Superligada kim qanday o‘sishga erishdi?

  • 25.12.2024 15:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

​“Mavsum-2024” yakuni bo‘yicha turli sarhisoblar, statistik raqamlar taqdim etib boriladi. Bu yil Superligamizda qatnashgan 14 ta klubning o‘tgan yilgi natijalari bilan taqqoslaganda har kimda turlicha tavofut paydo bo‘ladi. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.

“Nasaf”

2024 yil: 1-o‘rin

2023 yil: 3-o‘rin

Nihoyat, Qarshining “Nasaf” klubi bu yil o‘zining azaliy orzusi – chempionlikni qo‘lga kiritdi. “Ajdarlar” chempionlikka erishmaguncha bu yo‘lda munosib o‘yin namoyish qilishdi. Lekin shundan so‘ng jamoa faqat yutqazdi. Umumiy ma’noda “Nasaf” o‘tgan yili 47 ochko bilan 3-o‘rinni egallagan. Bu yil esa chempionlik uchun 52 ochko etarli bo‘ldi.

OKMK

2024 yil: 2-o‘rin

2023 yil: 2-o‘rin

Mirjalol Qosimov jamoasi o‘tgan yilgi kabi bu yil ham 2-o‘rinni o‘zida saqlab qoldi. 2023 yilda jamo 49 ochko to‘plagan, bu mavsumda 47 ochko jamg‘ardi. Har ikkala yilda ham OKMK 14 tadan g‘alabaga erishdi. Bir so‘z bilan aytganda, OKMK barqarorligini saqlab kelyapti.

“Navbahor”

2024 yil: 3-o‘rin

2023 yil: 4-o‘rin

Namanganliklar o‘tgan yili 44 ochko bilan uchtalikka kira olmagandi. Bu safar uchinchi o‘rinni band qilishi uchun 43 ochko etarli bo‘ldi. Yana bir qiziq tomoni, “Navbahor” o‘tgan yili 13 ta g‘alabaga erishgan bo‘lsa, bu yil 11 ta g‘alaba bilan bronza medalga ega chiqdi.

“So‘g‘diyona”

2024 yil: 4-o‘rin

2023 yil: 10-o‘rin

Ivan Boshkovich jamoasi chempionatni sovrinli o‘rinlardan birida yakunlash uchun juda yaxshi imkoniyatga ega edi. Mavsum davomida asosan kuchli uchtalikda bo‘ldi. Faqatgina so‘nggi turga kelibgina alamli mag‘lubiyat tufayli 4-o‘ringa tushib qoldi. Holbuki, “Navbahor” bilan teng ochko jamg‘ardi. Faqat ayrim natijalarga ko‘ra jizzaxliklar sovrindorlar qatoridan tushib qoldi. Shunda ham “So‘g‘diyona” o‘tgan yilgi natijasidan baland sakradi.

“Neftchi”

2024 yil: 5-o‘rin

2023 yil: 5-o‘rin

Vitaliy Levchenko jamoasi o‘sha-o‘sha. O‘tgan yili ham, bu yil ham 5-o‘rinni band etdi. Lekin jamoa ishtiroki 5 bahoga loyiqmi? Bu katta savol!

“Paxtakor”

2024 yil: 6-o‘rin

2023 yil: 1-o‘rin

Chempionatni omadsiz o‘tkazgan klublardan biri “Paxtakor”. O‘tgan yili chempionlikni qo‘lga kiritgan “Sherlar” bu safar mavsumni 6-o‘rinda yakunladi. Jamoada murabbiylar almashishi kuzatildi, jamoa ham o‘z tempida bo‘lmadi. Ko‘plab ochko yo‘qotishlar natijasida “Paxtakor” o‘ziga yarashmagan o‘rindan joy oldi. Rahbariyat esa klubda allaqachon qanday o‘zgarishlarga qo‘l urganini bilasiz.

“Surxon”

2024 yil: 7-o‘rin

2023 yil: 6-o‘rin

Chempionatni ko‘ngildagidek boshlay olmagan “Surxon” keyinchalik o‘ziga kelib oldi va raqiblariga kutilganidek bosh og‘rig‘i bo‘ldi. Jamoa o‘tgan yili 6, bu yil esa 7-o‘rinni egalladi. Yomon natija emas.

“Dinamo”

2024 yil: 8-o‘rin

2023 yil: Pro ligada

Vadim Abramov jamoasi pro ligadan chiqib, ushbu mavsumda 8-pog‘onadan joy olishi ijobiy ko‘rsatgich. “Dinamo” o‘z o‘yini bilan ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirdi. Abramov ishonchni oqlayapti. 30 yoshli Anvar Xojimirzaevni ham aynan Vadim Karlenovich kashf qildi.

“Andijon”

2024 yil: 9-o‘rin

2023 yil: 7-o‘rin

“Burgutlar” o‘tgan mavsumga qaraganda 10 ochko kam jag‘arib, 30 ochko bilan 9-pog‘onadan joy oldilar. Klub mavsumni yaxshi boshlagandi. Hattoki, 1-o‘rinda ham bo‘ldi. Lekin mavsumni “Andijon” uchun muvaffaqiyatli o‘tdi, deya olamiz. Boisi, ular o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritib, Osiyo Chempionlar ligasi 2 ga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

“Bunyodkor”

2024 yil: 10-o‘rin

2023 yil: 8-o‘rin

“Qaldirg‘ochlar” ligada jon saqlab qolish vazifasini uddaladi. Mavsumni yomon boshlagan jamoa keyinchalik murabbiylar o‘zgarishini amalga oshirib, Ilyos Zeytullaevni olib kelishdi. Ikkinchi davraga kelib “Bunyodkor” kerakli ochkolar yig‘a boshladi. O‘tgan yilgidan ikkita pastki o‘rinni band qildi.

“Qizilqum”

2024 yil: 11-o‘rin

2023 yil: 12-o‘rin

“Qizilqum” o‘tgan yili ham, bu yil ham Superligada 6 ta g‘alaba qozondi. Faqat 2023 yilga nisbatan bu gal ikki ochko ko‘p jamg‘arib, 27 ochko bilan musobaqa jadvalining 11-pog‘onasidan joy egalladi. Navoiyliklar uy uchrashuvlarini Qarshida o‘tkazdilar. Navoiydagi stadion maydoni yangilanishga muxtojligi bois jamoa majbur o‘z uyida o‘ynay olmadi. Muhimi, jamoa ligada jon saqlab qoldi. Bu “Qizilqum”ning asosiy maqsadi edi.

“Olimpik”

2024 yil: 12-o‘rin

2023 yil: 9-o‘rin

Toshkentning “Olimpik” klubi bu yil yanada yosharib ketdi. Jamoa ligada qolish uchun oxirigacha kurashdi, pley-offda bo‘lsa ham ilashib qolmoqchi bo‘ldi. Ammo kuchi etmadi.

“Metallurg”

2024 yil: 13-o‘rin

2023 yil: 10-o‘rin

“Metalllurg” butun mavsum davomida oxirgi o‘rinda yurib, so‘nggi turda kichik mo‘’jiza ko‘rsatdi, “Nasaf” maydonida g‘alaba qozonib, pley-offga ilashib olgandi. Pley-offning ikkinchi raundida jamoa “Olimpik”ni yutib Superligada qolgan bir vaziyatda klub rahbariyatidagi o‘zgarish va bosh homiyning rejalari boshqacha tus olgani sababli “Metallurg” Superligada ishtirok eta olmasligini ma’lum qildi. 

“Lokomotiv”

2024 yil: 14-o‘rin

2023 yil: Pro ligada

“Lokomotiv” klubi bu yil pro ligadan Superligaga chiqib, yana shu yilning o‘zida muvaffaqiyatsiz ishtirok tufayli ortga ravona bo‘ldi. Demak, klubda nimadir noto‘g‘ri ketgan. Murabbiylarni o‘zgartirib ham ko‘rishdi, biroq jamoa baribir Superligani alamli tarzda tark etdi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!