Xoland har mavsumni shu ish bilan boshlayapti
Erling Xoland Angliya Premer-ligasining birinchi turida “Vulverxempton” darvozasini ikki bor ishg‘ol qilib, jamoasining 4:0 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shish barobarida to‘purarlik ko‘rsatkichlarini ham yaxshilab bormoqda.
Manchesterliklar Xolandni 2022 yilning yozida “Borussiya Dortmund”dan 60 million evroga transfer qilgan edi.
Norvegiyalik futbolchi “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tganidan beri har mavsum birinchi turda gol uryapti. Xususan, Xoland Angliya chempionatidagi birinchi uchrashuvini 2022 yili o‘tkazgan va “Vest Xem” maydonidagi bahsda mezbonlar darvozasiga ikkita to‘p kiritgan.
Bir yildan keyin Erling “Byornli” mezbonlik qilgan ilk turda ham shu jamoa darvozabonini ikki bor ojiz qoldirdi.
O‘tgan mavsumning ochilish o‘yinida Xosep Gvardiola shogirdlari “Chelsi” uyidan g‘alaba bilan qaytdi va shu bahsda ham hisobni Xoland ochdi.
Mana “Vulverxempton” bilan uchrashuvda ikkita gol urgan Xoland qatorasiga to‘rt yildan beri birinchi turda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ymoqda. Qiziq tomoni, shulardan uchtasida norvegiyalik to‘purar dubl qayd etgan.

Fikrlar