WBCning brilliant kamari kimlarga beriladi?
Professional boksning eng nufuzli yo‘nalishi WBC va uning sport hayotida tutgan o‘rnini bilasizmi?
WBC – Xalqaro boks uyushmasi barcha vazn toifalarining hamma klassdagi sportchilari uchun mo‘ljallangan unvonlariga ega. Chempionlik maqomi uchun reytingning eng kuchli bokschilari o‘zaro kuch sinashishadi.

2009 yildan boshlab esa WBC brilliant kamarini keng jamoatchilik e’tiboriga havola etdi. Mazkur unvon faqatgina tarixiy janglarda o‘rtaga qo‘yiladi va esdalik sifatida g‘olibga topshiriladi.
Kamar esa quyidagi qimmatbaho toshlardan ishlanib, sayqal berilgan:
- Olmos – 598 dona
- Zumrad – 196 dona
- Yoqut – 6 dona
- Boshqa turdagi qimmatbaho toshlar – 150 dona
- Oltin qoplamasi
O‘ta nozik did va yuqori darajadagi dizaynda ishlangan brilliant kamarning tan narxi 50 ming AQSh dollari etib baholangan.
Chempionlik kamarining tashqi ko‘rinishi asosan yashil rangdan tashkil topgan. Old tomonidagi aylana metallda uyushmaga a’zo 161 davlatning bayrog‘i tasvirlangan. O‘rtasida esa uyushma nomining qisqartma ko‘rinishi bitilgan. Aylananing birinchi yarim sharida o‘ng qo‘lini ko‘tarib turgan bokschining bo‘rtma tasviri “World Champion” iborasi bilan hamohang joylashtirilganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Kamarbastaning ikki chekkasida jang ishtirokchilari va WBCning birinchi prezidenti Xose Sulaysonning suratlari joylashtirilgan. Qiziq jihati, unvonni ishlab chiqarish uchun katta mablag‘ sarflanganiga qaramay, u bokschiga sovg‘a sifatida taqdim etiladi. Odatda chempionlik janglarida bokschilar kamar uchun belgilangan tartibda pul to‘lashadi. Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Xalqaro boks uyushmasining prezidenti sifatida marhum Xose Sulaymonning o‘g‘li Maurisio Sulaymon ish olib boradi.
Unvon ilk bor jahonning eng kuchli bokschilaridan biri filippinlik sakkiz vazn toifasi chempioni Menni Pakyao hamda to‘rt vazn chempioni puerto-rikolik Migel Kotto jangida qo‘yilgan. O‘shanda Pakyao texnik nokaut bilan g‘alaba qozongan. Hozirgi kungacha esa Floyd Meyvezer, Leo Santa Krus, Nonito Doner, Xorxe Linares, Saul Alvares, Jan Paskal, Sergey Kovalev hamda Adonis Stivenson kabi o‘z vazn toifasining eng kuchli bokschilari qo‘lga kiritishgan.

Izohlar (0)