Tez orada e’lon qilinadigan transferlar!

  • 8 avgust, 2023, 09:25
  • Suhrob Xolbekov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ko‘plab futbolchilar o‘z klubini o‘zgartirishga harakat qilmoqda. Ular orasida yulduzlar ham bor. Shu bilan birga, tez orada e’lon qilinadigan transferlar talaygina. Bugun biz Fabritsio Romano tomonidan "Here we go" iborasi ishlatilgan transferlarni ko‘rib chiqamiz. 

Edson Alvares - "Vest Xem"

"Vest XemDeklan Raysni 116 million evroga "Arsenal"ga sotganidan keyin uning o‘rnini "Ayaks" vakili Edson Alvares bilan to‘ldirishga qaror qildi. Bu transfer klubga bonuslari bilan 40 million evroga tushishi kutilyapti. Futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Londonga yo‘l olgan. U "bolg‘achilar" bilan 2028 yilning yoziga qadar amal qiladigan shartnoma imzolashi kutilmoqda. Avvalroq, Alvares "Borussiya"ga o‘tishga yaqin kelgandi. Ammo bu transfer barbod bo‘lgan va u Premer-ligada o‘ynashni ma’qul ko‘rdi. "Chelsi" ham yarim himoyachi uchun kurashda bor edi, lekin "aristokratlar" asosiy e’tiborini Moyzes Kaysedoga qaratgan. 

"Tottenxem" transferlari

"Tottenxem" o‘z tarkibiga ikkita yosh iqtidor egasini qo‘shib olishga yaqin turibdi. "Shporlar" "Volfsburg"dan Mikki van de Venni 50 million evro evaziga sotib oladi va himoyachi bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi. U londonliklarning "Shaxtyor"ga qarshi o‘yinida stadionda ko‘rinish bergan. Shu bilan birga, tibbiy ko‘rikdan ham o‘tib bo‘lgan. Hafta oxirida "Tottenxem" 22 yoshli futbolchini o‘z vakili sifatida tanishtiradi. Klubning ikkinchi xaridi 2003 yilda tug‘ilgan argentinalik hujumchi Alexo VelisdirPremer-liga jamoasi straykerni "Rosario"dan 15 million evro evaziga sotib oladi. Bu transfer hafta oxirida rasman ma’lum qilinadi. 

"Al-Ahli" transferlari

"Al-Ahli" ham ikkita futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish arafasida. "Barselona"ni tark etishi kutilayotgan Frank Kessening keyingi manzili Saudiya bo‘ladi. Jiddaliklar ispan klubiga yarim himoyachi uchun 15 million evro to‘laydi. Shartnoma borasida hammasi kelishib qo‘yilgan. Faqatgina u tibbiy ko‘rikdan o‘tsa bo‘lgani. Frank yangi jamoasi bilan 2026 yilgacha amal qilishi ko‘zda tutilgan bitim tuzadi. Shuningdek, "Al-Ahli" "Roma"dan Rojer Ibanesni ham sotib olishga yaqin. Himoyachi "Nottingem Forest"ga o‘tishi mumkin edi. Angliya klubi 25 million evrolik taklif bilan chiqdi. Ammo Ibanes Saudiyani tanladi. "Al-Ahli" rimliklarga 30 million evrodan ko‘proq to‘laydi. 24 yoshli braziliyalik bilan esa 4 yillik shartnoma borasida kelishib olingan.

Dembele - PSJ

Usmon Dembelening PSJga o‘tishi deyarli aniq bo‘lgan. Avvalroq, vinger tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Frantsiyaga yo‘l olgandi. Ammo "Barsa" hujjatlarni hali yubormagani uchun Ispaniyaga qaytib, jamoasi bilan mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Parijliklar uning 50 million evrolik tovon pulini faollashtirgan. Ammo Kataloniyaliklar 25 million evro olishni istamayapti, degan mish-mishlar ham yo‘q emas. Fabritsio Romano esa sehrli "Here we go" iborasini ishlatib bo‘lgan. Bu shunchaki vaqt masalasi, deya ta’kidladi italiyalik jurnalist. Xavi Usmonni tarkibdan ajralib qolishini istamagani uchun qaytib kelishini iltimos qildi. Dembele esa PSJ bilan 5 yilga mo‘ljallangan shartnoma bo‘yicha kelishib olgan. 

Inesta - "Emireyts

"Barselona" afsonasi Inesta avvalroq "Vissel Kobe" bilan xayrlashib, erkin agentga aylangandi. Uning keyingi manzili borasida ko‘plab xabarlar tarqaldi. 39 yoshli futbolchini "Inter Mayami"ga o‘tishga yaqin kelgani haqda Ispaniyaning bir qator nashrlari ma’lum qilgandi. Yakunda esa yarim himoyachi BAAning "Emiraytes" klubiga o‘tmoqda. U jamoa bilan 1+1 ko‘rinishida, ya’ni bir yillik shartnomani yana 1 yilga uzaytirish imkoni ham bor. Inesta allaqachon Dubayga etib kelgan. Mana shu Andresning so‘nggi klubi bo‘lishi ham mumkin. 

Tez orada e’lon qilinadigan transferlar shulardan iborat. Albatta, ularning safi yana kengayadi. Ayniqsa, so‘nggi oy bo‘lgani uchun ayrim jamoalar tezlikni oshirgan.

Suhrob Xolbekov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!