
“Parvozi uzun bo‘lgan burgutlar” yoxud “Benfika” gvardiyachilari
Kuni kecha EChL 1/8 finalida “Benfika”ning braziliyalik himoyachisi Luizao jamoa safidagi 500-o‘yinini o‘tkazdi va “Benfika” gvardiyachilari qatoridagi o‘rnini yuqorilab oldi. Quyida esa aynan Lissabon “burgutlari” bo‘lmish “Benfika” safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan 5 nafar futbolchi bilan tanishasiz.
5. Umberto Koelo – 498 ta o‘yin
Umberto jamoa tarbiyalanuvchisi sanaladi va u “burgutlar” safida orada kichik tanaffus bilan 1968-1975 va 1977-1984 yillarda to‘p surgan. Himoyachi ampluasida to‘p surgan Umberto “Benfika” bilan birgalikda 15 ta sovrin yutishga muvaffaq bo‘lgan. Jumladan, Koelo 8 marta Portugaliya chempioni bo‘lgan bo‘lsa, 6 bor Portugaliya kubogi qo‘lga kiritilgan. Qolgan 1 ta sovrin esa 1980 yilda qo‘lga kiritilgan mamlakat Superkubogidir. E’tiborlisi, Umberto futbolchilik faoliyatining so‘nggi yilida Portugaliyaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan.
4. Luizao – 500
Luizao 2003 yil Braziliyaning “Kruzeyro” jamoasidan 890 ming funt evaziga sotib olingan. Mana 14 yildirki, “Benfika”ning himoya qo‘rg‘oni aynan uning atrofida qurilib kelinadi. Luizao jamoa tarixida eng uzoq vaqt sardorlik qilgan futbolchi hamdir. O‘z vaqtida Braziliya termasi bilan Konfederatsiyalar kubogini qo‘lga kiritgan Luizao “burgutlar” bilan 17 ta titulni qo‘lga kiritgan.
3. Mariu Koluna – 525
Mozambiklik marhum futbolchi va murabbiy Mariu Koluna “Benfika” safida 1954-1970 yillarda to‘p surgan va bu vaqt oralig‘ida 525 ta o‘yin o‘tkazib, jamoa safida 16 ta sovrinni qo‘lga kiritadi. Koluna lissabonliklar bilan 3 marta EChK finaliga chiqqan bo‘lsada, ularning birortasida “Benfika” g‘oliblikni qo‘lga kiritmagani achinarlidir. Aytgancha, asli mozambiklik bo‘lgan Koluna 1964 yil Portugaliyaning eng yaxshi futbolchisi degan sharafli nomni qo‘lga kiritadi.
2. Antonio Velozu – 538
Velozu Krishtianu Ronaldu bilan hamshahar hisoblanadi. Zero, har ikkisi ham Madeyrada tavallud topishgan. Antonio Velozu “Benfika”da 1980-1995 yillarda to‘p surgan bo‘lib, poytaxt jamoasidagi 15 yillik faoliyatida 16 ta sovrinni qo‘lga kiritgan. Ammo ushbu sovrinlarning barchasi mamlakat miqyosidagi turnirlarda qo‘lga kiritilgan. Umuman Velozu “Benfika” jamoasida 538 ta o‘yin o‘tkazgan va himoyachi bo‘lishiga qaramay 10 dan ziyod gol kiritishga erishgan. Antonio Velozu “burgutlar” tarixidagi ikkinchi eng yaxshi gvardiyachidir.
1. Nene Tamanini – 575
Nene butun futbolchilik faoliyatini “Benfika”ga bag‘ishlaydi. Hujumchi ampluasida to‘p surgan futbolchi “burgutlar” bilan 19 ta jamoaviy musobaqada g‘alaba qozonadi. 1968-1984 yillarda poytaxt jamoasida o‘ynagan Nene jamoa safida jami 575 ta o‘yin o‘tkazgan va bu borada unga etadigani hozirgacha topilgani yo‘q. Darvoqe, yuqorida uning hujumchi ekanligi to‘g‘risida to‘htalgan edik. Nene “Benfika” tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biridir. Uning hisobida 360 ta gol mavjud va bu borada klub tarixida 3-o‘rinda zikr etilib kelinadi.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar