
Shomurodov yangi jamoasi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi!
Italiya matbuoti “Roma” va “Kalyari” klublari o‘zbekistonlik legioner Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishgani haqida yozmoqda.
Rim klubi bosh murabbiyi Joze Mourino kelasi mavsum o‘zi foydalanmaydigan to‘rt futbolchini Portugaliyadagi yig‘inga taklif qilmadi. Ular orasida “Spetsiya”dan ijaradan qaytgan o‘zbek hujumchisi ham bor.
“Roma” murabbiylar shtabi rejasiga kiritilmagan legionerimizga bir necha klubdan taklif bo‘ldi. Xususan, Gretsiyaning PAOK, Rossiyaning “Spartak” va Turkiyaning “Galatasaroy” klublari 28 yoshli forvardni o‘z safida ko‘rishni istagandi.
Shomurodov hamon A Seriyada qolish fikridan qaytgani yo‘q. Italiya yuqori divizioni vakillaridan ikki xaridor chiqdi. Avvaliga “Lechche”, keyinroq A Seriyaga ko‘tarilgan “Kalyari” Eldorga og‘iz soldi.
Muzokaralarda “Kalyari” ustunlik qildi. Klaudio Raneri singari mashhur murabbiy boshqarayotgan jamoa rahbariyat O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardorini ijaraga olib, mavsum oxirida 10 million evroga to‘liq transfer qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu haqda ishonchli manba – La Gazzetta dello Sport nashri axborot tarqatdi.
Shuningdek, romapress.net sayti jurnalisti Endi Mattioli ham bu ma’lumotlarni tasdiqlab, Shomurodov transferiga oid yangi xabarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Eldor kelayotgan dushanba kuni Kalyari shahriga kelib, yangi jamoasi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Ushbu ko‘rikdan keyin jamoalar o‘zaro kelishuvini rasmiylashtirishi va transferni rasman e’lon qilishi kutilmoqda.
“Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri jamoaning hujum chizig‘ini A Seriyaga moslab shakllantirishga alohida e’tibor qaratdi. Italiyalik mutaxassis “Sampdoriya” hujumchisi Manolo Gabbyadini hamda “Real” tarbiyalanuvchisi Borxa Mayoral nomzodlarini ham ko‘rib chiqdi. Shunga qaramay, “Kalyari” murabbiylar shtabi o‘zbek futbolchisini tanladi.
Ayni paytda Klaudio Raneri qo‘l ostida ikki nafar asosiy markaziy hujumchi bor. Ulardan biri 34 yoshli Leonardo Povaletti Italiyaning turli ligalarida katta tajriba to‘plagan. Umumiy hisobda 430 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 141 marotaba ishg‘ol qilgan va 22 ta assist rasmiylashtirgan, Xususan, Leonardo A Seriyada 195 ta o‘yinda jami 60 ta to‘p kiritgan va 12 ta golli pas uzatgan.
33 yoshli Janluka Lapadula faoliyati davomida turli chempionatlarda to‘p tepdi. Umumiy statistikasida klublar miqyosida 431 ta uchrashuvda maydonga tushib, 182 ta gol va 43 ta assist muallifi bo‘lgani qayd etilgan.
Lapadula Italiya yuqori divizionida 125 ta bahsda 34 ta gol va sakkizta assistni amalga oshirgan. Shuningdek, Chili terma jamoasi hujumchisi sifatida 27 bor bellashuvlarda qatnashib, o‘z hisobiga to‘qqizta gol yozdirib qo‘ygan.
Bu ikki tajribali futbolchi faqat markaziy hujumchi sifatida o‘ynaydi. Eldor Shomurodov ulardan farqli ravishda har ikki qanotdan hujum qila oladi.
Kluadio Raneri bu hujumchilar qatoriga “Inter” vakili Gaetano Oristanioni ham qo‘shib olmoqchi. Italiyalik murabbiy rejasiga ko‘ra, mana shu to‘rt futbolchi yangi mavsumda “Kalyari” hujum chizig‘ida faoliyat ko‘rsatishi lozim.
Shomurodov ana endi o‘ziga mos murabbiy va jamoa topdi!
Fikrlar