
Fayzullaev bo‘lmaganida ahvol yana ham og‘irlashardi!
Rossiya Premer-ligasida qishki tanaffus e’lon qilingan. Mutaxassislar chempionatning birinchi qismini tahlil qilmoqda. Ularning aksariyati Abbosbek Fayzullaevning TsSKAga transferini muvaffqiyatli chiqqaniga e’tibor qaratyapti.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga rossiyalik ekspertlarning Abbosbek Fayzullaev haqidagi fikrlarini havola qilishni davom ettiradi.
Vladimir Ponomarev, TsSKAning sobiq futbolchisi:
Agar qog‘ozga qarab baho beradigan bo‘lsa, musobaqa jadvalidagi sakkizinchi o‘rni TsSKA uchun juda fojiali natija.
Amalda esa, Vladimir Fyodotov jamoasi kuchli uchlikka kirish uchun kurashish imkoniyatiga ega. Chunki peshqadamlar bilan ochkolar orasidagi farq unchalik katta emas. Xavotirli jihati zaxira o‘rindig‘ining kaltaligidir. Har bir uchrashuvda bir xil tarkib o‘ynayapti, o‘yinchi almashtirish ham minimum darajada.
Abbosbek Fayzullaev kelishi bilan porlay boshlagani TsSKAning omadi. Har qanday yosh o‘yinchiga ham keliboq, klubning eng yaxshi o‘yinchilar qatoriga yorib kirish nasib qilavermaydi. Abbosbek buni uddaladi.
Agar Abbosbek Fayzullaev bo‘lmaganida jamoaning musobaqa jadvalidagi ahvoli bundan ham battar bo‘lardi.
Andrey Kanchelskis, “Manchester Yunayted” sobiq futbolchisi, “Navbahor”ning sobiq bosh murabbiyi:
Chempionatning birinchi qismida shov-shuvli sensatsiyalar bo‘lgani yo‘q. “Zenit” kutilganidan bo‘shroq o‘ynadi, “Krasnodar” esa, sal yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdi. “Spartak” muxlislarini o‘rgatib qo‘yganidek ketmoqda, yorqin start va uyog‘iga pasayish.
Ligada qatnashayotgan futbolchilardan e’tiborimni Abbosbek Fayzullaev tortdi. U Rossiya Premer-ligasida porlayapti. Shuning uchun ham aynan o‘zbek legionerini chempionatning birinchi qismi kashfiyoti, deb atashimiz mumkin.
Oleg Ivanov, Rossiya terma jamoasi sobiq futbolchisi:
Liganing yangi o‘yinchilaridan menga Abbosbek Fayzullaev ham yoqdi. Juda qiziqarli o‘yinchi ekan. Unga ozgina jismoniy quvvat etishmayapti, mushaklarini chiniqtirish va o‘stirish ustida ishlashi kerak.
Lekin aqlli futbolchi ekan, to‘p bilan zo‘r ishlayapti, har doim hujumni kuchaytirishga e’tibor qaratyapti.
Rossiya Premer-ligasining eng asosiy kashfiyoti sifatida aynan Abbosbek Fayzullaevni tanlash kerak.
Evgeniy Aldonin, TsSKAning sobiq futbolchisi:
Menda eng katta taassurot qoldirgan o‘yinchi Abbosbek Fayzullaev bo‘ldi. Hozir faqatgina TsSKA miqyosida gapirmayapman, balki butun chempionatni nazarda tutyapman. Jismoniy ko‘rsatkichlari biroz kamtarroq bo‘lishiga qaramay, texnikasi hayratlanarli darajada zo‘r.
Abbosbek Fayzullaev avgust oyida “Paxtakor”dan TsSKAga 500 ming evro evaziga ko‘chib o‘tgandi. To‘rt oy ichida uning transfer summasi bir necha baravar oshib, ayni paytda 4 million evroga etdi.
Fikrlar