Jamoasini ikkita goldan qutqargan Husanovning o‘yini qanday baholandi?

  • 21 dekabr, 2023, 10:01
  • 1
  • Futbol

Frantsiya vitse-chempioni “Lans”ning joriy mavsumdagi 11 ta uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasi yakunlandi.

Frank Xeyz shogirdlari 17-turda chempionlik uchun kurashayotgan “Nitstsa” mehmoni bo‘lib, keskin va murosasiz o‘tgan bahsda mezbonlarga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Aslida lansliklar safardan ochko bilan qaytishi mumkin edi. Biroq 75-daqiqada Bris Samba darvozasiga belgilangan penalti hisobdagi ustunlikni “Nitstsa” tomoniga og‘dirdi. Avvaliga 11 metrlik belgidan adashmagan Terem Moffi oradan uch daqiqa o‘tib, ikkinchi golini ham urdi.

Biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, bu bellashuvda Abduqodir Husanov to‘liq o‘ynadi. 19 yoshli legionerimiz o‘z pozitsiyasini mustahkam ushladi va bir necha vaziyatlarda raqibning keskin hujumini bartaraf eta oldi.

Frantsiya futbolini  yoritish bilan shug‘ullanayotgan manbalar uchrashuvda ishtirok etgan futbolchilar o‘yinini baholab bormoqda. Xususan, www.lensois.com  sayti  “Lans” vakillarining harakatlarini baholadi.

Mazkur sayt eksperti Eloiza de Mester “Nitstsa”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda “Lans”ning eng yaxshi ikki o‘yinchisi sifatida Nil Al-Aynaui va Abdulqodir Husanovni e’tirof etdi.

“Lans” raqib maydonida bo‘lgan o‘yinda ancha vaqt “Nitstsa”ning hujumlarini nazorat ostida ushlab turdi. Biroq Salis Abdulsamedning xatosi va uning natijasida maydonga tushganidan  besh daqiqa o‘tib, dubl qayd etgan Moffining dubli lansliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ydi.

Yuqori baholangan o‘yinchilar Nil Al-Aynaui va Abdulqodir Husanov bo‘ldi.

Nil Al-Aynaui hujumlarni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatish barobarida, bir necha vaziyatlarda himoyaga qaytib, jamoadoshlariga yordam berdi. Ayniqsa, oldingi chiziqdagi o‘yinlari e’tirofga loyiq. Yakkama-yakka kurashlarda to‘qqiztadan ettitasida g‘olib chiqdi, havodagi kurashda uchtadan ikkitasida ustunlik qildi.

Abduqodir Husanov himoya markazi va chap qanotida juda ishonchli o‘ynadi. O‘zbek futbolchisi odatdagidek o‘z vazifani a’lo darajada uddaladi.

Bellashuvning 16-daqiqasida Abduqodir raqib hujumchisi Hishom Budauining “Lans” darvozasiga gol urishiga to‘sqinlik qildi. Himoyachi zarba berishga shaylangan raqibga nisbatan podkat ishlatib, golli vaziyatni bartaraf etdi.

Husanov 59-daqiqada ham jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi. Abduqodir yana o‘sha  Budauining to‘p kiritishiga yo‘l qo‘ymadi. Himoyachi raqibning zarbasidan keyin darvozaga aniq borayotgan to‘pni qaytarib yubordi.  Aynan Husanovning harakatlari tufayli “Lans” uzoq vaqt durang natijani ushlab turdi.

Nice_Lens_12212023

Ishonchni oqlamagan o‘yinchilar Salis Abdul Samed, David Pereyra da Koshta va Fakunda Medina bo‘ldi.

Salis Abdul Samed  o‘yin durang bo‘lib turgan pallada o‘z jarima maydonchasi ichida  raqib o‘yinchisi Evand Gessanga qarshi qoidani buzdi. Moffi tomonidan aniq bajarilgan penalti mag‘lubiyatga sabab bo‘ldi.

David Pereyra da Koshtaga muhim va murakkab uchrashuvda tajriba etishmagani ochiq ko‘rinib qoldi. Yarim himoyachi o‘ziga yuklatilgan vazifani mukammal ado eta olmadi. David bunaqa uchrashuvlarda o‘zida yaxshi tomondan ko‘rsatishi kutilgandi.

Fakundo Medina  jamoa etakchisi va asosiy himoyachi Keyin Danso o‘rniga himoya markazida to‘p tepdi. Argentinalik futbolchi ayrim vaziyatlarda to‘pni darvozadan uzoqlashtirishda bo‘sh o‘ynadi. Bundan tashqari, raqib harakatlarini oldindan payqashda ham qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani ko‘zga tashlandi.

“Lans” bu mag‘lubiyatdan keyin 2023 yilni 26 ochko bilan ettincha o‘rinda yakunlandi. Endi Frantsiya chempionatida qishki tanaffus e’lon qilinadi. Liga 1 jamoalari musobaqadagi ishtirokini 12 yanvardan davom ettiradi. Lekin bu payt Abduqodir Husanov “Lans”ga yordam bera olmaydi. Himoyachi 13 yanvardan 11 fevralga qadar Qatarda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida qatnashish uchun O‘zbekiston milliy terma jamoasi ixtiyorida bo‘ladi.

Ana xolos: Shomurodovning narxi tushib ketdi

Shomurodov bo‘yicha xavotirli holat

Fayzullaev maxsus tekshiruvdan o‘kazildi. Natijalar “dahshatli” ekan...

Fayzullaev bo‘lmaganida ahvol yana ham og‘irlashardi!

Fayzullaevning haqiqiy mahoratini bahorda ko‘rasizlar!

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Хайрулло Алимжонов
21/12/2023 10:54
Харакат яхши яна устида ишлаш керак. Зўр бўлади.