaning birgina aniq zarbasi “Torino” darvozasi to‘ridan joy olgan edi.
Qolgan oltita g‘alaba hozirgi ustoz Klaudio Raneri qo‘l ostida qayd etilgan. Italiyalik murabbiy qo‘l ostida ham minimal g‘alabalarni Dibala boshlab berdi. Argentinalik jahon chempioni safar uchrashuvida “Venetsiya”ni bir zarba bilan tiz cho‘ktirdi.
Dibalaning hamyurti Matias Sule “Parma”ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda jarima zarbasini mukammal ijro etib, “Roma”ga uch ochko keltirgan futbolchiga bo‘ldi. Oradan yana ikki tur o‘tib, Sule bu gal “Empoli” ustidan qozonilgan g‘alaba qahramoni bo‘ldi.
Mart oyidagi ketma-ket ikki o‘yinda ukrainalik forvard o‘zini ko‘rsatdi. Artyom Dovbikning “Kalyari” va “Lechche” jamoalari darvozasiga kiritgan bittadan to‘pi “bo‘rilar”ga jami olti ochko keltirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Nihoyat, so‘nggi bellashuvlarda “Roma”ning asosiy figurasiga aylangan Eldor Shomurodov ham bu antiqa ko‘rsatkichlarga o‘z hissasini qo‘shdi. Legionerimizning “Verona”ga urgan yagona goli “Roma”ning 1:0 hisobidagi ettinchi g‘alabasini ta’minladi va bu joriy mavsum rekordi sifatida qayd etildi.
“Roma” o‘zining uch yil kam yuz yillik tarixi davomida bir mavsumda 1:0 hisobida g‘afar quchish bo‘yicha faqatgina besh bor hozirgi natijadan yaxshiroq ko‘rchatkich qayd etgan. Bu borada barcha zamonlar rekordi 9 uchrashuvni tashkil qiladi. 1965-1966 yillarda Orontso Puleze va 1974-1975 yillarda Nils Lidxolm bosh murabbiylik qilgan davrda rimliklar to‘qqiztadan uchrashuvni minimal hisobdagi g‘alaba bilan yakunlagan. Yana uchta mavsumda sakkiz martadan 1:0 hisobi kuzatilgan.
Klaudio Raneri shogirdlarida bu natijalarni yangilash va yangi tarix rekord qayd etish imkoniyati bor. Chunki chempionat o‘yinlari hali davom etmoqda. Buning uchun hozirgi “Roma” qolgan beshta bellashuvdan uchtasini 1:0 hisobida yakunlashi kifoya.
“Manchester Siti” Husanovni “Barselona”ga transfer qilishga tayyor!
Shomurodov urgan golning qiymati baland bo‘lib chiqdi!
O‘zbekistonlik “iblis”! Ekspertlar Shomurodovga yana qanday ta’rif berishyapti?
Shomurodovga fanatlar yangi talab qo‘ydi!
Fikrlar