Shomurodov bizga kerakmi?

Eldor Shomurodov keyingi paytda yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun jiddiy kurash olib borayotgan “Kalyari” xaloskoriga aylanib bormoqda.

Aslida legionerimiz huquqiy jihatdan “Roma”dan tegishli ekanini hammamiz yaxshi bilamiz.

Sardiniyaliklar uni 1 million evro to‘lab, bir mavsumga ijaraga olgan. “Kalyari”da yana to‘qqiz million evro evaziga Shomurodovni to‘liq transfer qilish huquqi ham bor.

Eldor Sardiniyaga kelganidan keyin anchagacha o‘zini ko‘rsata olmadi. Klub rahbariyati qishki transferlar vaqtida hujumchimizdan voz kechmoqchi ham bo‘ldi.

Biroq selektsiya xizmati yangi hujumchi topa olmagani, tarkibdagi oldingi chiziq vakillarining aksariyatida jarohat kuzatilayotgani bois, bosh murabbiy Klaudio Raneri o‘zbek futbolchisini ketishiga ruxsat bermadi.

Tajribali murabbiyning bu qarori qisqa fursatda o‘zini oqladi. Jarohatidan tuzalib maydonga qaytgan Eldor jamoasiga katta foyda keltiryapti va “Kalyari”ning 13-o‘ringa ko‘tarilib olishiga xizmati singdi.

“Kalyari” faoliyatini muntazam yoritib kelayotgan calciocasteddu.it sayti jamoa muxlislari o‘rtasida maxsus so‘rov o‘tkazdi. Ushbu nashr muxlislar hukmiga “Shomurodov transferini to‘liq sotib olishga loyiqmi?”, degan savolni tashladi.

So‘rov hali davom etmoqda. Hozirgi natijalar Eldor Shomurodov muxlislar ishonchini va simpatiyasini qozonib bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

So‘rovnomada ishtirok etayotganlarning 75 foizi o‘zbek hujumchisini jamoada olib qolish kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatlamoqda. Qolganlari esa, legionerning o‘yinini mavsum oxirigacha kuzatish lozim, degan qarashga ega.

Eldor Shomurodov joriy mavsumda A Seriyada jami 16 ta uchrashuv o‘tkazib, ikkita gol va uchta assist muallifi bo‘ldi. Legionerimiz umumiy hisobda maydonda 555 daqiqa o‘ynagan.

“Kalyari” navbatdagi uchrashuvni 14 aprel kuni Milan shahrida chempionat peshqadami “Inter”ga qarshi o‘tkazadi. Eldor Shomurodov bu uchrashuvda ham boshlang‘ich tarkibga kiritilishi kutilyapti.

“Bavariya” masalasi yana ko‘tarildi. Fayzullaev va TsSKA munosabat bildirdi!

Ana xolos: Ukrainada to‘purar legionerimizni esga olishdi

Fayzullaev chempionlik, “Bavariya” va Evropaga ketish haqida gapirdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!